Seulda Janubiy Koreya prezidenti ustidan sud boshlandi
Yun Sok Yolning advokatlari suddan prezidentni hibsga olish to‘g‘risidagi orderni bekor qilish va uni ozod etishni so‘radi.

Foto: Reuters
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol bugun, 20 fevral kuni o‘ziga qarshi ochilgan jinoyat ishi doirasidagi dastlabki eshituvda ishtirok etish uchun Seul Markaziy okrug sudiga keldi, deb xabar beradi Reuters.
Sud ishi prezidentning mamlakat harbiy holatini joriy etish to‘g‘risidagi qaroriga bog‘liq.
Sud majlisida guvohlar so‘roq qilingan, dalillar taqdim etilgan va jinoyat ishi bo‘yicha boshqa tayyorgarliklar ko‘rilgan. Bundan tashqari, Yun Sok Yolning advokatlari suddan prezidentni hibsga olish to‘g‘risidagi orderni bekor qilish va uni ozod etishni so‘ragan. Mazkur masala bo‘yicha qaror bugun e’lon qilinishi kutilmoqda. Ishning o‘zi 24 martga qadar ko‘rib chiqiladi.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvlardagi ishtirokidan keyin Yun Sok Yol o‘ziga nisbatan impichment e’lon qilish jarayonida ishtirok etish uchun Konstitutsiyaviy sudga olib borilgan. Sud mamlakat yetakchisini rasman lavozimdan chetlatish yoki uni qayta tiklash bo‘yicha qaror chiqarishi kerak. Parlament 2024 yil dekabr oxirida uning chetlatilishini yoqlab ovoz bergandi.
Prezident Yun Sok Yol 3 dekabr kuni muxolifatni «davlatga qarshi faoliyatga» aloqadorlikda ayblab, harbiy holat e’lon qildi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Milliy assambleya binosiga kirdi.
Parlamentning favqulodda yig‘ilishida harbiy holatni bekor qilish taklifini 190 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. Milliy assambleya ma’muriyati rasmiylari ovoz berishdan keyin harbiy holat «o‘z kuchini yo‘qotdi» deb e’lon qildi.
Parlamentdagi ovoz berishdan so‘ng prezident o‘z fikrini o‘zgartirdi, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishini chaqirdi va Vazirlar Mahkamasi roziligini olgandan keyin harbiy holat bekor etilganini e’lon qildi. Keyinchalik xalqdan uzr so‘radi.
Mavzuga oid

12:37 / 10.03.2025
O‘zbekiston fuqarosi qariyb 5,1 mln dollarga Seuldan kvartira sotib oldi

16:52 / 08.03.2025
Janubiy Koreya prezidenti tergov izolyatoridan ozod etildi

14:07 / 07.03.2025
Janubiy Koreya prezidentini hibsga olish orderi bekor qilindi

12:20 / 06.03.2025