«Bu muzokara emas, tovlamachilik». AQSh Ukrainaga tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvning uchta variantini taklif qilgan
Oxirgisi – «halokatli», deb yozadi The Economist.

Sergei Supinsky / AFP / Scanpix / LETA
Foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlanganidan beri Vashington Kiyevga bitimning uchta variantini taklif qildi: «yomon», «[taklif etilganlardan] eng yaxshisi», shuningdek, «halokatli», deyiladi The Economist jurnali maqolasida. Nashr kelishuvni «Ukraina rad eta olmaydigan taklif» deb atagan.
The Economist jurnalistlarining Ukrainadagi manbalariga ko‘ra, bitim g‘oyasi Ukraina tomonida 2024 yil sentabr oyida paydo bo‘lgan. O‘shanda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kelajakda xavfsizlikni ta’minlashda yordam berish va NATOga taklif qilish evaziga AQShga foydali qazilmalarni qazib olish huquqi berilishini taklif qilgandi. Ammo AQSh prezidenti Donald Tramp bu g‘oyaning oyog‘ini osmondan qilib, Vashington allaqachon Kiyevga ko‘rsatgan yordam evaziga kompensatsiya sifatida Ukraina resurslari va infratuzilmasini talab qilmoqda.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar boshlanganidan beri Ukraina rasmiylari AQShdan bir-birining o‘rniga kelgan uchta muzokarachilar guruhi bilan uchrashgan, ularning har biri kelishuv bo‘yicha o‘z versiyasini ilgari surgan.
Xususan, 12 fevral kuni AQSh Moliya vazirligi rahbari Skott Bessent Zelenskiyga bitimning birinchi, «yomon» variantini taqdim etdi. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, amerikalik vazir Ukraina prezidentidan «hozirning o‘zida» tabiiy resurslar hisobidan AQShga 500 milliard dollar tovon to‘lash sharti bilan kelishuv imzolashni talab qilgan. Nashr maqolasida aytilishicha, Zelenskiy Bessent bilan muzokaralar vaqtida «qattiq g‘azablangan».
Kelishuvning ikkinchi varianti – «[taklif etilganlardan] eng yaxshisi»ni – Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina tomoniga taqdim etgan. The Economist ma’lumotiga ko‘ra, birinchi versiya singari ikkinchisida ham AQSh tomonidan qazib olingan resurslarni himoya qilish bandidan tashqari, Ukrainaga mudofaa sohasida yordam berish va’dalari yo‘q edi. Ammo, Ukraina hukumatidagi manbaning ta’kidlashicha, ikkinchi versiyada «buni xayoliy qarzni to‘lash sifatida ko‘rsatishga aniq urinish bo‘lmagan».
Ikkinchi variantga javoban Ukraina qarshi taklif bilan chiqqan, The Economist materialida uning mohiyati ochib berilmagan. Biroq, 20 fevral kuni Kiyev kelishuvning uchinchi, «halokatli» versiyasidan «hayratda qoladi», bu variant AQSh savdo vaziri Hovard Latnik tomonidan ishlab chiqilgan. «Ukrainaga avvalgi barcha muzokaralarni unutish va kichik foyda evaziga resurslarni topshirish fikriga ko‘nikish kerakligi aytildi. Rozi bo‘ling yoki keting – va urushda mag‘lub bo‘ling», – deb yozadi The Economist.
Bu versiyaga ko‘ra, AQSh Ukrainadan tabiiy resurslar va infratuzilma, jumladan, portlardan keladigan kelajakdagi davlat daromadlarining 50 foizini AQSh hukumatiga tegishli yangi investitsiya fondiga o‘tkazishni talab qilmoqda. Ushbu fondga badallar fondning jami summasi 500 milliard dollarga yetgunga qadar davom etadi. «[Bu summa] Trampning urush boshlanganidan beri Amerika Ukrainaga yordam berish uchun qancha sarflagani haqidagi juda bo‘rttirilgan bayonotlariga mos keladi. Davlat daromadlarining hozirgi darajasida bu yuzlab yillar davom etadi», – deya ta’kidlaydi The Economist. Nashr bilan suhbatlashgan ukrainalik mulozimlardan biri shunday dedi: «Agar biz buni hozirgi ko‘rinishda imzolasak, ertaga bizni ofisdan haydab chiqarishadi va g‘azablangan olomon bizni toshbo‘ron qiladi».
Nashrning Ukrainadagi manbalari kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini rad etmoqda. Biroq, ularning so‘zlariga ko‘ra, uchta muzokara guruhidan qaysi biri bilan gaplashish kerakligi har doim ham aniq emas. AQSh Moliya vazirligi muzokaralar uchun mas’ulligini ta’kidladi, hatto Kiyevga Latnik kelishuvining versiyasi taqdim etilganida ham. Umuman olganda, Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Ukraina vakillarining Tramp jamoasi bilan uchrashuvlari shu qadar chalkashib ketganki, ular AQSh prezidenti bilan muzokaralar olib borish uslubi haqida ma’lumot izlab, hujjatli filmlarni tomosha qila boshlagan.
Shu bilan birga, ukrainlar so‘nggi taklifni qabul qilishsa, bu Vens bilan orani yomonlashtirishidan xavotirda. Ular AQSh vitse-prezidenti va Trampning maxsus vakili Kellog taqdim etgan «adolatliroq» bitim loyihasiga qaytishni afzal ko‘rishadi. «O‘shanda bizda haqiqiy, samarali muzokaralar bo‘lib o‘tgan va biz kelishuv tomon harakat qilgandik», – degan jurnalistlarning ukrainalik suhbatdoshlari.
The Economist nashrining ukrain manbalariga ko‘ra, kelishuvning «halokatli» versiyasi Kiyevga bitimning oldingi variantlarini rad etgani uchun «jazo sifatida» taklif qilingan. «U [Tramp] Vens va Kellog bilan kelisha olmaganimizni ko‘rishi bilanoq, hissiyotga berilmaydigan, faqat raqamlar bilan ishlaydigan juda yuqori martabali yigitni yubordi», – dedi jurnalistlarning Ukrainadagi suhbatdoshlaridan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoniga homiylik ohangida yashirin tahdidlar bildirilgan: «Amerikaliklar shunday deyishdi: bu do‘stona kelishuv. Biz sizga g‘amxo‘rlik qilamiz, axir siz muammolarni xohlamaysiz».
Ukraina va AQSh o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralardagi yana bir muammo shundaki, qo‘shma investitsiya fondining maqsadlari hali ham aniq emas, deb yozadi The Economist. Birinchi versiyada fond faqat Ukraina resurslarni qazib olishdan olingan davlat daromadlariga da’vo qiladi va mamlakatning urushdan keyingi uzoq muddatli tiklanishini moliyalashtiradi. Bitimning uchinchi qoralama nusxasida esa, AQSh aktivlarga ham, investitsiyalarga ham egalik qilish huquqini qo‘lga kiritmoqchi ekani ko‘rsatilgan, bu esa investitsiya kelishuvidan ko‘ra ko‘proq egallab olishga o‘xshaydi.
23 fevral kuni Zelenskiy Ukraina AQShdan 500 milliard dollar qarzdor bo‘lishi haqidagi kelishuvni imzolamasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Vashingtonning Kiyevga yordamini qarz deb hisoblamaydi. Ukraina prezidenti, shuningdek, tomonlar AQSh bilan muzokaralarda oldinga siljiyotgani va kelishuv 500 milliardlik shartni o‘z ichiga olmasligini ta’kidladi.
The Economist ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv parametrlari muhokamasi davom etmoqda. Ukraina rasmiylaridan biri nashr bilan suhbatda bu «muzokaralar emas, balki tovlamachilik» ekanini ta’kidladi. Boshqa bir mulozim esa ularni «qo‘pol» deb atadi, lekin shunday qo‘shimcha qildi: «Bu bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa emas». «Keyinchalik sodir bo‘ladiganlarning barchasi bundan yomonroq bo‘ladi», – degan manba.
Kiyevda kelishuv loyihasini imzolashdan yana bir bor bosh tortishganiga javoban AQSh Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qilishga, Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan uzib qo‘yishga yoki Vladimir Putin bilan ikki tomonlama muzokaralarni tezlashtirishga urinishi mumkinligidan xavotirlar kuchaymoqda.
Ukraina va AQSh tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichida, dedi 24 fevral kuni Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishina. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar «juda konstruktiv bo‘lgan» va «deyarli barcha asosiy jihatlar allaqachon kelishib olingan». «Biz kelishuv imzolashga o‘tish uchun ularni imkon qadar tezroq yakunlashga harakat qilmoqdamiz. Umid qilamizki, AQSh va Ukraina yetakchilari uni Vashingtonda imkon qadar tezroq imzolab, tasdiqlab, o‘nlab yillar oldindagi majburiyatlarimizni namoyish etishadi», – deya qo‘shimcha qildi Stefanishina.
Mavzuga oid

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida

20:41 / 07.03.2025