O‘zbekiston | 20:13 / 25.02.2025
3380
3 daqiqa o‘qiladi

«Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» esdalik medali ta’sis etildi

O‘zbekiston prezidenti «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» esdalik yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. U urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga, shuningdek, front orti mehnat faxriylariga topshiriladi.

O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi sharafiga «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» esdalik yubiley medali ta’sis etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu esdalik yubiley medali O‘zbekiston fuqarolariga — «1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun» va «Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun» medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan, urush qatnashchisi guvohnomasiga yoki Vatan urushi nogironi guvohnomasiga ega bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar shaxslarga topshiriladi.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi frontorti mehnat faxriylari, shu jumladan, «1941-1945 yillar Ulug‘ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun», «Mehnatdagi jasorati uchun», «Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun» medallariga yoki 1941-1945 yillardagi urush davrida Qurolli kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash bo‘yicha shtat lavozimida bo‘lganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan mehnat fronti qatnashchilari ham mazkur esdalik yubiley medali bilan mukofotlanadi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda esdalik yubiley medali bilan mukofotlanishi lozim bo‘lgan urush faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnashchilarining aniq ro‘yxatini tuzib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avvalroq prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, urush qatnashchilariga 10 ming dollardan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 mln so‘mdan bir martalik pul mukofoti beriladi.

Mavzuga oid

E`lonlar