Tramp va Zelenskiy tortishuvi: o‘zbek tilida to‘liq versiya
Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik muzokaralarida yana bir muhim burilish nuqtasi ro‘y berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kun.uz prezidentlarning Oq uydagi uchrashuv vaqtida ro‘y bergan tortishuvi aks etgan qismini o‘zbek tilida taqdim etadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida Oq uyda o‘tkazilgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. OAV vakillari ko‘z o‘ngidagi uchrashuv davomida tomonlar bahslashib ketdi.
Asosiy bahslashuv zaldagi jurnalistlardan birining Tramp Putin bilan haddan tashqari yaqinlashib ketayotganidan xavotir haqidagi savoli bilan boshlandi.
Tramp: Agar men ikkisi bilan ham munosabatlarni saqlab qolmaganimda, kelishuv bo‘lmasdi. Siz Putin haqida dahshatli gaplar aytib, keyin esa: «Salom, Vladimir, kelishuvimiz qanday ketyapti?» deyishimni xohlayapsizmi? Bu ish bermaydi. Men Putin bilan ittifoqchi emasman... Men hammaga yaxshi bo‘lishi uchun tinchlik bilan ittifoqdaman.
Putinga nafratini ko‘ryapsizmi? Bunday nafrat bilan bitim tuzish juda qiyin... Qattiqqo‘l bo‘lishimni xohlaysizmi? Men siz ko‘rgan har qanday odamdan ko‘ra qattiqqo‘lroq bo‘lishim mumkin, lekin bunday yo‘l bilan kelishuvga erisha olmaysiz. Yaxshi, yana bir savol...
Vens: To‘rt yil davomida AQShda Putin haqida qattiq gapirgan prezident bor edi, keyin esa Putin Ukrainaga bostirib kirdi va mamlakatni vayron qildi. Biz Jo Baydenning yo‘lini sinab ko‘rdik, uning so‘zlari uning harakatlaridan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga egaligini ko‘rsatdik. Amerikani buyuk mamlakatga aylantiradigan narsa shundaki, Amerika diplomatiya bilan shug‘ullanadi. Prezident Tramp shunday qilmoqda.
Zelenskiy: Sizdan bir narsa so‘rasam maylimi? U bizning hududlarni, Ukrainaning katta qismini, sharqni va Qrimni ishg‘ol etdi. U bu hududlarni 2014 yilda egallab olgandi.
Avval prezident Obama davri, keyin prezident Tramp, keyin prezident Bayden, endi yana prezident Tramp. Xudo xohlasa, endi prezident Tramp uni to‘xtatadi. Ammo 2014 yilda uni hech kim to‘xtatmagandi. U shunchaki ishg‘ol etgan va o‘ziniki qilgandi. U odamlarni o‘ldirgan, tushunyapsizmi?
Tramp: 2015 yildami? O‘shanda men yo‘q edim.
Zelenskiy: Ha, ammo 2014 yildan 2022 yilgacha ham vaziyat hozirgidek edi. Odamlar halok bo‘lardi, uni hech kim to‘xtatmasdi. U bilan muzokaralar bo‘lgan. 2019 yilda u bilan kelishuv imzolaganman. U bilan, Makron va Merkel bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzoladim... Ammo keyin u sulhni buzdi, odamlarimizni o‘ldirdi va asirlar almashuvi o‘tkazmadi. Shunday ekan siz, Jyey Di qanday diplomatiya haqida gapiryapsiz?
Vens: Men mamlakatingiz vayron bo‘lishiga chek qo‘yadigan diplomatiya haqida gapiryapman.
(Vens va Zelenskiy amalda bir vaqtda gapira boshlaydi va bir-birining so‘zini bo‘lib qo‘yadi)
Vens: Janob prezident, Oval kabinetga kelib, Amerika nashrlari qarshisida buni muhokama qilish hurmatsizlik deb o‘ylayman. Sizda kadrlar bilan bog‘liq muammolar bor. Ushbu mojaroga chek qo‘yishga harakat qilgani uchun prezidentga minnatdorchilik bildirish kerak.
Zelenskiy: Siz hech Ukrainada bo‘lganmisiz? Bizda qanday muammolar borligini aytyapsiz. Bir marta keling.
Vens: Men aslida bu reportajlarni ko‘rganman, ularni propaganda turiga olib borasiz. Siz armiyangizga odamlarni jalb qilishda muammolarga duch kelganingizga qo‘shilmaysizmi? Oval kabinetga kelib, yordam berishga urinayotgan ma’muriyatga hujumga o‘tishni hurmatga loyiq deb o‘ylaysizmi?
Zelenskiy: Bizda muammolar bor. Keling, boshidan boshlaymiz. Birinchidan, urush paytida hammada muammo bo‘ladi. Hatto sizda ham, siz buni hozir his qilmayapsiz. Lekin kelgusida his qilasiz.
Tramp: Bizga nimani his qilishni uqtirmang. Biz muammoni hal qilishga harakat qilyapmiz. Siz buni uqtiradigan holatda emassiz. Buni yodda tuting.
(Zelenskiy va Tramp amalda bir vaqtda gapira boshlaydi va bir-birining so‘zini bo‘lib qo‘yadi)
Zelenskiy: Men uqtirayotganim yo‘q, men savolga javob beryapman…
Tramp: Siz biz nimani his qilishimizni uqtiradigan holatda emassiz... Biz o‘zimizni juda yaxshi his qilamiz…
Zelenskiy: Siz ta’sirini his qilasiz…
Tramp: Hozir ahvolingiz unchalik yaxshi emas. Siz o‘zingizni juda yomon ahvolga solib qo‘ydingiz va u haq. Siz bundan yaxshi holatda emassiz. Sizda hozir kuzirlar yo‘q. Biz bilan kuzirlaringiz paydo bo‘ladi.
Zelenskiy: Men karta o‘ynamayapman. Hech qanaqa kuzir… hech qanaqa kuzir, janob prezident. Men mutlaqo jiddiyman…
Tramp: Hozir millionlab odamlar hayoti bilan o‘ynashyapsiz. Uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashyapsiz. Bu hurmatsizlik. Biz sizni ko‘pchilik aytganidan ham ko‘proq qo‘llab-quvvatladik.
Zelenskiy: Men mamlakatingizni chuqur hurmat qilaman.
Vens: Biror marta rahmat aytdingizmi?
Zelenskiy: Ko‘p marta.
Vens: Siz Pensilvaniyaga borib, oktyabr oyida muxolifat uchun tashviqot olib borgandingiz. Qo‘shma Shtatlar va mamlakatingizni qutqarishga harakat qilayotgan prezidentga minnatdorchilik bildiring.
Zelenskiy: Agar urush haqida juda baland ovozda gapirsangiz…
Tramp: U baland ovozda gapirmayapti. Yo‘q, yo‘q. Siz ko‘p gapirdingiz. Mamlakatingiz og‘ir ahvolda.
Zelenskiy: Bilaman. Bilaman.
Tramp: Siz g‘alaba qozonolmaysiz. Biz tufayli g‘alaba qozonish uchun juda yaxshi imkoniyatga egasiz.
(Zelenskiy va Tramp endi sinxron gaplasha boshlaydi)
Zelenskiy: Biz qolamiz, o‘z mamlakatimizda qolamiz, kuchli bo‘lib qolamiz. Urushning boshidanoq biz yolg‘iz edik. Va biz minnatdormiz. Men bu kabinetda rahmat aytdim...
Tramp: Siz yolg‘iz emasdingiz. Biz sizga — bu ahmoq prezident orqali — 350 mlrd dollar berdik… Sizga harbiy texnika berdik… Sizlar jasur odamlarsiz, lekin ular bizning harbiy texnikamizdan foydalanishga majbur edi... Agar bizning harbiy texnikalar bo‘lmaganida, urush ikki haftada tugardi.
Zelenskiy: «Uch kundan keyin» — men buni Putindan eshitganman, uch kundan keyin…
Tramp: Sizga aytsam, bu yo‘l bilan ish yuritish juda qiyin bo‘ladi.
Vens: Shunchaki rahmat ayting.
Zelenskiy: Men Amerika xalqiga ko‘p marta aytganman…
Vens: Kelishmovchiliklar borligini tan oling va nohaq bo‘lganingizda Amerika nashrlarida munosabatlarni oydinlashtirishga urinish o‘rniga, keling, bu kelishmovchiliklarni hal qilaylik. Bilamizki, siz nohaqsiz.
Tramp: Amerika xalqi nima bo‘layotganini ko‘rishi foydali. Menimcha, bu juda muhim, shuning uchun men buni uzoq vaqt qo‘llab-quvvatladim. Siz minnatdor bo‘lishingiz kerak...
Zelenskiy: Men minnatdorman…
(Zelenskiy va Tramp yana deyarli bir vaqtda gapirishga o‘tadi)
Tramp: Sizda kuzirlar yo‘q, xalqingiz qirilmoqda, askarlaringiz tugamoqda... Keyin siz bizga shunday deysiz (Tramp Zelenskiyga taqlid qilishga o‘tadi): «Men o‘t ochishni to‘xtatishni xohlamayman. Men ketishni istayman va shuni xohlayman». Agar o‘t ochishni to‘xtatishga erishganingizda, men sizga shunday degan bo‘lardim: qabul qiling, toki o‘qlar uchishi va odamlaringiz halok bo‘lishi to‘xtasin.
Zelenskiy: Albatta, albatta, biz urushni to‘xtatishni istaymiz.
Tramp: Men o‘t ochishni to‘xtatmoqchiman. Chunki tinchlik bitimidan ko‘ra o‘t ochishni to‘xtatishga tezroq erishiladi.
Zelenskiy: Kafolatlar bilan.
Tramp: Bu men bilan bo‘lmagan. Bu Bayden ismli yigit bilan bo‘lgan, u unchalik aqlli odam emasdi. Bu sizlarga choyshab bergan Obama bilan bo‘lgan, men esa tanklarni yo‘q qilishingiz uchun Javelin raketalarini berganman. Obama sizga choyshab bergan.
Siz aslida ko‘proq minnatdor bo‘lishingiz kerak, chunki men sizga aytsam, qo‘lingizda kuzirlar yo‘q. Biz bilan esa kuzirlaringiz bo‘ladi.
Jurnalist: Rossiya sulhni buzsa-chi? Agar Rossiya bu muzokaralarni buzsa-chi? Unda nima qilamiz?
Vens: U «Rossiya sulhni buzsa nima bo‘ladi?» deyapti.
Tramp: Hozir boshingizga bomba tushsa nima bo‘ladi? Okey?
Ular kelishuvni buzdimi? Ular Bayden davrida kelishuvni buzishgan, chunki ular Baydenni hurmat qilmagan. Ular Obamani hurmat qilmadi. Meni hurmat qilishadi.
Putin men bilan ko‘p narsalarni boshdan kechirdi. U jodugarlar ovini boshdan kechirgan. Siz bu bitim haqida hech eshitganmisiz? Hanter Bayden, Jo Bayden, Hillari Klinton, ayyor Adam Shiff bilan mojaro. Bu demokratlarning firibgarligi edi.
Bularning barchasida uni ayblashgan. Barchasi Hanter Baydenning yotoqxonasidan boshlangan. Bu jirkanch edi!
Keyin esa ular: «O, o, bu do‘zaxiy noutbukni Rossiyadan tashlab ketishgan», deyishdi. FQBning 51 agenti bu yolg‘onni qo‘llab-quvvatladi. Barchasi yolg‘on edi.
U Obama va Bush bilan kelishuvlarni buzgan, ehtimol Bayden bilan ham. Lekin men bilan kelishuvlarni buzmadi. U bitim tuzishni istaydi.
Men sizga zo‘r yigit bo‘lish imkonini berdim. Qo‘shma Shtatlarsiz zo‘r yigit bo‘la olmasdingiz. Va albatta, sizning odamlaringiz ham juda dovyurak.
Zelenskiy: Rahmat.
Tramp: Ammo siz yoki bitim tuzasiz, yoki biz chiqamiz. Agar biz chiqsak, siz jang qilasiz. Bu sizga yoqadi deb o‘ylamayman, lekin siz jang qilishga majbur bo‘lasiz.
Sizlarda kuzir yo‘q. Lekin bu bitimni imzolasak, pozitsiyangiz ancha yaxshi bo‘ladi. Ammo o‘zingizni mutlaqo minnatdor emasdek tutyapsiz va bu yaxshi emas.
Xo‘p, menimcha, biz yetarlicha ko‘rdik, nima deb o‘ylaysiz? Bu televideniyeda zo‘r ko‘riladi, men sizga aytsam. Mayli, buni yana ko‘rib chiqamiz.
Mojarodan keyin ikki prezidentning yopiq muzokaralari bekor qilindi, Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etishga majbur bo‘ldi, foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv ham imzolanmay qoldi. Uchrashuvdan keyin Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirib, yana bir bor Zelenskiyni hurmatsizlikda aybladi va postini shunday so‘zlar bilan yakunladi: «U tinchlikka tayyor bo‘lganida, qaytishi mumkin».
Mavzuga oid

20:32
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025