Toshkent va Samarqandda noyob minerallar texnoparki tashkil etilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini kengaytirish va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit, vanadiy va titan kabi 30 dan ortiq sanoat uchun muhim minerallar mavjud. Lekin ilgari bu imkoniyat to‘la yuzaga chiqarilmagan. Qazilmalarni qidirish, texnogen chiqindilarni qayta ishlab, foydali moddalarni ajratib olish va ulardan mahsulot tayyorlashga investitsiya kiritilmagan edi.
So‘nggi yillarda tashkiliy asos yaratilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish bo‘yicha ishlar boshlandi. Taqdimotda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri bu yo‘nalishdagi imkoniyatlar haqida axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, kelgusi uch yilda 28 ta noyob mineral bo‘yicha 2,6 milliard dollarlik 76 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Buning uchun xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlariga qo‘shimcha mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Eng asosiy vazifa – zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab, qimmat xomashyoni rudadan ajratib olish, sofligini oshirish va yuqori qiymatli mahsulotlar yaratish ekani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, “Ingichka” konidagi volfram konsentrati boyitilsa, qo‘shilgan qiymat 2 karra oshadi. Hozircha shu kabi 18 ta loyiha ishlab chiqilgan.
Sohada “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiya – tayyor mahsulot” zanjirini kengaytirish maqsadida molibden va volframga boy Toshkent va Samarqand viloyatlarida texnoparklar tashkil qilish taklifi bildirildi.
Davlat rahbari bu borada sanoat tajribalari va texnologiya transferini amalga oshirish, zamonaviy laboratoriya va o‘quv markazlari ochish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Umuman, “to‘rtinchi sanoat inqilobi” davrida munosib o‘ringa ega bo‘lish uchun mustahkam zamin yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Mavzuga oid

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev: Uy-ro‘zg‘or ishlaridan ortib, ta’lim olayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari

14:27 / 07.03.2025