O‘zbekiston | 10:51 / 22.02.2025
1526
2 daqiqa o‘qiladi

270 mln so‘mdan ziyod gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

Buxoro viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Foto: Videodan kadr

“Hududgazta’minot” keltirishicha, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reydlarda qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi.

Kogon tumanining Niyoz hoji hududida joylashgan xonadon egasi elektron gaz hisoblash uskunasini (EGHU) yashirin ravishda chetlab o‘tib, yerosti gaz quvuriga ulangani aniqlandi. Holat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 54 million 992 ming so‘mlik zarar hisoblandi.

Shunga o‘xshash holat G‘ijduvon tumanidagi Dilkusho mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.I. xonadonida ham kuzatildi va iste’molchiga nisbatan 11 mln so‘mlik jarima belgilandi.

Viloyatning olis hududi bo‘lmish Qorovulbozor tumanida faoliyat olib borayotgan “K.K.” xususiy korxonasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, 15 mln 974 ming so‘m zarar keltirgan bo‘lsa, tumanning “Cho‘lquvar” MFYdagi fuqaro M.N. xonadonida 53 mln 392 ming so‘mlik tabiiy resursdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, Qorako‘l tumanining “Eski qal’a” MFYda joylashgan kutubxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi va 51 mln 891 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi. Tumanning “Xo‘jalar” MFYda joylashgan “A.U.G.” MJChga qarashli umumiy ovqatlanish maskanida o‘zboshimchalik bilan hisoblagichning maksimal hisoblash chegarasidan ortiqcha, loyihadan tashqari gaz jihozlari o‘rnatilgani aniqlandi va 51 mln so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi. Tumandagi yana bir oshxonada xuddi shunday qoidabuzarlik aniqlanib, 40 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Barcha holatlar bo‘yicha hujjatlar tegishli tartibda huquq-tartibot idoralariga topshirildi.

Mavzuga oid