O‘zbekiston | 11:42 / 21.02.2025
4278
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida yuk mashinasi yo‘lga o‘tirib olgan shaxsni urib ketdi

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidan o‘tgan A373 Guliston - Bo‘ka - Ohangaron yo‘lining 53-kilometrida 17 fevral kuni soat 23:00 larda noma’lum murda yotganligi aniqlangan. 

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati IIBB YHXB xabar berishicha, tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ushbu fuqaroning shaxsiga va o‘lim holatiga avtomashina urib ketishi sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. Qochib ketgan haydovchini aniqlash yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi

Hodisa sodir bo‘lgan kunning ertasi kuni gumondor va mashina topildi. Gumondor shaxs 1994 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, hodisani o‘ziga tegishli Isuzu mashinasida sodir qilgani ma’lum bo‘ldi. 

“Qorong‘i yo‘lda o‘zimga tegishli o‘ng tomon yo‘lakda 60 tezlikda ketayotgandim. Fuqaro chiziqdan sal beriroqda o‘tirib olgandi. Oldida narsalari sochilib yotgandi. 5 metr masofa qolgandi, aylanib o‘tdim, tegmadi deb o‘ylagandim. Qo‘rqib ketdim, baqirib yubordim. Tegmadi deb o‘ylab ketdim”, deydi hodisani sodir etgan haydovchi. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117 (xavf ostida qoldirish) va 266-moddalariga (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Mavzuga oid