O‘zbekiston | 20:37 / 25.02.2025
5721
12 daqiqa o‘qiladi

Bahor yaqin. Dehqonlarga qanday yordam kerak?

O‘zbekistonlik dehqonlar uchun yeng shimarib ishga kirishadigan mavsum boshlanmoqda. Kun.uz'ning yangi dehqonchilik mavsumi arafasida tayyorlagan ikkinchi suhbatida mutaxassislar g‘alla, meva-sabzavotchilik, o‘g‘it va urug‘ navlari kabi mavzularda fermerlarni qiziqtirayotgan savollarga javob berishdi.

Kamoliddin Ikromov, Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari: O‘tgan ko‘rsatuvimizda iqlimshunos Erkin Abdulahatovning so‘zlari o‘zini oqladi – ob-havo o‘zgaryapti. Oldimizda turgan dolzarb masalalardan biri – g‘allani oziqlantirish va g‘alla agrotexnikasi, shu bo‘yicha kerakli maslahatlar bersangizlar.

Dilshod G‘ofurov, Paxtachilik instituti katta ilmiy xodimi: G‘allani oziqlantirish emas, mineral o‘g‘itlariga bo‘lgan talabi va qo‘llash muddatlari va me’yorlari bo‘yicha to‘xtalmoqchiman. G‘alla turli omillarga: tuproq, iqlim sharoiti, havo harorati, namlik, suvga bo‘lgan talab va o‘simlikning holatiga qarab azotli o‘g‘itlarni qirq-qirq besh foizgacha o‘zlashtirishi mumkin. Fosforni esa o‘n sakkiz-yigirma foizgacha, kaliyni o‘ttiz sakkiz-qirq foizgacha o‘zlashtiradi.

Lekin hozirgi paytda asosiy savollardan biri – g‘allani oziqlantirish. G‘allani oziqlantirishda, yuqorida aytib o‘tganimdek, fursat keldi yoki yo‘qmi, ko‘rib chiqish kerak. Bunda o‘sha, aytib o‘tganimdek, g‘allani oziqlantirish davrida, ya’ni vegitatsiya davrida qaysi oziqa elementlariga ehtiyoji borligini bilish asosiy vazifa hisoblanadi. Bunda asosan fosforli o‘g‘itlarga bo‘lgan talab yuqoriroq bo‘ladi. Havo harorati ko‘tarilib, yigirma ikki-yigirma to‘rt gradusga o‘tgandan keyin azot o‘g‘itlarini berish tavsiya qilinadi.

Kamoliddin Ikromov: Lekin hozirgi paytda ko‘p fermer xo‘jaliklarda fosforli o‘g‘itlar qo‘llanilmaydi. Savol tug‘ilmoqda: fosforli o‘g‘itlarning o‘rnini qanday qilib qoplash mumkin?

Dilshod G‘ofurov: Fosforli o‘g‘itlarni o‘rnini qisman darajada o‘z o‘rniga qo‘yish uchun fosforni suspenziya sifatida bargdan oziqlantirish, fosforli elementlarga boy bo‘lgan stimulyator yoki preparatlarni qo‘llash mumkin. Havo harorati keskin yigirma ikki-yigirma gradusga ko‘tarilganidan keyin, tuproqning namligi va tuproq muhitini hisobga olgan holda, birinchi oziqlantirish kerak, ya’ni 150-200 kilo selitra bilan o‘g‘it berish ma’qul hisoblanadi.

Kamoliddin Ikromov: Fermerlardan shunaqa savollar kelyapti: "Ko‘pchilik ammofos bilan ekishga ulgurmagan, hozir ammofosni solsak bo‘ladimi? Keyin, birinchi o‘g‘itlashga ammoniy sulfat yoki boshqalar bilan ishlasa bo‘ladimi?

Dilshod G‘ofurov: Albatta, bo‘ladi.

Kamoliddin Ikromov: Xabaringiz bor, kartoshkalar narxi juda ham oshib ketdi. Hozir dehqonlar ko‘proq aynan shu kartoshkani ekishyapti. O‘tgan safar ob-havo bo‘yicha prognoz berilgandi: “Anomal ob-havo bo‘lishi mumkin, misol uchun, yigirma darajagacha isib turadi-da, birdaniga sovuq tushib qolishi mumkin yoki qor yog‘ib qolishi mumkin”, deb. Sabzavotchilarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

Rafiqjon Hakimov, Sabzavotchilik ilmiy tadqiqot instituti laboratoriya mudiri: Bugungi kunda bozorlarimizda oxirgi kunlarda narx-navolar ham ancha barqarorlashib qoldi, kartoshka narxlari tushdi. Lekin, umuman olganda, kartoshka ekish muddati bugunda eng optimal muddatlar hisoblanadi. Janubiy vohalarda yanvar oylaridan ekish boshlashadi, ayniqsa ular plyonka ostiga undirilgan kartoshkalarni ekishadi.

Boshqa vohalarda, ya’ni shimoliy va markaziy vohalarda, fevralning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladigan muddat optimal hisoblanadi. Kartoshkani ekishga katta ahamiyat beriladi. Bahorgi muddatda albatta erta pishar va erta-o‘rta pishar navlarni ekish kerak. O‘rta yoki kech pishar navlarni ekadigan bo‘lsak, kartoshkaning biologiyasidan kelib chiqqan holda, agar u issiqqa tushib qoladigan bo‘lsa, 25 darajadan keyin yuqori haroratda tugmaydi. Shuning uchun bizda, O‘zbekistonda, asosan erta pishar va erta-o‘rta pishar navlarni ekish tavsiya etiladi.

Erta bahorda albatta undirilgan kartoshkalarni ekish kerak. Undirilgan kartoshka nima? Kuzda yig‘ib olingan urug‘lik kartoshkalar, erta pishar navlar tabiiy ravishda unishni boshlaydi. Jarayonni tezlashtirish maqsadida dehqonlarimiz issiqxonalarga ularni olib kirishadi, kamida 18-20 daraja haroratda ochiq joyda kartoshkani undirishadi. Kartoshkani undirib, keyin ochiq maydonga ekilganda, yerdan tez unib chiqishiga va hosil erta pishishiga yordam beradi. Agar undirilmagan kartoshkani ekadigan bo‘lsak, ombordan olib chiqib undirilmagan kartoshkani ekadigan bo‘lsak, bu kamida bir oy yoki qirq kun vaqtni zoye qiladi.

Bugungi kunda ochiq maydonga ekilgan kartoshkalar vaqtinchalik tunnelli plyonka qoplamasi bilan ekiladi. Mana shunday ekilgan kartoshkalarimiz bugungi kunda ayrim joylarda, ayniqsa janubiy vohalarda, unib chiqqan.

Ertaga sabzavot ekinlarini ekish muddati boshlanadi. Erta bahorgi, yozgi va kech yozgi ekish muddatlari bor. Erta bahorgi ekinlar, ya’ni sovuqqa chidamli ekinlar: ko‘katlar, rediska, piyoz, sabzi, brokkoli va turli karamlar kiradi.

“To‘qson bosti” muddatida ekilgan sabzavot ekinlari bahorgi muddatga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Agar “to‘qson bosti” muddatida ekilsa, hosil o‘n besh yigirma kun oldin unib chiqib, bahorgi muddatga nisbatan erta olish imkonini beradi.

Kamoliddin Ikromov: Qurg‘oqchilikka qarab ketyapmiz. Qurg‘oqchilikka chidamli navlar va anomal haroratga chidamli navlar ishlab chiqilyaptimi, deb so‘rashyapti fermerlar. Dehqonlar urug‘dan aldab qolmasligi uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Hozir tomorqachilik to‘g‘risida farmonlar chiqdi. Shunga asosan urug‘lar tarqatilmoqda, sizlar tomondan va dehqonlarning o‘zi ham nimaga e’tibor berishi kerak?

Po‘lat Choriyev, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi bo‘limi boshlig‘i: Dehqonlar huquqiy bilimga ega bo‘lish kerak deb o‘ylayman. Urug‘lik olayotganda bir nechta hujjatlar talab qilinadi, urug‘liklarni realizatsiya qilishda muvofiqlik sertifikati, davlat reyestriga ro‘yxatdan o‘tkazilgan va karantin sertifikati mavjud bo‘lgan nav va duragaylarni olib ekish maqsadga muvofiq.

Kamoliddin Ikromov: Dehqon qanday tekshirib olishi mumkin? Urug‘ qadoqlanishida ustiga majburiy bir nima yozib qo‘yiladimi, masalan, reyestr raqami, yoki QR kod orqali onlayn tekshirish imkoniyatlari yaratilganmi?

Shokir Sharipov: Boshqacha qilib aytganda, yangi navlar dehqonga yetib boryaptimi?

Kamoliddin Ikromov: Bitta nav kirib kelsa, dehqonlar sinashadi, yaxshi chiqadi va shundan keyin uni kimdir olib, xuddi shu qadoqda boshqa narsani sotishi mumkin, “kontrafakt” deyiladi.

Rafiqjon Hakimov: Davlat reyestriga kiritilgandan keyin birlamchi urug‘chilikni tashkil qilamiz. Keyin, respublikamizda urug‘chilikni rivojlantirish markazi bor. Mana shu markazga biz dastlabki manbalarni beramiz. Ularning nazorati ostida, birinchidan, elita xo‘jaliklari bor, ikkinchidan, ularning nazorati ostida urug‘chilik xo‘jaliklari bor. Ularning nazorati ostonidan o‘tadi. Bozorlarda, aytganingizdek, xorijiy urug‘larni olib kelgan vakillar bor. Har bir firma o‘zini registratsiya qilgandan keyin, vakillarini qo‘yadi. Dehqon toza urug‘ olaman desa, mana shu vakillardan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri birinchi qo‘ldan olishi kerak.

Mahalliy urug‘larni olishni xohlaganda, albatta, bizning institutimiz bor. Institutimizning o‘nta viloyatda ilmiy tajriba stansiyalari bor. Mana shu joylarda olingan hujjatlashtirilgan navlar tekshiruvdan o‘tkazilgan va ularning namunasi standartlarga javob beradi. Dehqon bozorlardan oladigan bo‘lsa, albatta sotuvchidan oldin shu urug‘i guvohnomasi bormi deb, so‘rashi kerak. Nav tozaligiga guvohnomani so‘rashi kerak.

Dilshod G‘ofurov: Hozirgi paytda respublikamizga katta miqdorda xorijiy g‘o‘za navlari kirib keldi. Ular o‘zimizning o‘rta tolali g‘o‘za navlarimizdan qanday farqlanadi, degan ko‘plab savollar kelib tushyapti. Shu savollarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Birinchidan, bu xorijdan kelgan g‘o‘za navlarining samaradorligi tuproq haroratiga bog‘liq: tuproq harorati 80 gradus bo‘lganida unib chiqyapti. O‘zimizning g‘ozinavlarimiz 100 o‘tgandan keyin unib chiqadi. Hashorot va zararkunandalarga qarshi turishda o‘zimizdagi o‘rta tolali g‘o‘za navlaridan deyarli farq qilmaydi. Ammo yangi navlar, ko‘sak qurtiga chidamliligi bo‘yicha, to‘g‘risini aytganda, ozgina ortda qolganligi kuzatildi. Ba’zi hollarda xorijiy g‘o‘za navlari qimmat narxlarda xarid qilingan, ammo bunga ko‘proq e’tibor berish kerak.

Shokir Sharipov: Dehqon qanaqa yordamga muhtoj hozirgi vaqtda?

Rafiqjon Hakimov: Avvalambor dehqonlarga minnatdorchilik bildirish kerak, chunki bugungi kunda, tabiatning turli injiqliklariga qaramay, xalqimizga meva va sabzavot mahsulotlarini qishin-yozin yetkazib berishyapti. Men o‘ylaymanki, birinchi navbatda, dehqonlarimizga mahsulotini aniq oladigan tashkilotlar va bozorlarini aniq belgilab berish kerak. Ko‘p joylarda gaplashganimizda dehqon mana shu masalada qiyinchilikka uchraydi. Aniq shartnomasi bo‘lsa, dehqon biladiki, men bugungi kunda, mana shu, falon gektar falon ekinni ekishim, falon muddatda yetkazib berishim, falon narxda sotishim kerak.

Ikkinchidan, dehqonlarimizni albatta sifatli urug‘ bilan ta’minlab berish kerak. Sifatli va yaxshi nav urug‘ bilan ta’minlab berilsa, bozordan aldanib qolish ehtimoli kamayadi. Ma’lumki, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilindi.

Biz, masalan, ikki hududda ma’ruzalar qildik. Joylarda suv muammosiga to‘g‘ri kelishyapti. Tomorqasi bor, lekin suv muammosini ko‘tarmoqda. Hukumatimizga rahmat, shu yo‘nalish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. 1 aprelgacha suv muammoli bo‘lgan tomorqalarda yer ostidan suv chiqarib berish ishlari olib borilyapti. Bu balki bir yilda hal bo‘lmas, lekin men o‘ylaymanki, tomorqa xo‘jaliklarini samarali foydalanish uchun suv muammolari asta-sekin hal qilinadi.

Dilshod G‘ofurov: Asosiy muammolardan biri logistika, sotuv va marketingni joyini qo‘yish kerak. Fermer xo‘jaligi, dehqon mahsulot yetishtirsa, qayerga sotadi? Tavsiya berilayotgan ekinlarimizga sharoit yaratib berish kerak, chunki ekin turi ko‘p. Har bir turning agrotexnikasi, muddati bor va hokazo.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Mavzuga oid