Jahon | 21:42 / 04.03.2025
11516
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Trampning «qudratli rahbarligi»da ishlashga tayyorligini ma’lum qildi

Shuningdek, Amerika tomonidan Ukrainaga o‘z suvereniteti va mustaqilligini saqlab qolish uchun berilgan yordamni qadrlashini aytdi. Ammo Tramp bilan bo‘lgan mojaro uchun uzr so‘ramadi.

Foto: AFP/Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatganidan keyin Oq uyda Tramp bilan yuz bergan mojaroga izoh berdi.

«Juma kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashuvimiz kutilganidek o‘tmadi. Shunday bo‘lgani afsuslanarli. Endi hammasini tuzatish vaqti keldi», deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.

«Men va jamoam prezident Trampning qudratli rahbarligida mustahkam tinchlikka erishish uchun ishlashga tayyormiz. Kiyev foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni istalgan vaqtda va istalgan qulay formatda imzolashga tayyor», deb ta’kidladi Ukraina rahbari.

Shuningdek, Zelenskiy urushni tugatish shartlarini sanab o‘tdi.

«Biz urushni tugatish uchun tezkor harakat qilishga tayyormiz va birinchi qadamlar asirlarni ozod qilish va osmonda tinchlikka erishish – raketalar, uzoq masofaga uchuvchi dronlar, samolyotlar, energetika va boshqa fuqarolik infratuzilmalariga hujumlarni taqiqlash va agar Rossiya ham shunday qilsa, dengizda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lishi mumkin», dedi Ukraina prezidenti.

«So‘ngra biz keyingi barcha qadamlarni juda tez bosib o‘tmoqchimiz va Qo‘shma Shtatlar bilan kuchli yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib bormoqchimiz. Biz Amerika Ukrainaga o‘z suvereniteti va mustaqilligini saqlab qolish uchun bergan yordamini juda qadrlaymiz. Va biz hamma narsa o‘zgargan lahzani eslaymiz: prezident Tramp Ukrainaga Javelin tankka qarshi qurollarni taqdim etgan vaqtni. Buning uchun minnatdormiz», deb yakunladi Zelenskiy.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti AQSh prezidenti ma’muriyati undan talab qilganidek, Tramp bilan bo‘lgan mojaro uchun uzr so‘ramadi.

Mavzuga oid