Hafta davomida yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda
Dam olish kunlaridagi bahoriy ob-havodan so‘ng hafta davomida harorat keskin o‘zgarishi kutilmoqda. Hududlarda yomg‘ir yog‘ib, qorga aylanadi. Harorat kechalari 0…–9 darajagacha pasayishi mumkin.

Foto: Kun.uz
Dam olish kunlari kuzatilgan bahoriy iliq ob-havodan so‘ng ushbu hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havoning keskin o‘zgarishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 24–25 fevral kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 26 fevralda respublikaning qolgan hududlarida yomg‘ir qorga aylanadi. Ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ladi.
Ayrim joylarda shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha, ba’zida 23–25 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Dushanba kunduzi hududning katta qismida havo harorati +10…+15 daraja atrofida bo‘ladi, 25–27 fevral kunlari 0…+5 darajagacha asta-sekin pasayadi. 26–27 fevral kunlariga borib, kechalari harorat 0…–5 darajagacha tushadi.
Ish haftasi davomida respublika shimolida harorat asosan kechalari –4…–9 daraja, kunduz kunlari –3…+2 daraja bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi.
Toshkent shahrida dushanba kunining ikkinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 25–28 fevral kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanadi) bo‘ladi.
Havo harorati dushanba kunduzi +13…+15 daraja, seshanba kuni +11…+13 daraja bo‘ladi. 26–28 fevral kunlari +2…+5 darajagacha pasayadi. 27–28 fevral kunlariga borib, harorat kechalari 0…–3 darajagacha asta-sekin pasayadi.