O‘zbekiston | 08:51 / 07.03.2025
2034
3 daqiqa o‘qiladi

Fevral oyida yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘ldi

O‘zgidromet fevral oyi bo‘yicha ob-havo tahlilini e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

O‘tgan fevral oyining harorat tartibi notekis bo‘ldi, bunday holat qishning oxirgi oyi uchun xosdir. Fevral oyi davomida iliq to‘lqinlar va sovuq to‘lqinlar bir-biri bilan o‘rin almashib turishi kuzatildi.

O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida odatdagidan 1,5-2 darajaga iliqroq bo‘ldi. Eng iliq davrlarda havo harorati me’yordan 5-8 darajaga yuqori bo‘ldi.

6-8 fevralda respublika hududining katta qismida kunduz kunlari havo 14-17 darajagacha, janubda 19-21 darajagacha isidi. Fevral oyi uchinchi o‘n kunligining boshida iliq kunlar kuzatildi, bunda harorat 18-21 darajagacha, janubda 23-24 darajagacha ko‘tarildi.

Fevral oyining birinchi kunlarida, ikkinchi o‘n kunligi boshida va oyining oxirida sovuq to‘lqinlar kuzatildi, bunda harorat me’yordan 3-5 darajaga, respublika shimolida 8-10 darajaga pasaydi. Ushbu davrlarda havo harorati kechalari 0-5 darajagacha, kunduz kunlari 0-5 darajagacha pasaydi. Respublika shimolida sovuq sezilarli darajada bo‘lishi kuzatildi, harorat kechalari 7-10 darajagacha, ayrim eng sovuq kechalarda esa 13-18 darajagacha, kunduz kunlari 2-7 darajagacha pasaydi.

Fevral oyida yog‘ingarchilik notekis bo‘lishi kuzatildi. Oyning oxirgi besh kunligi oylik yog‘ingarchilik miqdoriga katta hissa qo‘shdi. Kavkaz hududlaridan sovuq va nam havoning keskin kirib kelishi hisobiga 23 fevralda respublikaning shimolida, 24-25 fevralda cho‘l hududlarda, 26 fevralda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida qor ko‘rinishidagi kuchli yog‘ingarchilik qayd etildi.

Shu kunlarda tekislik hududlarda ba’zi joylarda balandligi 15-22 sm gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘ldi, ammo qor qoplamining davomiyligi juda qisqa bo‘lib, qor 2-3 kunda butunlay eridi.

Umuman, hududning katta qismida fevral oyi quruq bo‘lib, oy davomida yog‘ingarchilik me’yordan kam (me’yordan 25 foizdan 70 foizgacha) bo‘lishi kuzatildi. Faqat yog‘ingarchilik me’yori juda kam bo‘lgan hududlarda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda oy davomida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p va me’yor atrofida bo‘ldi.

Mavzuga oid