Zelimxon Haydarov Tennis federatsiyasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi
Tennis federatsiyasi raisiga o‘rinbosarlar tayinlandi. Ular orasida Prezident administratsiyasi Moliya-iqtisodiyot bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelgan Zelimxon Haydarov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Iroda To‘laganova ham bor.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Zelimxon Haydarov O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Zelimxon Haydarov 23 yil (1993−2016 yillar) O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov devonining rahbari lavozimida faoliyat yuritgan, keyinchalik Prezident administratsiyasida (2016−2018) ham shu lavozimda ishlagan. 2018 yil avgust oyidan Prezident administratsiyasining Moliya-iqtisodiyot bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
2019 yildan buyon federatsiya bosh kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Iroda Tulaganova ham rais o‘rinbosari etib tayinlandi.
Iroda Tulaganova — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, yetti karra WTA turniri g‘olibi. «Shuhrat» medali va «O‘zbekiston iftixori» ko‘krak nishoni sohibi.
Buyuk Kelajak kompaniyasida ekspert hamda Davlat investitsiya qo‘mitasi metodologiya bo‘limining Toshkent shahridagi bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan Numon Sattarov va Aziz Hamidov ham Tennis federatsiyasi rahbarining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Sardor Kamilov esa tashkilotning yangi bosh kotibi lavozimini egalladi.
Eslatib o‘tamiz, 17 fevral kuni «Kapitalbank» asoschisi, «Paxtakor» futbol klubining sobiq prezidenti Botir Rahimov O‘zbekiston tennis federatsiyasiga rais etib saylangan edi.