O‘zbekiston | 00:19 / 08.03.2025
4394
5 daqiqa o‘qiladi

7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning ayollarga bayram tabrigi, MIB xodimlariga bodi kamera, xitoyliklarga yer sotilayotgani rad etildi va autsorsingga beriladigan rasmiy statistika - o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezident 8 mart munosabati bilan xotin-qizlarni tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston ayollarini tabrikladi. U xotin-qizlarni «zamonamizning haqiqiy qahramonlari» deb atab, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatida ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki ortganini, ularning ta’lim olish imkoniyatlari kengayganini qayd etdi.

Prezident qo‘shimcha ravishda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.

Prezident ayollarning ta’lim olishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va jamiyatdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni sanab o‘tdi. Jumladan, joriy yilda 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi, 2 million xotin-qizning bandligi ta’minlanadi.

«Sizlarni qo‘llab-quvvatlashdan hech qachon charchamaymiz», — dedi Mirziyoyev va mamlakat ayollariga farovonlik, baxt va muvaffaqiyatlar tiladi.

 

Xitoyliklarga yer sotilayotgani rad etildi

Kadastr agentligi Toshkentda xitoyliklarga yer sotilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Rasmiy bayonotda O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, chet elliklar yerni faqat ijaraga olishi mumkinligi ta’kidlandi. Agentlik jamoatchilikni asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, yer xususiylashtirilishi mumkin emasligini bildirdi.

Toshkentda xitoy tilidagi bannerlar ko‘payishi va Xitoy kompaniyalari soni oshishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu borada qo‘shimcha cheklovlar joriy etish zarurligini bildirib, chet el investorlari ishtirokidagi kompaniyalar ulushining kamida 51 foizi mahalliy fuqarolarga tegishli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Kadastr agentligi noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik borligini eslatib, fuqarolarni vahimaga tushmaslikka chaqirdi.

 

Yerni ijaraga olish narxini aniqlash tartibi o‘zgardi

Hukumat yerni ijaraga berish bo‘yicha onlayn-auksionlarda boshlang‘ich narxni belgilash formulasini o‘zgartirdi.

Yangi tartibga ko‘ra, maydon hajmi, hudud toifasi, yer solig‘i stavkasi, muhandislik tarmoqlari va foydalanish maqsadi kabi ko‘rsatkichlar asosida narx maxsus formula bo‘yicha hisoblanadi.

Shuningdek, yerdan foydalanish maqsadiga qarab oshiruvchi va pasaytiruvchi koeffitsiyentlar joriy etildi. Masalan, ko‘p qavatli uylar qurilishi va savdo sohasida 1,4, ijtimoiy foydalanish uchun 0,6, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun 0,8 koeffitsiyenti qo‘llanadi.

 

MIB xodimlari bodi kameralardan foydalanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majburiy ijro jarayonlarida bodi kameralardan foydalanishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi.

Yangi qonunga muvofiq, sud hujjatlarini ijro etish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va ijro jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida mobil videokuzatuv vositalari joriy etiladi.

Fuqarolarning eng kam kafolatlangan daromadi himoya qilinishi, ijro jarayonlarida noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish va odil sudlov samaradorligini oshirish ta’minlanadi.

Prezident shu kunlarda Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bodi kameralar bilan xizmat o‘tayotgani korrupsiyani kamaytirganini ta’kidladi. Shuningdek, «qo‘l radari» va qog‘oz bayonnomalar bekor qilingani korrupsiya omillarini kamaytirishda muhim qadam bo‘ldi.

 

O‘zbekistonda rasmiy statistika autsorsing orqali yuritiladi

Vazirlar Mahkamasi rasmiy statistikani tayyorlash va tarqatish jarayonlariga autsorsingni joriy etish haqida qaror qabul qildi.

Endilikda savdo va elektron tijorat tashkilotlari statistik ma’lumotlarni tarqatishda ishtirok etadi. Shuningdek, norasmiy sektor va yakka tadbirkorlar faoliyatini kuzatish uchun pilot loyihalar amalga oshiriladi.

Konsalting kompaniyalari va ilmiy muassasalar statistika kuzatuvlarini autsorsing asosida olib borishi mumkin. Tartibga ko‘ra, autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar texnik imkoniyatlar, kadrlar va moliyaviy barqarorlik talablariga javob berishi lozim.

Mavzuga oid