Jahon | 09:14 / 05.03.2025
6039
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga bosim o‘tkazish uchun: Tramp Ukrainaga qurol yuborishni to‘xtatib qo‘ydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan janjallashgani «o‘z samarasini bera boshladi». Trampning buyrug‘i bilan Ukrainaga qurol yuborish to‘xtatildi. Amerika nashrlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati davrida ajratilgan qurollarni yuborish to‘liq emas, Trampning keyingi buyrug‘iga qadar to‘xtatilgan.

Tabiiyki, Donald Tramp Kiyevga bosim o‘tkazish uchun shunday qarorga kelgan. AQSh prezidenti Oq uydagi janjaldan keyin Zelenskiy tinchlik istamayotgani, bunaqada kelishib bo‘lmasligini ko‘p marta takrorladi. Aftidan, siyosiy bosim yordam bermagach, Tramp ma’muriyati harbiy bosim yo‘liga o‘tdi.

«Prezident Tramp tinchlik tomon intilayotganini aniq aytib bo‘ldi. Hamkorlarimiz ham bu jarayonga jalb qilinishi kerak. Biz harbiy yordamni to‘xtatib, u muammoni hal qilishga qanchalik yordam berishini qayta ko‘rib chiqamiz», deyiladi AFP keltirgan Oq uy bayonotida.

Fox News yozishicha, bu to‘xtalish «Ukraina tinchlik tomon intilayotganini ko‘rsatguniga qadar» davom etadi. Trampning buyrug‘i Ukrainaga yuborilishi ko‘zda tutilgan, Ukraina uchun ishlab chiqarilayotgan, hali yo‘lda bo‘lgan va Kiyevga yuborish uchun Polshada saqlanayotgan barcha qurollarga tegishli.

Tramp prezidentlikka kirishishi bilan AQShning barcha tashqi yordam dasturlarini muzlatib qo‘ygandi. Wall Street Journal bir necha kun avval AQSh davlat kotibi Marko Rubio Ukrainaga ushbu cheklovni istisno qilgan holatda harbiy yordam yuborish to‘g‘risida buyruq chiqargani haqida yozgandi. Davlat departamenti mulozimi Piter Marokko buyruqni Pentagonga yetkazmagani uchun Ukrainaga yuborilishi kerak bo‘lgan qurollar navbatdagi partiyasi AQShda qolib ketgan. Umuman, Tramp prezidentlikka kelganidan keyin Ukrainaga juda oz miqdorda qurollar yetkazib berilgan.

Biroq AQSh harbiylari Ukrainaga razvedka ma’lumotlari yetkazib berishni to‘xtatmagan. Tramp harbiy yordamni to‘xtatishga buyruq berganidan keyin ham.

Kreml holatga munosabat bildirdi: «Hali aniqlashtirib olish kerak. Lekin bu rost bo‘lsa, chindan Kiyev rejimini tinchlik kelishuviga undashi mumkin», degan Peskov.

Hozircha Vashington va Kiyev holatga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Harbiy ekspertlar AQSh Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar yetkazib bermasa, Ukraina o‘z osmonini himoya qila olmasligini aytmoqda. Bugun Kiyev markazida AQSh harbiy yordamni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgach ukrainaliklar turli bayroqlarni ko‘tarib aksiya o‘tkazishgan. Hozircha bu aksiya tafsilotlari ham ma’lum emas.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid