O‘zbekiston | 21:24 / 19.02.2025
24812
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi qamoqxonalarda saqlanayotgan 2 nafar mahkum vafot etdi

14 fevral kuni Olmaliqdagi jazoni ijro etish muassasasida 21 yoshli yigit «miokard infarkti»dan vafot etgani ma’lum qilindi. Marhumning onasi va huquq faollari uning tanasida qiynoq izlari borligini aytib, rasmiy versiyaga ishonmayapti. 16 fevral kuni esa Tovoqsoydagi qamoqxonada boshqa bir mahkum devor bosib qolgani ortidan shifoxonada vafot etdi. Ombudsman va Toshkent maxsus prokuraturasi holatlarni o‘rganmoqda.

15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan 21 yoshli mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqdi.

Bu haqda xabar bergan Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov mahkumning onasi Nigora Qambarovaga tayanib aytishicha, u o‘g‘li Muhammadqodir bilan 26-28 yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan.

«Muhammadqodir sportning ushu yo‘nalishida xalqaro turnirlar g‘olibi, bolaligidan mazkur sport turi bilan shug‘ullangan. Biror marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan, unda biror yondosh kasalliklar kuzatilmagan. 3 yilga qamalgan yolg‘iz o‘g‘lim avgustda manzil koloniyaga chiqishi kerak edi», degan mahkumning onasi.

Koloniya ma’muriyati 14 fevral kuni Muhammadqodirda miokard infarkti va pankreatitning og‘ir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etganini aytgan. Nigora Qambarova esa o‘g‘lining badanida qiynoq izlari mavjudligi, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar borligini aytgan.

«Bizda shubha tug‘dirgan hozircha yagona jihat – koloniya ma’muriyatining mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermaganligidir. Qo‘limizda ekspertiza hujjatlari bo‘lmagani bois mahkumning qiynoqdan o‘lim topganiga dalolat qila olmaymiz. Ammo koloniya ma’muriyatining jasadni yorib, so‘ng yaqinlariga topshirgunicha bo‘lgan jarayonda ularga xabar bermagani mudhish xatodir. Chunki onaning ko‘nglida ulkan gumon qoldi, 20 kun avval soppa-sog‘ ko‘rgan norg‘ul bolasining o‘ligini dabdurustdan qo‘liga tutqazishsa, onaning ahvolini tasavvur qilavering!» – deydi huquq himoyachisi.

Holat yuzasidan munosabat bildirgan Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Olmaliq shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro «miokard infarkti»dan vafot etgan.

«Hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda», — deyiladi prokuratura bayonotida.

IIV muassasasida saqlanayotgan 21 yoshli yigitning vafot etishi holatini Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman ham nazoratga olib, o‘rganayotganini ma’lum qildi.

«Hozirda mazkur holat Ombudsman xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ombudsman tomonidan murojaat yuborildi. Ombudsman tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish ta’minlanishini so‘raydi», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Oradan bir necha kun o‘tib, yana Toshkent viloyatidagi Tovoqsoy qamoqxonasida ishlayotgan mahkum devor bosib qolishi oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Mustafa Tursunboyev 11 fevral kuni bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida ustiga devor qulagan. U darhol shifoxonaga yetkazilgan, lekin tibbiy muolajalarga qaramasdan, 5 kun o‘tib — 16 fevral kuni shifoxonada vafot etgan.

Holat bo‘yicha «mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni Toshkent maxsus prokuraturasi olib bormoqda.

Ombudsmanning ma’lum qilishicha, ushbu holatda mahkum koloniya hududidagi eski oshxona binosida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan bo‘lgan.

«Devorni buzish jarayonida ehtiyotsizlik sababli uning bir qismi mahkum ustiga qulagan, natijada u og‘ir tan jarohati olgan. Mahkumga ko‘p sonli travma, bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, travmatik shok kabi tashxislar qo‘yilgan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan mahkum 16 fevral kuni soat 17:00 da vafot etgan», deyiladi Ombudsman bayonotida.

Tovoqsoydagi holatda mahkumning yaqinlari voqeadan xabardan bo‘lgan, xususan, marhumning otasi Bo‘stonliqdagi shifoxonada 5 kun davomida o‘g‘lining yonida bo‘lgan.

Ombudsmanga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Xodimlar xatti-harakatiga baho berish bo‘yicha ham xizmat tekshiruvi tayinlangan.  

Mavzuga oid