O‘zbekiston | 17:09 / 22.02.2025
10982
2 daqiqa o‘qiladi

Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida prezident qarori imzolandi

Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» bosh g‘oyasi asosida umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi.

Foto: jizzax.uz

«2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, 2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» bosh g‘oyasi asosida umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlarini o‘tkazishga e’tibor qaratiladi.

Bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar, kitob ko‘rgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlari, ko‘klam taomlarini tayyorlash hamda bu borada ko‘rgazmali savdo va tanlovlar tashkil etiladi.

Toshkent shahridagi «Yangi O‘zbekiston» majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillari tashkil etiladi.

Umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, ko‘chava xiyobonlarni milliy uslubda bayramona bezatiladi. Bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar o‘tkaziladi, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilinadi.

Mavzuga oid