O‘zbekiston | 19:24 / 06.03.2025
2052
2 daqiqa o‘qiladi

MIB xodimlari ham bodi-kameralardan foydalanishni boshlaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bu boradagi qonun loyihasini qabul qildi. Unga ko‘ra, majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonda majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanish boshlanishi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bu boradagi qonun loyihasini qabul qildi.

Parlament quyi palatasining 4 mart kuni o‘tkazilgan majlisida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish hamda ijro ishi yuritish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirish, sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olish, fuqarolarning minimal turmush darajasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qonun hujjatlarini tizimlashtirish hamda takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromadni o‘rnatish, davlat ijrochilari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq, majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilining kamayishiga, majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish hamda odil sudlov samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishida prezident Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bodi-kamera bilan xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, «qo‘l radari» va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamayganini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid