O‘zbekiston | 08:04
1313
2 daqiqa o‘qiladi

7,3 mlrd so‘mlik noruda foydali qazilmalarni qazib olish holatlari aniqlandi

Samarqand va Buxoro viloyatlarida noruda foydali qazilmalarni o‘zboshimchalik bilan qazib olish holatlari fosh etildi. 

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qilishicha, Qo‘shrabot tumanida “Sh.B.” MChJ rahbari A.X. va boshqalar “Shova” MFY hududidan o‘tuvchi soy bo‘yidan noruda foydali qazilma hisoblangan qum-shag‘al aralashmasini korxona maxsus texnikalari yordamida qazib olgan. Ularning MChJ ishlab chiqarish sexiga yetkazib berayotganliklari aniqlanib, 3 dona maxsus texnikalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MChJ mas’ul shaxslari jami 35,8 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olgani aniqlandi. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 3,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Buxoro tumanidagi gips koni hududidan “S.m.”, “W.g.”, “A-G.”, “K.Z.” va “B.G.” MChJ mas’ul shaxslari jami 33,5 ming kub hajmdagi gips toshlarini o‘zboshimchalik bilan qazib olgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 3,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi  (o‘zboshimchalik) va 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid