Hafta oxirida havo iliq bo‘lishi kutilmoqda
O‘zbekistonda dam olish kunlari havo harorati biroz ko‘tariladi. Mamlakatning katta qismida havo quruq bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik kuzatiladi.

Foto: Kun.uz
O‘zbekistonning katta qismi dam olish kunlari iliq va quruq bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar qildi.
8 mart kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
9–10 mart kunlari respublikaning barcha hududlarida quruq ob-havo kuzatiladi. Havo harorati kunduz kunlari +13…+18 darajagacha ko‘tariladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, 7–8 mart kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkentda 7 mart kunduzi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, kechga tomon qisqa muddatga yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Harorat ertalab +6…+8 daraja atrofida bo‘ladi, kechga tomon +3…+5 darajagacha pasayadi. Shamol tezligi 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
8 martda kunning birinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat +10…+12 daraja bo‘ladi.
9–10 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +3...+6 daraja bo‘ladi, kunduz kunlari +14...+17 darajagacha ko‘tariladi.