O‘zbekiston | 12:14 / 07.03.2025
2785
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘llarni ta’mirlash mavsumi boshlandi

Toshkent shahar hokimligi qishdan keyingi ko‘chalar holatini o‘rganib, ularni joriy va kapital ta’mirlashni boshladi. Ma’lum qilinishicha, qoplamaning chidamliligini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallar qo‘llanadi. Ishlar asosan eng ko‘p yuklama tushadigan soatlardan tashqarida tashkil etiladi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahri hokimligi poytaxtda yo‘llarni ta’mirlash mavsumi boshlanayotgani haqida xabar qildi.

«Qish mavsumi tugashi bilan poytaxtda ko‘cha-yo‘l tarmog‘ini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha faol ishlar boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarini amalga oshirish, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda shahar aholisi va jamoat transportining harakatlanishi uchun qulayliklarni oshirish maqsadida Toshkent shahrining transport oqimi faol bo‘lgan ko‘chalari holati tekshirildi», deyiladi xabarda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2025 yilda joriy va kapital ta’mirlash talab qilinadigan ko‘chalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan manzilli ta’mirlash dasturi ishlab chiqilgan. Dastur doirasida umumiy maydoni 65 000 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan.

Ishlar qoplamaning uzoq muddat chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallarni qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan 7 martdan boshlab amalga oshiriladi.

Tirbandliklarning oldini olish va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida yo‘l ishlari asosan transport harakati eng kam bo‘lgan soatlarda tashkil etiladi.

Hozircha aynan qaysi ko‘chalarda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilishi ma’lum qilinmadi.