Ar-Riyod Ukrainani qayta tiklashga sarmoya kiritishi mumkin
Saudiya Arabistoni urushdan keyin Ukrainani qayta tiklashga sarmoya kiritishi mumkin. Bunday kelishuvlarga Volodimir Zelenskiy va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning Jiddadagi uchrashuvida erishilgan.

Foto: president.gov.ua
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Jiddada muzokara o‘tkazdi va sarmoyaviy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda 11 mart, seshanba kuni Ukraina prezidenti va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi saytlarida xabar berildi.
«Ukraina savdo-iqtisodiy va energetika sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan, shuningdek, Saudiya Arabistonining sarmoyalari va mamlakatimizni tiklashdagi ishtirokidan manfaatdor. Valiahd shahzoda Ukrainaga va uning kelajagiga sarmoya kiritish niyatini tasdiqladi», deb yozadi Ukraina tomoni.
Saudiya tomonining ta’kidlashicha, yetakchilar energetika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilma kabi sohalarda «istiqbolli sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali sarmoyaviy munosabatlarni mustahkamlashga qat’iyliklarini yana bir bor tasdiqladilar». Zelenskiy va bin Salmon, shuningdek, «neft, gaz, ularning ishlab chiqarilishi va neft-kimyo sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish istagini bildirdi», deya qo‘shimcha qildi Ar-Riyod.
Zelenskiy: Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi
Ukraina AQShning 30 kunlik otashkesim o‘rnatish taklifiga rozi bo‘ldi, endi Vashington Rossiyani ishontirishi kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 mart kuni kechki nutqida Kiyev va Vashington vakillari o‘rtasidagi muzokaralar natijalarini sharhlar ekan, aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda Kiyev uchta taklifni ilgari surgan: «osmonda sukunat», «dengizda sukunat» va «asirlarni ozod qilish». Bunga javoban, Zelenskiy ta’kidlaganidek, Amerika tomoni oldinga birinchi qadamni qo‘yishni taklif qildi va 30 kun davomida suvda, havoda va butun front chizig‘i bo‘ylab to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishga harakat qiladi. «Ukraina bu taklifni qabul qilmoqda, biz buni ijobiy deb hisoblaymiz, biz shunday qadam tashlashga tayyormiz. AQSh Rossiyani bunga ishontirishi kerak. Ya’ni, biz rozimiz, agar ruslar rozi bo‘lsa sukunat hukm suradi», — dedi Ukraina prezidenti.