Jahon | 08:20
6968
3 daqiqa o‘qiladi

NBC: Tramp Rossiyaning iltimosiga ko‘ra Kellogni muzokaralardan chetlashtirdi

Donald Tramp o‘zining maxsus vakili Kit Kellogni «ukrainparast» pozitsiyasi tufayli Moskva iltimosiga binoan Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chetlashtirdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogni Moskva iltimosiga binoan urushni hal qilish bo‘yicha oliy darajadagi muzokaralardan chetlatdi, deb xabar berdi NBC News 13 mart, payshanba kuni manbalarga tayanib. Jurnalistlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni juda «ukrainaparast» deb hisoblagan.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Kellog Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan so‘nggi muzokaralarda ishtirok etmagan, garchi ular «uning vakolatiga kirgan». «Kellog Ukrainaga juda yaqin bo‘lgan sobiq amerikalik general. U bizning odamimiz emas, biz izlayotgan kalibr ham emas», — deb NBC rossiyalik mulozimlardan iqtibos keltirgan.

Kellog: AQSh Rossiya bilan munosabatlarni qaytadan boshlamoqchi

Vashington Moskva bilan munosabatlarini tiklashi kerak, chunki Ukrainada davom etayotgan urush sharoitida yakkalanish siyosati endi samara bermayapti. Bu haqda 6 mart kuni AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.

Kellog Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash istagini AQSh milliy manfaatlarini himoya qilish va AQShning «cheksiz proksi-urush»ga tortilishining oldini olish istagi bilan izohladi.

«Demak, siz hozir ko‘rayotgan va guvoh bo‘layotgan narsa Tramp ma’muriyatining tinchlik kelishuviga erishish uchun ikkala tomonni stolga tortishga qaratilgan shoshilinch sa’y-harakatlaridir», dedi Kellog va Oq uy urushni tugatish uchun har ikki tomonga bosim o‘tkazishini qo‘shimcha qildi.

Rossiyaga nisbatan bunday bosimga misol sifatida Trampning maxsus vakili AQShning Rossiya Federatsiyasining «soyadagi floti»ga qarshi sanksiyalarini keltirdi. Tramp Rossiyaga bosimni kuchaytirish uchun qo‘llashi mumkin bo‘lgan boshqa strategiyalar orasida Ukrainani qayta tiklashga yordam berish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlarini tortib olish va Rossiya energetikasiga maksimal bosim o‘tkazish bor, dedi Kellog.

Mavzuga oid