Yangi “ajdarho jangchisi”, kosmosga turistik parvoz va “aqlli” g‘ilof - texnodayjest
Xitoyliklar robotga ham kung-fu usullarini o‘rgatishdi. Yaqin kelajakda turistlarning sayohat manzili yerdan fazo tomon o‘zgarishi mumkin. Blue Origin kompaniyasi 6 nafar yo‘lovchini fazoga olib chiqdi. Adobe kompaniyasi iPhone foydalanuvchilari uchun yangi imkoniyatlarga ega Photoshop ilovasini ishlab chiqdi. So‘nggi haftada texnologiyalar olamida kuzatilgan yangiliklar – Kun.uz texnodayjestida.
Yangi “ajdarho jangchisi”
Xitoyning Unitree kompaniyasi odamsimon G1 robotining ish funksiyalarini kengaytirdi. Endilikda robot kung-fu usullarini ham bajara oladi.
G1 bungacha salto otish, raqs tushish, yong‘oq chaqish va tost tayyorlash kabi murakkab harakatlarni qila olishi bilan mashhur bo‘lgandi. Yangi boshqaruv algoritmi robotning balans va harakat repertuarini yanada rivojlantirib, unga jang san’ati elementlarini ham qo‘shgan.
Unitree'ning G1 modeli ishlab chiqaruvchilar tomonidan 16 ming dollarga baholanyapti. Kompaniya innovatsion qurilmasini ommaviy joylarda namoyish etishini hisobga olsak, xitoyliklar ko‘chalarda yurishda ehtiyot bo‘lishi kerak. Robot jang san’atini yaxshigina o‘zlashtirib oldi.
Bepul Microsoft Office
Microsoft Windows operatsion tizimi uchun bepul Office versiyasini sinovdan o‘tkazyapti. Foydalanuvchilar ushbu dasturdan reklama va ba’zi cheklovlar bilan foydalanishlari mumkin.
Asosiy cheklovlar: yon panelda reklama bannerlari chiqib turadi. Har bir necha soatda 15 soniyali video reklamalar chiqadi. Hujjatlarni faqat OneDrive'da saqlash mumkin, lokal xotira yo‘q.
Shuningdek, ba’zi funksiyalar o‘chirilgan: Wordʼda chizish va dizayn vositalari mavjud emas. Excel'da funksionallikni kengaytiruvchi qo‘shimcha dasturiy modullar, dinamik jadvallar va makroslar qo‘llab-quvvatlanmaydi. PowerPoint'da esa diktofoniya va maxsus slaydlar yo‘q.
Hozircha Microsoft'da ushbu bepul versiyani to‘liq chiqarish rejalari yo‘q. Hindistonda o‘zkazilayotgan test sinovlarining natijalari kompaniyaning keyingi qarorlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Kosmosga turistik parvoz
Blue Origin kompaniyasi NS-30 missiyasi doirasida o‘zining navbatdagi turistik kosmik parvozini amalga oshirdi. Bu safar New Shepard raketasi bortida 6 nafar yo‘lovchi bilan fazoga chiqdi. Parvoz 10-12 daqiqa davom etdi va kapsula muvaffaqiyatli ravishda Yerdagi belgilangan nuqtaga qo‘ndi.
Parvoz davomida ishtirokchilar bir necha daqiqa vaznsizlik holatida bo‘lgan va Yerni kosmos fonida kuzatishgan.
Yo‘lovchilar orasida New Shepard'da ikkinchi parvozini amalga oshirgan tadbirkor Leyn Bess, teleboshlovchi Xesus Kalexa, fizik va tadbirkor Eleyn Chiya Xayd, reproduktiv endokrinolog Richard Skott va hej-fond hamkori Tushar Shah ham bo‘lgan. Ekipajning oltinchi a’zosi kim ekani noma’lum. Yaqin kelajakda turistlarning sayohat manzili yerdan fazoga ko‘tarilsa ham ajab emas.
iPhone uchun Photoshop
Adobe kompaniyasi iPhone foydalanuvchilari uchun yangi Photoshop mobil ilovasini taqdim etdi. Ushbu ilova avvalgi Photoshop Express'dan ancha kuchli bo‘lib, unga desktop versiyada mavjud funksiyalar ham qo‘shilgan.
Dasturning Android versiyasi yil oxirigacha chiqarilishi rejalashtirilgan.
Yangi Photoshop ilovasida qatlamlar, niqoblar, tanlash va tasvir kompozitsiyasi vositalari, Firefly AI asosidagi “generativ to‘ldirish” va “generativ kengaytirish” funksiyalari mavjud. Shuningdek, Creative Cloud bilan ham integratsiyalashgan.
Kengaytirilgan imkoniyatlar, jumladan, “Obektlarni tanlash”, “Sehrli tayoqcha”, “Tarkibni hisobga olgan holda to‘ldirish” va “Shtamp” funksiyalaridan oyiga 8 yoki yiliga 70 dollardan to‘lab foydalanish mumkin.
Hozircha Adobe Photoshop Express va yangi Photoshop ilovasi orasidagi farqlar bo‘yicha rasmiy bayonot bermadi.
“Qora qulupnayli” g‘ilof
Clicks kompaniyasi o‘zining BlackBerry uslubidagi klaviatura bilan jihozlangan g‘iloflari assortimentini kengaytiryapti. Endi ushbu turdagi aksessuarlar iPhone modellaridan tashqari Android smartfonlari uchun ham chiqariladi.
Qayd etilishicha, yangi Clicks g‘iloflari Motorola Razr 2024, Google Pixel 9 va Pixel 9 Pro hamda Samsung Galaxy S25 smartfonlari uchun ham mavjud bo‘ladi.
G‘iloflar bilan birga Clicks Keyboard ilovasi ham taqdim etiladi, bu orqali foydalanuvchilar klaviatura tugmalarining funksiyalarini sozlashi mumkin. Ilovaning dizayni iPhone versiyaga o‘xshash bo‘lib, yumaloq va yengil egilgan tugmalar matn terishni yanada qulaylashtiradi.
Clicks g‘iloflari yoritiladigan klaviatura va tezkor tugmalar bilan ta’minlangan. Innovatsion qurilma o‘z batareyasiga ega emas, balki USB-C orqali smartfondan quvvat oladi.
Aqlli g‘iloflar Android smartfon modeliga qarab 49 dollardan 139 dollargacha bo‘lgan narxlarda sotuvga chiqariladi.
O‘zbekistonda Temu faoliyati to‘xtatilishi mumkin
O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysi bloklanishi mumkin. Bunga platforma rahbariyati tomonidan mamlakatda o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishga hali ham ariza berilmagani sabab sifatida keltirilyapti.
“Yoki ular O‘zbekistonga kelib, shu yerda shu’ba korxonasini ochadi yoki soliq idoralaridan ro‘yxatdan o‘tib, QQS (Qo‘shilgan qiymat solig‘i) to‘lovchiga aylanadi”, – deya ta’kidlagan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan boshlab elektron tijorat operatorlari O‘zbekistonda faoliyat olib borish uchun yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ushbu talab bajarilmasa, nafaqat Temu, balki AliExpress, Amazon va Ozon kabi boshqa qator marketpleyslar faoliyatiga ham cheklovlar kiritilishi mumkin.
Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi.
Mavzuga oid

16:31 / 28.02.2025
Skype tez orada yopilishi mumkin

20:14 / 26.02.2025
Apple «Tramp» so‘zini «irqchi» bilan almashtirgan iPhone xatosini tekshiradi

12:08 / 23.02.2025
Ilon Maskdan yangi SI, “arzon” iPhone 16 va aktyor robot - hafta texnodayjesti

22:28 / 19.02.2025