Jahon | 21:10 / 21.02.2025
7840
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Rossiya va AQSh muzokaralariga ilk bor munosabat bildirdi

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Pekin Rossiya va AQSh o‘rtasida Ar-Riyodda «yaqinda erishilgan konsensus»ni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu Xitoyning yuqori martabali vakilining Rossiya-AQSh muzokaralari bo‘yicha birinchi izohidir.

«Xitoy tinchlikka erishishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni, jumladan, yaqinda Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasida erishilgan konsensusni qo‘llab-quvvatlaydi va tomonlar o‘zaro xavotirlarni bartaraf etadigan barqaror va uzoq muddatli yechim topishini kutadi. Xitoy tomonlarning so‘rovlariga muvofiq va xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, global Janubning xavotirlarini hisobga olgan holda inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilishda bundan keyin ham konstruktiv rol o‘ynashga tayyor», — deyiladi Van Ining bayonotida.

Vazir Pekin XXR raisi Si Jinping 2024 yil aprel oyida ta’riflagan to‘rtta tamoyilga muvofiq «tinchlikni faol targ‘ib etayotgani»ni ta’kidlagan. Ular «tinchlik va barqarorlikni saqlash», urushning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish va kamaytirish, ta’minot zanjirlarini uzish zarurligi haqida.

Van I Yoxannesburgdagi G20 sammitida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashgandi. Rossiya tashqi siyosat idorasi ta’kidlashicha, uchrashuvda Ukraina mavzusi ham muhokama qilingan, biroq hech qanday tafsilotlar keltirilmagan.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 fevral kuni Vladimir Putin yaqin vaqtlar ichida telefon orqali Si Jinping bilan muloqot qilishini bildirdi.

G‘arb sanksiyalari tufayli ularga qo‘shilmagan Xitoy G‘arb bozorlari va texnologiyalaridan mahrum bo‘lgan Moskva bilan savdo aloqalarini sezilarli darajada mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi. Ba’zi tahlilchilar fikricha, Donald Tramp ma’muriyati Xitoyni tiyib turish bo‘yicha global strategiyasi doirasida Rossiyaning Xitoy bilan aloqalarini zaiflashtirish uchun Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash yo‘lini tutgan.

Mavzuga oid