O‘zbekistonda korxonalar soni keskin kamaymoqda
So‘nggi ikki yilda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 25 foizga kamaydi. Xususan, sanoat ishlab chiqaruvchilar 40 foizga, qurilish va qishloq xo‘jaligidagi korxonalar soni 39 foizga qisqarib ketdi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni qisqarib bormoqda. Bunga Statistika agentligi ma’lumotlarini o‘rgangan Kun.uz e’tibor qaratdi.
2025 yil 1 fevral holatiga, faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 431,5 mingtani tashkil etgan. Bu – bir yil oldingidan 10,7 foizga, 2 yil oldingi ko‘rsatkichdan 24,6 foizga kam.

2025 yil 1 fevral holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan 431,5 mingta korxona va tashkilotdan 367,3 mingtasi – tadbirkorlik sub’yektlari. Shundan 363,6 mingtasi – kichik korxona va mikrofirmalardir.
Oxirgi 2 yilda tadbirkorlik sub’yektlari soni ham qisqarmoqda. Faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari bir yil oldingiga nisbatan 12,3 foizga, ikki yil oldingiga nisbatan 27,6 foizga kamaygan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha hisoblaganda, 2023 yil 1 fevralidan 2025 yil 1 fevraligacha bo‘lgan davrda:
- sanoat yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 93 908 tadan 56 277 tagacha yoki 40 foizga;
- qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 45 541 tadan 27 908 tagacha yoki 38,7 foizga;
- qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 51 051 tadan 31 297 tagacha yoki 38,7 foizga;
- yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 35 065 tadan 26 639 tagacha yoki 24 foizga;
- savdo sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 177 011 tadan 139 171 tagacha yoki 21,4 foizga;
- tashish va saqlash xizmatlari ohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 20 207 tadan 15 95 tagacha yoki 21 foizga;
- axborot va aloqa sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 11 879 tadan 10 015 tagacha yoki 15,7 foizga kamaygan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 11 442 tadan 11 941 tagacha yoki 4,4 foizga oshgan.
Ayni paytda, yangi tashkil etilgan korxonalar soni ham kamayyapti. 2021 yilda 103 mingga yaqin yangi korxona va tashkilot ochilgan bo‘lsa, 2022 yilda 94 ming, 2023 yilda 89 ming, 2024 yilda 80 mingga yaqin yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Biznesdagi kayfiyat avvalgidek emas
Avvalroq Markaziy bank “Biznes kayfiyati sharhi”ni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 2024 yilning 4-choragida “biznes muhiti yaxshilandi” deb hisoblovchi tadbirkorlar soni kamaygan. So‘rovda qatnashganlarning 53 foizi joylarda biznes muhiti yaxshilanganini bildirgan, 3-chorakda esa bunday deb hisoblovchilar soni 57 foiz bo‘lgandi.
Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi pasaygani ham e’tiborli. O‘tgan yili oxirida o‘rta yoki yuqori ishlab chiqarish quvvatlarida ishlagan korxonalarning ulushi 50 foizgacha pasaygan. Markaziy bankning qayd etishicha, bu – oxirgi 1,5 yildagi eng past ko‘rsatkich. To‘liq quvvatda ishlamayotgan korxonalar asosan Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida joylashgan.
Korxonangiz nega to‘liq quvvatda ishlamayapti, degan savolga javoban tadbirkorlarning aytishicha, bunga gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, avtomobil yonilg‘isi narxining oshishi va soliq tizimidagi qiyinchiliklar sabab bo‘lyapti. Keyingi 3 yilda iqtisodiyotdagi vaziyat va biznesdagi muhit yaxshilanadi deb hisoblovchi biznesmenlarning ulushi 62 foizdan 56 foizgacha kamaygan.
Mavzuga oid

11:53
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

14:11 / 08.03.2025
Vengriyada ishlayotgan turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi

15:05 / 07.03.2025
Biznes uchun statistika hisobotlari hajmi kamayadi

13:32 / 07.03.2025