«Davlatni sotolmayman» - Zelenskiy katta matbuot anjumani o‘tkazdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 fevral kungi brifingda, AQSh va Rossiya vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralariga munosabat bildirdi, nima uchun AQShning foydali qazilmalar bo‘yicha taklifini rad etganini aytdi. Shuningdek, Ukrainada saylov o‘tkazishga chaqirgan Trampga javob qaytardi.

Foto: Tetiana Dzhafarova / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina prezidenti amerikalik hamkasbi Donald Trampning da’volari va Rossiyaning bosimiga javob berdi. Quyida Volodimir Zelenskiy nutqining asosiy tezislari keltirilgan.
Trampning o‘z reytingi 4 foizga tushib qolgani haqidagi da’vosini dezinformatsiya deb atadi.
«Agar kimdir meni hoziroq almashtirmoqchi bo‘lsa, bu hozir ilojsiz. Biz mening reytingim 4 foiz ekanligi haqidagi dezinformatsiyani ko‘rdik. Biz uning Rossiya tomonidan tarqatilayotganini ham tushunamiz. Bizning qo‘limizda bu raqamlar Amerika va Rossiya o‘rtasida muhokama qilinganiga doir dalillar bor. Achinarlisi, prezident Tramp… bu dezinformatsiya muhitida yashayapti», — dedi prezident.
Ukraina fuqarolarining turli davlat yetakchilariga bo‘lgan ishonchi haqida sotsiologik ma’lumotlarni e’lon qilishni va’da qildi.
Zelenskiy «yaqin hafta-ikki hafta ichida» ukrainaliklarning unga, AQSh prezidenti Donald Trampga, Polsha bosh vaziri Donald Tuskka, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga va boshqa ittifoqchi davlatlar yetakchilariga bo‘lgan ishonchi darajasini ochiq e’lon qilishini ma’lum qildi.
AQSh Putinni ko‘p yillik izolyatsiyadan chiqarishga yordam bermoqda, dedi Zelenskiy.
«AQSh va Rossiya Saudiya Arabistonida o‘z ikki tomonlama masalalarini muhokama qilayotgani – ularning haqqi. Menimcha, AQSh Putinga ko‘p yillik izolyatsiyadan chiqishga yordam berdi – kecha ruslar bilan ularni jabrlanuvchi sifatida ko‘rib gaplashishdi. Tramp ma’muriyati Rossiyaga bo‘lgan munosabatni yumshatdi, urushni esa endi «mojaro» deb atayapti.
Men Tramp jamoasida ko‘proq haqiqat bo‘lishini xohlardim. Chunki bu ishlar Ukrainaga mutlaqo ijobiy ta’sir qilmayapti. Ular Putinni izolyatsiyadan olib chiqayotgani esa aniq. Fikrimcha, Putin ham, rossiyaliklar ham bu vaziyatdan juda xursand. Kecha allaqachon Rossiya jabrlanuvchi degan ishoralar paydo bo‘ldi. Bu — qandaydir yangi narsa», — dedi Zelenskiy.
Ukraina AQShdan 67 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ va budjetga 31,5 mlrd dollarlik yordam olgan.
Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiyaga qarshi urushda 320 mlrd dollar sarflagani, shundan 200 mlrd dollar xalqaro harbiy yordam bo‘lgani, AQSh esa keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukrainaga 67 mlrd dollarlik harbiy yordam taqdim etganini ma’lum qildi.
Prezident AQSh Ukrainani urushdagi umumiy yordamning 90 foiz bilan ta’minlagani haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ishora qildi.
«Yordamning 90 foizi AQShdan kelgan degan gaplar bo‘layapti. Biz bilan haqiqat biroz boshqacha ekanligini tushunamiz. Biz, albatta, yordam uchun minnatdormiz, ammo 500 mlrd dollar hisoblab, evaziga shuncha qiymatdagi foydali qazilmalarni talab qilish jiddiy emas. Urush Ukrainaga 320 mlrd dollarga tushdi, shundan 120 mlrdini ukrainaliklar o‘zlari to‘ladi, yana 200 mlrdini esa AQSh va Yevropa», dedi Zelenskiy.
«Ukraina Rossiyadan hech qanday xavfsizlik kafolati istamaydi».
Prezident xavfsizlik kafolatlari faqat NATO ittifoqchilariga bog‘liq ekanini ta’kidladi. «Bizga rus kontingenti kerak emas. Ruslardan havo hujumidan mudofaa tizimlari ham kerak emas. Biz aynan ulardan himoya qilishni so‘rayapmiz, shuning uchun ham faqat ittifoqchilarimizga murojaat qilayapmiz», — deb tushuntirdi Zelenskiy.
Ukraina 2025 yilda urushni tugatish uchun joriy yilda xavfsizlik kafolatlarini olishni xohlaydi, dedi Zelenskiy.
Ukraina armiyasi uchun kerakli qurol-aslahaning 30 foizini allaqachon o‘z ishlab chiqarish hajmi hisobiga ta’minlamoqda va bu ko‘rsatkichni oshirishni rejalashtirmoqda.
«Biz bugun o‘z ehtiyojimizning 30 foizini ishlab chiqaryapmiz. Bu hali yetarli emas, lekin juda katta miqdor. Va bu, ayni paytda, Yevropa davlatlarining har birida ishlab chiqarilayotgan miqdorga qaraganda ko‘proq», — dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina mudofaa-sanoat kompleksi asosiy e’tiborni dronlar, radioelektron kurash vositalari va artilleriya ishlab chiqarishga qaratmoqda.
Zelenskiy Mudofaa kuchlari havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalarga muhtoj ekani va Ukraina Patriot tizimi uchun o‘z raketalarini ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya olmoqchi ekanini bildirdi.
Ukraina noyob metallar bo‘yicha jiddiy hujjatlarga tayyor.
Zelenskiy AQSh bilan resurslarga kirish bo‘yicha bitim tuzishga tayyorligi, lekin buning evaziga Kiyev xavfsizlik kafolatlari talab qilayotgani, AQSh taklif qilgan hujjatda esa bu haqda hech narsa yo‘qligini ta’kidladi.
«AQSh nodir metallar bo‘yicha noaniq taklif berdi. Hech qanday xavfsizlik kafolati ko‘rsatilmagan. Birgina aniq narsa — ular barcha metallarning yarmiga ega bo‘lishni xohlaydi. Men «Kelinglar, foizlarni yozamiz. Men Ukrainani himoya qilyapman, davlatni sotolmayman», dedim. Hammasini shu. Ijobiy tomondan qarash uchun men: «Siz qandaydir kafolatlar yozasiz, biz esa qandaydir foizlar yozamiz», dedim. Menga «faqat 50 foiz», deyishdi. Men esa: «Okay, no» dedim. Endi bu masalani yuristlar muhokama qiladi. Aslida, biz bundan qo‘rqmaymiz va bu hujjatni jamoatchilikka taqdim qilishga tayyorman», — dedi Zelenskiy.
Zelenskiy Kit Kellogning Kiyevga tashrifi haqida izoh berib: «Men uchun u Kiyev bo‘ylab yurishining o‘zi juda muhim» dedi.
«Kellog allaqachon Kiyevning 20-30 foizi yo‘qligini aytdi. Hammasi vayron bo‘lgan. Men u bularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishini xohlayman», — dedi Zelenskiy jurnalistlarga. U shuningdek, AQSh maxsus vakili bilan birga frontga borishga tayyorligini bildirdi va Bosh rezvedka boshqarmasi hamda Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid

20:32
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025