Jahon | 12:25 / 21.02.2025
6676
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi Tramp qanday shartda Putin bilan uchrashishini aytdi

Agar Ukraina bo‘yicha muzokaralarda o‘zgarish kuzatilsa, Donald Tramp Vladimir Putin bilan uchrashadi, dedi AQSh davlat kotibi. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Moskva niyatlarining jiddiyligini aniqlamoqchi.

Foto: Getty images

AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv ehtimoli «ko‘p jihatdan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish mumkinligiga bog‘liq». Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio 20 fevral, payshanba kuni X platformasida translatsiya qilingan jurnalist Ketrin Xerrijga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Trampning Putin bilan uchrashuvi shartlari

Rubio 18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar chog‘ida Trampning Putin bilan uchrashuvini muhokama qilganini aytdi. Ammo Lavrov va Rossiya rasmiylariga «u nima haqida bo‘lishini bilmagunimizcha, uchrashuv bo‘lmaydi» deyildi, deb qo‘shimcha qildi Rubio.

«Odatda bunday uchrashuvlar qandaydir natija ma’lum bo‘lmaguncha yoki qandaydir yutuqlarga erishilmaguncha o‘tkazilmaydi», deb tushuntirdi Amerika tashqi siyosat idorasi rahbari. Biroq, agar AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erisha olsa va Trampning Putin bilan uchrashuvi kelishuvni mustahkamlasa, «hamma prezident Trampni tinchlikparvar sifatida sharaflashi kerak», dedi u.

Rossiyaning niyatlari jiddiyligiga oydinlik kiritish kerak

Tramp Putin bilan telefon suhbatidan so‘ng fevral oyi oxirigacha u bilan shaxsan uchrashishi mumkinligini aytgan bo‘lsa-da, Rubio bu qachon yuz berishi mumkinligini «bilmasligini» aytdi.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika prezidenti Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish borasida qanchalik jiddiy ekanini bilmoqchi. Buni tekshirishning yagona yo‘li Moskvadan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rash, deya qo‘shimcha qildi Rubio. Saudiya Arabistonidagi muzokaralardagi yagona kelishuv tinchlik haqida gapirishni davom ettirish niyati edi, deya tushuntirdi u.

Mavzuga oid