Jamiyat | 12:31 / 03.03.2025
5526
2 daqiqa o‘qiladi

Beruniyda kuchli shamol ko‘p qavatli uyning tomini uchirib yubordi

Qulagan tom bosib qolishi oqibatida uy pastida turgan 3 ta mashinaga zarar yetgan. Tan jarohati olgan fuqarolar yo‘qligi bildirildi.

Foto: Beruniy tumani hokimligi

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida kuzatilgan kuchli shamol ko‘p qavatli uyning tom qismini uchirib ketdi. Holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat bugun, 3 mart kuni soat 6:40 atrofida sodir bo‘lgan. Kuchli shamol tumanning Navro‘z mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyning taxminan 500 kvadrat metr tunika shifer bostirmasini uchirib yuborgan. Buning oqibatida “dom” oldida turgan Nexia, Spark, Damas mashinalari hamda elektr mototsiklga zarar yetgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q.

Ushbu ko‘p qavatli uy 1996 yilda qurilgan bo‘lgan. Uning tom qismi esa 2022 yilda tunika shifer bilan qoplangan.

Hozirda voqea joyida tuman FVB bo‘limi xodimlari tozalash ishlari olib bormoqda. Maxsus ishchi guruh tomonidan yetkazilgan zarar aniqlanib, tomni asl holatiga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani bildirilgan.

Oldinroq Jizzax viloyatining Baxmal tumanida “Open budget” puliga qurilgan yangi stadion 15 kunda qulab tushgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid