Jahon | 22:00 / 10.03.2025
3472
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

2020-2024 yillarda Ukraina global qurol importining 8,8 foiz ulushiga ega bo‘ldi.

Foto: AFP/Getty Images

Ukraina 2020 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi. Bu Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) tadqiqotida aytilgan.

SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqinchiligi boshlanganidan beri kamida 35 davlat Ukrainaga qurol jo‘natgan. 2020-2024 yillarda Ukraina global qurol importining 8,8 foiz ulushiga ega bo‘lgan.

Ukrainaga qurol yetkazib berishning asosiy qismi AQSh (45 foiz), Germaniya (12 foiz) va Polsha (11 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotda ta’kidlanishicha, Ukraina 2020-2024 yillar davomida 10 ta eng yirik importyorlar qatoriga kirgan yagona Yevropa davlati bo‘lgan - bu vaqt ichida boshqa ko‘plab Yevropa davlatlari qurol importini sezilarli darajada oshirganiga qaramay.

2020-2024 yillarda NATO tashkiloti Yevropa a’zolarining qurol importi 2015-2019 yillarga nisbatan ikki baravar ko‘proq (+105 foiz) oshgan. Qo‘shma Shtatlar ushbu qurollarning 64 foizini yetkazib berdi, bu 2015-19 yildagidan (52 foiz) sezilarli darajada ko‘pdir. Boshqa yirik yetkazib beruvchilar Fransiya (6,5 foiz), Janubiy Koreya (6,5 foiz), Germaniya (4,7 foiz), Isroil (3,9 foiz) edi.

AQSh qurol eksporti so‘nggi to‘rt yil ichida 2015-19 yillarga nisbatan 21 foizga oshdi. Shuningdek, global qurol eksportidagi AQSh ulushi 35 foizdan 43 foizga oshdi. 2020-24 yillarda Qo‘shma Shtatlar 107 davlatga qurol yetkazib berdi. 20 yil ichida birinchi marta AQSh qurol eksportining eng katta ulushi Yaqin Sharq (33 foiz) emas, balki Yevropaga (35 foiz) to‘g‘ri keldi.

Tadqiqotda aytilishicha, Rossiya qurol eksporti so‘nggi to‘rt yil ichida 2015-2019 yillarga nisbatan keskin (64 foizga) kamaydi. Pasayish Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishdan oldinroq boshlangan.

«Ukrainadagi urush Rossiya qurol eksportining qisqarishini yanada tezlashtirdi, chunki jang maydonida ko‘proq qurolga ehtiyoj bor, savdo sanksiyalari Rossiya uchun qurol ishlab chiqarish va sotishni qiyinlashtirmoqda, Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari boshqa davlatlarga Rossiya qurollarini sotib olmaslik uchun bosim o‘tkazmoqda», deyiladi tadqiqotda.

2020-24 yillarda Rossiya 33 davlatga asosiy turdagi qurollarni yetkazib berdi. Rossiya qurol eksportining uchdan ikki qismi uch davlatga to‘g‘ri keldi: Hindiston (38 foiz), Xitoy (17 foiz) va Qozog‘iston (11 foiz).

 

Mavzuga oid