O‘zbekiston | 19:54 / 25.02.2025
18562
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston FVVga yangi rahbar tayinlandi

Abdulla Qo‘ldoshev vazirlikdan ketgan. Uning o‘rnini MIBning sobiq direktori, oxirgi vaqtlarda harbiy prokuror lavozimida ishlab kelgan Botir Qudratxo‘jayev egalladi.

Foto: Bosh prokuratura

Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni imzolangan.

U shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – Harbiy prokurori lavozimidan ozod etildi.

Bundan ilgariroq Botir Qudratxo‘jayev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi. 

Botir Qudratxo‘jayev muqaddam Surxondaryo viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi, viloyat prokurori bo‘lib ishlagan (2014−2016), keyin Toshkent shahri prokurori bo‘lgan (2016−2017), 2017 yil iyunidan 2020 yil oktyabriga qadar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori lavozimida ishlagan.  

2020 yildan Xorazm viloyatiga prokuror bo‘lgan, 2022 yil noyabrida esa Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokuror lavozimiga tayinlangandi.

Ma’lumot uchun, FVVga 2022 yil martidan buyon Abdulla Qo‘ldoshev rahbarlik qilib kelayotgandi (u 2018 yildan favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida amalda vazirlik rahbari hisoblangan). Uning ishdan ketishi sababi hozircha ma’lum emas.

Mavzuga oid