O‘zbekiston | 21:10 / 14.03.2025
1396
6 daqiqa o‘qiladi

14 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

«Open budjet» uchun pul yig‘gan direktorga jazo, 9,5 yilga qamalgan haydovchi, bo‘laklab olib kirilgan samosval va sud jarayonlarida masofadan turib ishtirok etish — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘qituvchilardan pul yig‘ishga uringan maktab direktori jazolandi

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi maktablardan birining direktori o‘z qo‘l ostidagi o‘qituvchilardan majburiy ravishda pul yig‘ishga uringani uchun lavozimidan ozod etildi. U o‘qituvchilarning maoshidan «Tashabbusli budjet»da ovoz yig‘ish maqsadida 700 ming so‘mdan ushlab qolmoqchi bo‘lgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga ko‘ra, o‘qituvchilarni turli tadbirlarga majburiy jalb qilish va maoshlaridan pul ushlab qolish qat’iyan man etiladi. U mazkur holatni «eskicha fikrlash» deb baholab, bunday holatlar bilan murosa qilinmasligini ta’kidladi.

«Tashabbusli budjet» loyihasi shaffoflik va fuqarolar ishtiroki uchun joriy etilgani ta’kidlanib, uni majburiy ovoz yig‘ish orqali buzish mumkin emasligi aytildi.

Surxondaryoda 3 kishini urib yuborgan haydovchi qamaldi

Yo‘l chetida to‘xtab benzin quyayotgan 3 kishini urib yuborgan Isuzu haydovchisi 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u hodisa joyidan qochib ketgan.

Hodisa 2024 yil 7 oktyabrda Boysun tumanida sodir bo‘lgan. 59 yoshli haydovchi Isuzu yuk mashinasi bilan yo‘l chetida turgan Captiva va uning yonidagi odamlarni urib yuborgan. Oqibatda 3 kishi og‘ir tan jarohati olib, halok bo‘lgan.

Haydovchi esa hech qanday yordam ko‘rsatmasdan, hodisa joyidan qochib ketgan. So‘ngra u Jizzaxda qo‘lga olingan.

Sud uni 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etgan holda 9 yil-u 6 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qildi.

Yuk mashinasi bo‘laklarga bo‘lingan holda olib kirildi

Bojxonachilar tayyor samosval yuk mashinasini ehtiyot qismlar sifatida rasmiylashtirishga urinish holatini fosh qildi. Yuk hujjatlarida 11 turdagi ehtiyot qismlar deb ko‘rsatilgan tovar aslida butun bir samosval ekani aniqlangan.

«Sirg‘ali» bojxona postidagi tekshiruvlar natijasida bu orqali yuk egasi 800 mln so‘mlik bojxona to‘lovidan qochishni rejalashtirgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘mitaning videotasvirlarida bojxona ombori hududida qismlardan samosval yig‘ilgani va harakatlana boshlagani aks etgan.

Iqtisodchilarning fikricha, bu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun joriy etilgan yuqori boj to‘lovlarining oqibati bo‘lishi mumkin. Transport vositalarini ehtiyot qismlar sifatida olib kirish orqali bojdan qochish holatlari avj olgani ta’kidlanmoqda.

Sud jarayonlarida masofaviy ishtirok etish mumkin

Prezident sud muhokamalarida fuqarolarning masofadan ishtirok etishini ta’minlashga oid qonunni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud majlislarida videokonferens-aloqa orqali qatnashish mumkin.

Shu maqsadda ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘z yashash joyi yoki joylashgan hududiga yaqin sud binosidan turib onlayn qatnashishi mumkin. Shuningdek, sudlar mobil videokonferens-aloqa tizimidan ham foydalanadi.

Tegishli sud organlari masofaviy qatnashuvchilarning shaxsini aniqlab, qatnashgan-qatnashmaganini tekshiradi. Bu tartib Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan.

Tadbirkorlar uchun kommunal to‘lovlarni onlayn to‘lash imkoniyati

Yuridik shaxslarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni mobil ilovalar orqali onlayn to‘lashga ruxsat berildi. To‘lovlar milliy valutadagi korporativ bank kartalari orqali amalga oshirilishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi raisi imzolagan buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjatga muvofiq, yuridik shaxslar endi bank mobil ilovalari orqali to‘lovlarni tez va qulay tarzda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 1 iyuldan boshlab budjet tashkilotlari va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar elektron to‘lov tizimlariga ulanishi shartligi belgilandi. Elektron to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortgan tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

«Zarafshon» bog‘i va qo‘riqxonalar kengaytirildi

O‘zbekistonda «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i hamda «Nurota» va «Surxon» davlat qo‘riqxonalari hududlari kengaytirildi. Vazirlar Mahkamasining 10 martdagi qarori bilan uch muhofaza etiladigan tabiiy hududga 7 ming gektardan ortiq yer qo‘shildi.

«Nurota» davlat qo‘riqxonasi 4,2 ming gektarga kengayib, umumiy maydoni 22 ming gektarga yetdi. «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i hududi esa 2,8 ming gektarga kengayib, 5,2 ming gektarga yetdi. «Surxon» davlat qo‘riqxonasi 249 gektarga oshirildi va 24 ming gektarni tashkil etdi.

«Nurota» va «Surxon» qo‘riqxonalari atrofida qo‘riqlanma zonalar tashkil etilib, ular 17,1 ming va 16,4 ming gektar yerni qamrab oldi. Tabiatni muhofaza qilish departamentiga ko‘ra, ushbu qaror noyob o‘simliklar va hayvonlarni saqlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid