Jahon | 20:30 / 11.03.2025
14113
3 daqiqa o‘qiladi

Putin muzokaralarda yon berish niyatida emas - g‘arb maxsus xizmatlari

Ta’kidlanishicha, Rossiya prezidenti «o‘zi xohlagan narsaga erishmasa, jangni davom ettirishga tayyor».

Foto: Getty images

G‘arb maxsus xizmatlari vakillarining Bloomberg agentligiga ma’lum qilishicha, Vladimir Putin Rossiya—Ukraina urushini hal etishga bag‘ishlangan muzokaralarda yon bermoqchi emas.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Putin bosib olingan hududlar, Yevropa tinchlikparvar kuchlarining joylashtirilishi va Ukraina neytraliteti masalalarida murosaga borishga tayyor emas.

Maxsus xizmatlar vakillarining ta’kidlashicha, Putin o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralari oldidan «maksimalistik» talablarni ilgari surgan va u ushbu talablar Ukraina va Yevropaga ma’qul kelmasligini «biladi». Agentlik suhbatdoshlarining ma’lum qilishicha, Putin «o‘zi xohlagan narsaga erishmasa, jangni davom ettirishga tayyor».

Bloombergʼning qayd etishicha, g‘arb maxsus xizmatlarining pozitsiyasi Putin tinchlikni xohlashi haqida aytgan AQSh prezidenti Donald Trampnikidan farq qiladi. «To‘g‘risini aytganda, Ukraina bilan menga ish olib borish qiyin va ularning qo‘lida qarta yo‘q», — degandi Tramp 7 mart kuni jurnalistlarga.

RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya pozitsiyasi borasida g‘arb maxsus xizmatlari tomonidan taqdim etilgan tavsiflar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar boshlanishi uchun «Ukraina qadam tashlashi kerak».

«Rossiya tinchlik sa’y-harakatlariga, Ukraina atrofidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga ochiq va biz o‘z maqsadlarimizga tinch hamda diplomatik vositalar bilan erishishni ma’qul ko‘ramiz», — deydi Peskov.

Ukraina va AQSh vakillari 11 mart kuni Jidda shahrida muzokaralar o‘tkazmoqda. Davlat kotibi Marko Rubioning aytishicha, AQSh Ukrainaga harbiy yordamni tiklashi ushbu muzokaralarga bog‘liq. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina muzokaralarda Rossiya bilan o‘t ochishni qisman to‘xtatishni taklif qiladi.

Mavzuga oid