Jahon | 17:42 / 28.02.2025
5840
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 17 bolani o‘g‘irlagan ayol qatl etildi

Yuy Xuain ismli jinoyatchi 2024 yil oktyabrda o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Sud uning apellyatsiyasini bekor qilgan va hukmni kuchda qoldirgan.

Foto: Xinhua

Xitoyning Guyyan shahri xalq sudi odam savdosida ayblangan 61 yoshli Yuy Xuainga nisbatan o‘lim jazosini ijro etdi, deb xabar beradi XXR prokuraturasi. Ish materiallariga ko‘ra, xitoylik ayol kamida 17 nafar bolani o‘g‘irlagan va ularni sotib yuborgan.

Yuy Xuain 2024 yil oktyabrda o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Hukm e’lon qilinganidan keyin u aybiga iqror emasligini va sud hukmi ustidan shikoyat kiritishini ma’lum qilgandi. Sud uning apellyatsiyasini bekor qildi va hukmni kuchda qoldirdi.

Yuy Xuain bundan oldin ham odam savdosida sudlangan. 2004 yilda u jinoyat sodir etish vaqtida ushlangan, ammo u o‘zini boshqa inson sifatida tanishtirib, jazodan qutulib qolgan. O‘shanda sud uni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etgandi, ammo 2009 yilda jazo muddati uch yilga qisqartirilgan.

2022 yilda Yan Nyuxua ismli shaxs 1995 yilda o‘zini o‘g‘irlab ketgan xitoylik ayolni sudga bergan. Tergov tadbirlari davomida Yuy Xuainning butun jinoiy tarmog‘i fosh etilgan. Avvaliga u 11 bolani o‘g‘irlash va sotishda ayblangan. 2024 yil oktyabrda rasmiylar ayol kamida 17 kishi uning qurboniga aylanganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Avvalroq Xitoyning Chjuxay shahrida ajrashganidan keyingi mulkiy mojaro natijalaridan norozi bo‘lib mashinasini odamlar ustiga haydagan shaxs qatl etilgandi. Hodisa oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan va 43 kishi jarohat olgan edi.

Mavzuga oid