Tramp ta’lim vazirligini yopmoqda: demokratlar sudga ariza topshirdi
Donald Tramp AQSh Ta’lim vazirligini “firibgarlik uyi” deb atab, uni yopishga qaror qildi. Prezident bu haqidagi farmonni 20 mart kuni imzolaydi. Reuters’ga ko‘ra, Oq uy bu farmonni uzoq kutilgan deya ta’riflamoqda. Farmon imzolanishidan avval bir guruh demokrat prokurorlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ular Trampning bu ishi ortidan ta’lim vazirligi xodimlari ishsiz qolib ketishi va buni to‘xtatib turishni so‘rab sudga murojaat qilgan.
AQShdagi yirik jamoatchilik tashkilotlaridan biri, rang-barang avlod odamlarini rivojlantirish milliy assotsiatsiyasi NAACP ham prezident farmonini konstitutsiyaga zid demoqda. Bu tashkilot asosan qora tanlilar huquqlarini himoya qiladi.
Tashkilot prezidenti Derrik Jonson bu farmon imzolanadigan 20 mart sanasini xalq uchun og‘ir va qorong‘i kun, deya atadi.
"Sifatli ta’lim federal moliyalashtirishga bog‘liq. Trampga ovoz bergan millionlab amerikalik bolalar, shu jumladan, kambag‘al va qishloq joylardagi ota-onalar uchun bugun qorong‘i kundir”, deydi u.
Hozirgacha Tramp va uning milliarder maslahatchisi Ilon Mask Kongress fikri va ruxsatisiz AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi (USAID) kabi davlat dasturlari va institutlarini yopdi. Lekin ta’lim vazirligining yopilishi Vazirlar Mahkamasi darajasidagi birinchi yirik qisqartirishga aylanmoqda.
Reuters’ga ko‘ra, Tramp ta’lim vazirligini Kongress qonunlarisiz yopa olmaydi, bu qiyin bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, Tramp respublikachilari Senatda 53-47 ko‘pchilik ovozga ega, ammo Vazirlar Mahkamasi darajasidagi agentlikni bekor qiluvchi qonun loyihasi kabi asosiy qonunlar o‘tishi uchun kamida 60 ovoz va shu tariqa yetti nafar demokratning ham qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi.
Senatdagi demokratlar esa aksincha, ta’lim departamentini tugatishni qo‘llab-quvvatlamaydi.
"Tramp va Mask Ta’lim vazirligini vayron qiluvchi to‘pni olib borishyapti va departamentning yarim ishchilarini ishdan haydashyapti. Bu shunchaki federal tizimni yo‘q qilish, yoqish va kesib tashlash”, deydi demokrat senator Patti Myurrey.
Farmon amaldagi ta’lim vaziri Linda MakMahonga amerikaliklar tayanadigan xizmatlar, dasturlar va imtiyozlarni samarali va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlashda davom etish bilan birga, ta’lim departamentini yopish, undagi vakolatlarni esa shtatlarga qaytarish topshirig‘ini belgilamoqda.
Oq uyning xulosasiga ko‘ra, ta’lim vazirligining qolgan mablag‘larini oladigan har qanday dastur yoki tadbirlar gender, inklyuzivlik mafkurasini ilgari surmasligi kerak. Tramp hozirgacha bir necha bor ta’lim departamentini yo‘q qilishga chaqirib, vazirlik “katta firibgarlik” uyi deb atagan. U prezident sifatidagi birinchi muddatida ham uni yopishni taklif qildi, ammo kongress bunga yo‘l qo‘ymagandi.
"Federal hukumatning ta’lim ustidan nazorati o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilarni muvaffaqiyatsizlikka uchratdi", deydi Oq uy o‘z xulosasida. Hisobotda kelishicha, departament 1979 yilda tashkil etilganidan beri 3 trillion dollarni havoga uchirgan, talabalarning standartlashtirilgan test ballari bilan o‘lchanadigan yutuqlarini yaxshilolmagan.
Departament tashkil etilishidan oldin, 1953 yildan 1979 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan AQSh Sog‘liqni saqlash, ta’lim va farovonlik departamenti tarkibiga kirgan edi.
Hozirgi vazir MakMaxon seshanba kuni mediada chiqish qilarkan, ma’muriyatning maqsadi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va davlat darajasida ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni rag‘batlantirish ekanini aytdi.
Departament himoyachilari xalq ta’limi standartlarini yuqori darajada ushlab turish juda muhimligini ta’kidlab, respublikachilarni daromad olish maqsadida ta’lim bilan olishishda aybladi.
Rostdan ham departamentning darhol yopilishi davlat maktablariga o‘nlab milliard dollarlik yordam va kollej talabalari o‘qishi uchun yordamni to‘xtatib qo‘yadi. Vazir Mak Mahon Trampning bu rejasini oqlamoqda, kam ta’minlanganlar maktabi va talabalarga yordam berish uchun Kongress tomonidan ajratiladigan federal maktabni moliyalashtirish loyihasi davom etishiga ishontirmoqda.
Departament Qo‘shma Shtatlardagi 100 000 ga yaqin davlat va 34 000 xususiy maktablarni nazorat qilardi, yaxshiyam davlat maktablarini moliyalashtirishning 85 foizdan ortig‘i shtat va mahalliy hukumatlar tomonidan amalga oshiriladi.
Departament shuningdek, universitet uchun to‘lovni to‘lay olmaydigan o‘n millionlab amerikaliklarning 1,6 trillion dollarlik talaba kreditlarini nazorat qilardi.
Eslatib o‘tamiz, Bayden va Harrislar saylov oldidan qator amerikaliklarning o‘qish uchun kreditlaridan voz kechgandi.
Departament 1300 dan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatish rejasini e’lon qilarkan o‘tgan hafta 20 shtat va Kolumbiya okrugi bosh prokurorlari Boston federal sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.
Vazirlikni jami 2,183 ishchilar tark etishi kerak, garchi Tramp yanvar oyida lavozimga kirishgan paytdagi 4,133 nafar ta’lim departamenti xodimlarini ishdan haydashini aytgandi.
Sudga kiritilgan da’voga ko‘ra, ish o‘rinlarining bunday qisqartirilishi ta’lim vazirligini butunlay falajlaydi, oqibatda departament o‘z funksiyalarini bajarolmay qoladi. Bu esa AQSh konstitutsiyasiga zid, Kongress vakolatlari cheklanmoqda.
Chunki vazir MakMahonga qonuniy funksiyalarni yo‘q qilish yoki buzishga ruxsat berilmagan, u qonun bilan belgilangan ruxsatdan tashqari vazirlikning mas’uliyatini boshqa agentlik yoki tashkilotga o‘tkaza olmaydi, deyiladi da’vo arizasida.