Denis Istomin faoliyatini yakunladi

Sport 20:17 / 05.02.2024 21452

Xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli ishtiroklari bilan o‘zbek tennisi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Denis Istomin professional sportchilik faoliyatini yakunladi. Milliy olimpiya qo‘mitasiga ko‘ra, bu haqida sportchining o‘zi «Humo arena» mezbonlik qilgan Devis kubogi doirasidagi O‘zbekiston - Polsha uchrashuvidan so‘ng ma’lum qildi.

Denis Istomin yosh tennischi Amir Milushevga qarshi ko‘rgazmali xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikramov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi Alisher Mirsoatov va federatsiya bosh kotibi Iroda To‘laganova kortga chiqib kelishdi.

Tadbirda vazir Adham Ikramov so‘z olib, Denis Istominning o‘zbek sportida tutgan o‘rni, uning rivojiga qo‘shgan hissasi haqida iliq fikrlar bildirgan. Shundan so‘ng Denis an’analarga xos tarzda kuzatib qo‘yilgan. O‘z navbatida, Istomin bunday e’tibordan mamnun ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Denis Istomin faoliyati davomida London-2012, Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. 2018 yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida oltin, shuningdek, Guanjou-2010 da 2 ta kumush, Inchhon-2014 da 1 ta bronza medaliga ham sazovor bo‘lgan. 2012 yil ATP tasnif jadvalida 33-o‘ringacha ko‘tarilgan. Mazkur tashkilot bayrog‘i ostida o‘tgan turnirlarda 2 bor (2015, 2017) bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Ushbu natijalari evaziga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Ko‘proq yangiliklar: