O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga qo‘shilmoqda
Orxus konvensiyasi insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. U tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik o‘rtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Foto: Senat axborot xizmati
Senatning yalpi majlisida “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998 yil 25 iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Xalqaro maqomdagi mazkur hujjatning asosiy maqsadi – ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni tartibga solish hamda odil sudlovga erishishni ta’minlashdan iborat.
Konvensiyada davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan keng jamoatchilik so‘roviga binoan havo, atmosfera, suv va tuproq kabi atrof-muhit elementlarining tarkibiy qismlariga doir zarur ma’lumotlarni taqdim etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash belgilangan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning mazkur konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhit sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib ta’minlashga, xorijiy hamkor davlatlar bilan hamjihatlikda ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Mamlakatda qonunlar mavjud strategiyalar va dasturlarning hammasi xalqaro standartlarga javob beradi. Lekin muammo ularning ijrosida. Daraxt kesilishi, Toshkent shahri havosining ifloslanishi, shu kabi ma’lumotlarni tarqatish... Bunday xabarlarni tarqatilishiga mas’ullar befarq bo‘lmasligi kerak. Mana shu yerda bizda muammo bor. Shuning uchun jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatib, jamoatchilik kengashlaridan samarali foydalanish zarur. Qolaversa, ular aytgan masalalar bo‘yicha yana nima ishlar qilishimiz kerak, qanday choralar ko‘rishimiz va yana qanaqangi qo‘shimcha dastur yoki qaror, tegishli hujjat qabul qilinishi kerak bo‘lsa, marhamat, masalani ko‘tarib chiqishni tashkillashtiraylik.
Qonunlarni qabul qilaveramiz, lekin uning ijrosi bo‘lmasa, hammasi qog‘ozda qolib ketadi. Bu nafaqat sizlarga, hammaga taalluqli.
Mahalliy kengashlar bu borada o‘ziga vazifalarni belgilab olishi zarur. Mana shu ko‘rilayotgan har bir masalaning amalda ijobiy samarasini ko‘rsatishi ko‘p jihatdan mahalliy kengashlarning faolligiga bevosita bog‘liq. Ijro organlaridan mana shu masalalar ijrosini so‘rash ham sizlarning vazifalaringizdan biridir.
Shuning uchun biz sizlarni yalpi majlislarimizga bejiz taklif qilayotganimiz yo‘q. Eshitib, xulosa qilib, demak, ish rejangizga qo‘shimcha masalalarni kiritib borish kerak bo‘ladi”, deya ta’kidladi Senat raisi Tanzila Norboyeva qonun muhokamasida.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid

11:22 / 27.02.2025
O‘zbekistonda har 100 ming aholiga qariyb 200 tadan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘ri keldi

20:46 / 21.02.2025
Aksiyadorlik jamiyati xodimlariga aksiya sotib olish uchun imtiyozli huquq beriladi

23:15 / 20.02.2025
Senat istirohat bog‘lari va xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi

21:30 / 20.02.2025