O‘zbekiston | 16:24 / 27.02.2025
1558
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

45 yoshli Ufuk Ulutash Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi bo‘ldi.

Foto: TIV

27 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Ufuk Ulutashdan ishonch yorliq nusxalarini qabul qildi.

«O‘zbekiston va Turkiya nafaqat ikki tomonlama sherikchilik darajasida, balki mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda ham faol davom etmoqda. Ishonchimiz komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz har ikki mamlakat ravnaqi va taraqqiyotiga xizmat qiladi. Janob elchini ushbu lavozimga tayinlangani bilan samimiy tabriklaymiz va diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tilaymiz», deb yozdi Saidov.

Ufuk Ulutash 1980 yilda tug‘ilgan, diplomat va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis. U Quddusdagi ibroniy universitetida ibroniy va Yaqin Sharq tarixini o‘rgangan. Bungacha Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi raisi lavozimida ishlagan.

2022 yil oktabr oyida Ulutash Turkiyaning Isroildagi elchisi etib tayinlanmasligi xabar qilingan edi.

Ulutashdan oldin Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida 2021 yildan buyon Olgan Bekar ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid