Jahon | 13:55 / 01.03.2025
3893
2 daqiqa o‘qiladi

Xarkivga Rossiya dronlarining yirik hujumi: jabrlanganlar bor

Rossiya Shahed dronlari yordamida Xarkivga katta hujum uyushtirdi. Natijada fuqarolik infratuzilmasi obektlari, jumladan, tibbiyot muassasasi zarar ko‘rgan. Kamida yetti kishi jarohatlangan.

Foto: State Emergency Service of Ukraine/REUTERS

Rossiya 1 mart, shanbaga o‘tar kechasi Shahed dronlari yordamida Xarkov va Xarkiv oblastiga yirik hujum uyushtirdi. Shaharning Kiyev, Shevchenko va Novobavar rayonlarida to‘qqizta hujum qayd etilgan, deb xabar berdi mahalliy politsiya Telegramʼda.

Dronlardan biri uch qavatli tibbiyot binosiga urildi, natijada tomda yong‘in kelib chiqqan. Qutqaruvchilar, politsiya, tibbiyot xodimlari va ko‘ngillilar binodan 64 kishi, jumladan 56 bemor va bir bolani evakuatsiya qildi.

Turar joy binolari, savdo markazi, do‘konlar, yonilg‘i quyish shoxobchasi, avtosalon va boshqa fuqarolik infratuzilma obektlari ham zarar ko‘rgan, deya qo‘shimcha qildi Xarkiv oblasti politsiyasi. Yana bir qancha joylarda yong‘in sodir bo‘lgan.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchoqning zarbalari oqibatida kamida yetti kishi jarohatlangan. Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati (OHM)ning aniqlik kiritishicha, jabrlanganlarning barchasiga voqea joyida yordam ko‘rsatilgan va ularni kasalxonaga yotqizish talab qilinmagan.

Avvalroq Xarkiv ikki marta uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchradi

27 fevral oqshomida Rossiya Qurolli kuchlari Xarkiv oblastining energetika tizimiga kamida 12 ta kamikadze dron bilan hujum qildi. Uch kishi jarohatlangan, deya xabar beradi mahalliy rasmiylar.

Ertasi kuni tunda Xarkivga yana bir yirik uchuvchisiz uchoqlar havo hujumi uyushtirildi, natijada fuqarolik korxonasida 1500 kvadrat metrgacha bo‘lgan hududda yong‘in sodir bo‘ldi. Buning oqibatida, shuningdek, Rogan rayonida dronning qulashi oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan.

Mavzuga oid