21 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgani rad etilgan Mubashshir Ahmad, xususiylashtirilishi taqiqlanayotgan parklar va xiyobonlar, armiyada ochilayotgan dronlar va sun’iy intellekt bo‘linmalari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Mubashshir Ahmad o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgani rad etildi
Advokatlar taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Ichki ishlar vazirligi avvalroq u Jinoyat kodeksining 244–2-moddasi — ekstremistik tashkilotlarda ishtirok etish bilan ayblanayotganini tasdiqlagan edi. Biroq himoyachilarga ko‘ra, unga nisbatan aslida 244–3-modda (diniy materiallarni tarqatish tartibini buzish, shu huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan so‘ng moddasi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, bu ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat hisoblanadi.
Shuningdek, sud 2023 yil noyabrda Tursunovni qamoqqa olish haqidagi iltimosni rad etgan. Hozirda uning bir xatti-harakati uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi yuzasidan shikoyat arizalari kiritilgan.
Allamjonovning yordamchilariga nisbatan ma’muriy ish bekor qilindi
Oliy sud Komil Allamjonovga suiqasddan so‘ng qamoqqa olingan yordamchilariga nisbatan ma’muriy ishni huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli tugatdi.
Ilgari 7 nafar shaxs mayda bezorilik va ichki ishlar xodimiga bo‘ysunmaslikda ayblanib, 15 sutkaga qamalgan edi. Sud dalillar yetarli emasligini inobatga olib, ularga nisbatan chiqarilgan qarorlarni bekor qildi.
Shuningdek, ish yuzasidan dalillarni to‘plamagan IIB xodimi va bunga e’tibor bermagan sudyalarga nisbatan Ichki ishlar vazirligi hamda Sudyalar malaka hay’atiga xususiy ajrimlar chiqarildi.
Istirohat bog‘lari va xiyobonlar xususiylashtirilmaydi
Senat istirohat bog‘lari, xiyobonlar va botanika bog‘larini xususiylashtirishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. Hujjat mazkur hududlarda bino va inshootlar qurilishini man etish hamda bu cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Qonunga muvofiq, madaniy hordiq maskanlari, sayilgohlar va ulardagi daraxtlar muhofaza qilinadi, yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat etilgan turlari aniq belgilanadi. Shuningdek, botanika bog‘lari muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Qonun Yer kodeksiga alohida bob qo‘shish orqali yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etadi. Bu choralar yer resurslaridan oqilona foydalanish va shaharsozlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Armiyada dronlar va sun’iy intellekt bo‘linmalari
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni mudofaa va harbiy xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, O‘zbekiston armiyasini modernizatsiya qilishga oid yangi vazifalarni belgiladi.
Yig‘ilishda milliy armiyaning jangovar shayligi oshgani, yangi texnologiyalar joriy etilayotgani ta’kidlandi. Prezident armiyani sun’iy intellekt, dronlar va kibertuzilmalardan samarali foydalanishga tayyorlash zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda, dronlar va ularga qarshi kurashish bo‘linmalari, sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan qo‘shin boshqaruv tizimi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, harbiy ta’limni takomillashtirish, mudofaa sanoatini rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston JST a’zoligiga yaqinlashmoqda
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishiga uzog‘i bilan bir yil qolgani ma’lum qilindi. Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovga ko‘ra, mamlakat 2026 yil mart oyi oxirigacha rasman tashkilotga qo‘shiladi.
Jyenevadagi JST bosh kengashi yig‘ilishida 16 davlat, jumladan, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Britaniya O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Britaniya rasmiylari mamlakatning a’zolik jarayoniga ko‘maklashishini tasdiqladi.
JST sammiti 2026 yil mart oyida Kamerunda bo‘lib o‘tadi va ungacha O‘zbekistonning a’zoligi rasmiylashishi kutilmoqda.
8 mart munosabati bilan dam olish kunlari
O‘zbekistonda 8 mart — Xotin-qizlar kuni shanbaga to‘g‘ri kelgani sababli dam olish kuni 10 mart, dushanba kuniga ko‘chiriladi. Shu bois haftasiga 5 kun ishlovchi fuqarolar 8, 9 va 10 mart kunlari ketma-ket uch kun dam oladi.
Haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun esa faqat shanba (8 mart) va yakshanba (9 mart) dam olish kuni bo‘ladi, 10 mart dushanba kuni esa ular uchun ish kuni hisoblanadi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishlanmaydigan bayram kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Bu yilgi ish vaqti taqvimi ham shu tartibda tasdiqlangan.
Mavzuga oid

00:19 / 08.03.2025
7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:30 / 06.03.2025
6 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:22 / 05.03.2025
5 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:10 / 04.03.2025