O‘zbekiston va Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi. Ikki mamlakat o‘rtasida ikki tomonlama bitimlarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarlari keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.
2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumlari va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.
Keyingi bir necha yilda «O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston» multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2025 yil iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda, o‘zaro Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, ShHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladilar.
Keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladilar.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida tashrif davomida imzolangan quyidagi hujjatlar almashildi:
- Fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida bitim;
- Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Professional ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Yoshlarga oid siyosat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- diplomatik akademiyalar, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar va ahdlashuvlar hamda boshqa hujjatlar.
Mavzuga oid

20:14 / 10.03.2025
Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni davlat tashrifi bilan Fransiyaga boradi

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025