Jahon | 20:53 / 18.03.2025
10908
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp: «Ukrainaga bosim o‘tkazishga majbur bo‘lgandik»

17 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi Kennedi markaziga borib, jurnalistlar bilan gaplashdi. Bu o‘ziga xos siyosiy piar bo‘lib, unda shunchaki Tramp AQShning 35-prezidenti Jon Fidjyereld Kennedi o‘ldirilishiga oid yangi hujjatlar ochiqlanishini e’lon qilishi kerak edi.

Chindan shunday bo‘ldi. Tramp Jon Kennedi, uning akasi Robert Kennedi va huquq himoyachisi Martin Lyuter King o‘ldirilishiga oid yangi 80 ming sahifa hujjatlar e’lon qilinishini bildirdi. Tramp saylov kampaniyasi doirasida bu hujjatlarni ochiqlashga va’da bergandi.

Ekspert-tahlilchilar Kennedi o‘ldirilishiga oid hujjatlarni o‘rganish uchun startda turishibdi. Ular nimadir qiziq narsa aniqlashsa, bu haqda alohida gaplasharmiz. Hozir esa boshqa narsaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Tramp Kennedi markaziga tashrif doirasida jurnalistlar bilan muloqot qildi. Unda AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbi Putin bilan bo‘lajak suhbati va Ukrainadagi urush haqida qiziq gaplarni aytdi.

Xususan, Tramp Oq uydagi Zelenskiy bilan tortishuv haqida gapirdi. OAVda Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazish uning strategiyasi bo‘lganini aytdi, degan qiziq xabar tarqaldi. Shu xabar qanchalik asosli ekanini aniqlash uchun Trampning matbuot anjumanini diqqat bilan o‘rgandik. Shu o‘rinda fondagi qandaydir shovqin sabab videoda ovoz juda yomon yozilgani, jurnalistlarning ovozi deyarli eshitilmaganini ta’kidlash kerak.

«Bosim o‘tkazishga majbur edik»

Hozirdan aytib qo‘yay, Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazish mening strategiyam edi, deb aytgani yo‘q. Qayerdadir shunday xabarga ko‘zingiz tushsa, bilingki, bu – feyk. Tramp chindan mana shunga o‘xshash mazmunda gapirgani rost, lekin AQSh prezidenti aytmagan gapni uning og‘zidan chiqdi deb e’lon qilish yaramaydi.

Demak, gap nimadan boshlandi? Jurnalistlardan biri Trampga Ukraina AQSh harbiy va razvedka yordamini to‘xtatgani ortidan Kurskdan chiqib ketmadimi, deb so‘radi. Tramp esa bunday emasligini aytib, keyin birdan Oq uydagi janjalni esladi: «Biz Ukrainani to‘g‘ri harakat qilishga undashimiz kerak bo‘ldi, chunki vaziyat juda og‘ir edi. Oval kabinetda biroz tortishuv bo‘lganini ko‘rdingiz, lekin menimcha, Ukraina o‘shandan keyin to‘g‘ri harakat qila boshladi. Endi biz avvaliga o‘t ochishni to‘xtatish, keyin tinchlik kelishuviga erishmoqchimiz».

Ya’ni Tramp Ukrainaga bosim qilishga majbur bo‘lgani, shu tariqa Kiyev sulhga rozi bo‘lganini aytdi. Lekin Zelenskiy bilan janjallashish uning strategiyasi bo‘lgani haqida gapirgani yo‘q. Esingizda bo‘lsa, 28 fevral kuni sodir bo‘lgan o‘sha janjaldan keyin vitse-prezident Vens Zelenskiy bilan tortishuvni atay uyushtirgani haqida xabarlar chiqqan, bir qator siyosatchilar ham shunga ishora qilgandi.

Yana qurshov haqida

Bu gal ham Donald Tramp ukrain qo‘shini Kurskda qurshovda qolgani haqida gapirdi. Vaholanki, Kiyev Kurskdan hech qanday guruhi qurshovda emasligi, bu Moskva tarqatayotgan feyk ekani haqida bayonot bergandi.

«Ertaga ertalab qiyin ahvoldagi askarlarni qutqarish uchun prezident Putin bilan gaplashaman. Ular Rossiya harbiylari tomonidan qurshab olingan. Bu haqda alohida matbuot anjumani o‘tkazib ko‘p gaplarni aytib beraman, chunki bu juda katta kelishuv bo‘ldi», dedi Tramp. Shuningdek, AQSh prezidenti men bo‘lmasam Kurskda ukrain qo‘shinlari allaqachon o‘lib ketgan bo‘lardi, deb qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp va Vladimir Putin bugun, Toshkent vaqti bilan soat 20:00 atrofida telefon orqali muloqot qilishi kutilmoqda. Biz bu suhbat tafsilotlari haqida video e’lon qilamiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid