Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin
Donald Tramp Zelenskiyni «aqlli, dangal yigit» deb atadi, biroq uni Vashington ko‘rsatgan yordamlar uchun minnatdor deb hisoblamasligini ta’kidladi.

Foto: Getty Images
Donald Tramp Oval kabinetda Volodimir Zelenskiy bilan tortishib qolganidan beri Ukraina prezidentining Oq uyga qaytib kelishi va nodir metallar bo‘yicha bitim imzolanishini kutmoqda. Bu haqda Amerika prezidenti Fox News’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina prezidenti tomonidan Vashington ko‘rsatgan yordam uchun minnatdorlikni his qilmayapti. «U aqlli yigit. Va u dangal yigit. U Bayden ma’muriyati davrida yosh boladan konfet olgandek, pul oldi. Xuddi shunday munosabatda. Bu juda oson edi! Uni minnatdor deb o‘ylamayman», — dedi Tramp.
Fox News boshlovchisi Trampga «agar yordam berishni to‘xtatsangiz, Ukrainaning omon qola olmasligi sizni qoniqtiradimi?», deya savol berdi. «Ukraina har qanday holatda ham omon qolmasligi mumkin», — deya javob qaytardi AQSh prezidenti.
Jurnalist ayrim kuzatuvchilar Rossiya—Ukraina urushida AQSh prezidenti Moskvani qo‘llab-quvvatlayotganini aytganida, Tramp quyidagicha javob qaytardi: «Hech kim Rossiya bilan Donald Trampchalik keskin munosabat olib bormagan». Shuningdek, Amerika yetakchisi Vladimir Putin bilan «yaxshi kelishishini» qo‘shimcha qildi.
Nodir metallar to‘g‘risidagi bitim 28 fevral kuni imzolanishi kerak edi, ammo Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi vaqtida Tramp va vitse-prezident Jyey Di Vens o‘rtasida tortishuv yuz berdi. Shundan keyin Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi.
Bir necha kundan keyin Tramp Ukraina bilan nodir metallar bo‘yicha bitim «o‘lmagani», ammo Volodimir Zelenskiy Amerika Ukrainaga bergan barcha narsaga «minnatdor» bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.
NBC News manbalariga ko‘ra, Tramp o‘zining yordamchilari bilan suhbatda Ukrainaga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlari berishni tiklash uchun endi nodir metallar bo‘yicha bitimni imzolashning o‘zi kifoya qilmaydi. AQSh prezidenti Volodimir Zelenskiy tinchlik muzokaralarida Rossiyaga bosib olgan hududlardan voz kechish va prezidentlik lavozimidan ketishga qadar yon bosishga tayyor turishini xohlamoqda.
Mavzuga oid

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida

20:41 / 07.03.2025
Tramp Eron yetakchisiga yadroviy dastur bo‘yicha bitim tuzishni taklif qildi

20:38 / 07.03.2025