Ar-Riyodda AQSh va Rossiya muzokaralari o‘tkazildi. Asosiy ma’lumotlar
Tomonlar munosabatlarni normallashtirishga kelishib olishgan.

Evelyn Hockstein / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon ilk bor Rossiya va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda, qirollik oilasining Albasatin majmuasidagi saroylaridan biri – Diriyada uchrashishdi. Unda Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari ishtirok etmadi.
Muzokaralarda Rossiya nomidan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev ishtirok etdi. Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Tashqi ishlar vazirligining Umumevropa hamkorligi departamenti direktori o‘rinbosari Dmitriy Balakin va Rossiyaning Kanadadagi elchixonasi maslahatchi-vakili Vladimir Proskuryakov ham kirdi, deb yozadi «Sistema». Uchrashuvda AQSh nomidan davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols hamda prezidentning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi.
Muzokaralar to‘rt yarim soatga yaqin davom etgan. TASS xabariga ko‘ra, uchrashuv mobaynida ikki bor tanaffus qilingan, birinchi holatda tomonlar 15 daqiqalik pauza olishgan, ikkinchisida — lanch qilib olishgan.
Rossiya va AQSh delegatsiyalari «barcha masalalar bo‘yicha juda jiddiy suhbat o‘tkazdi», dedi Yuriy Ushakov. U muzokaralar «yaxshi» kechganini qayd etgan. «Biz bir-birimizning manfaatlarimizni hisobga olish, shu bilan birga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga kelishib oldik. Bundan Moskva ham, Vashington ham manfaatdor», — deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti yordamchisi.
Ushakovning qayd etishicha, tomonlar Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashuviga tayyorgarlikni muhokama qilgan, biroq bu uchrashuv «keyingi haftadayoq o‘tkazilishi dargumon». Rossiya va AQSh muzokarachilarining alohida guruhlari Ukraina bo‘yicha aloqaga kirishadi. Kim Rossiyadan muzokarachilar safiga kirishi va Ukraina bo‘yicha aloqalar qachon boshlanishini Putin hal qiladi, dedi Ushakov.
RFPI rahbari Kirill Dmitriyev muzokaralar yakunida «murosa haqida gapirishga hali ertaligi, tomonlar endigina bir-birini tinglashni boshlagani»ni aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va AQSh vakillari «hurmat bilan» va «teng huquqli» muloqot qilgan, deb yozadi Reuters.
Rossiya va AQSh muzokaralar chog‘ida «muammoli masalalarning butun kompleksi»ni muhokama qildi, dedi Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova. Kirill Dmitriyev muzokaralar boshlanishidan oldin ham Rossiya AQShga savdo-iqtisodiy sohada bir qator takliflar yuborganini ma’lum qilgandi.
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov uchrashuv davomida tomonlar «nafaqat tinglagani, balki bir-birini eshitgani»ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular ikki davlat elchilarini imkon qadar tezroq tasdiqlashga kelishib olishgan. Vazir elchixonalar ishini qiyinlashtirgan to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi.
Tomonlar, shuningdek, yaqin kelajakda «Ukrainani tartibga solish jarayoni»ni boshlashga kelishib oldilar. AQSh Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda ularni kim ifoda qilishini ma’lum qilishi kerak, dedi Lavrov. «Biz tegishli vakilning ismi va lavozimini bilganimizdan so‘ng, <...> darhol ushbu jarayondagi ishtirokchimizni belgilaymiz», — dedi vazir.
Muzokaralar chog‘ida erishilgan yana bir kelishuv — mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni «to‘liq hajmda» qayta tiklash uchun shart-sharoit yaratish va uni turli sohalarda kengaytirish.
Bundan tashqari, Rossiya vakillari amerikalik suhbatdoshlariga Ukrainada NATO davlatlari tinchlikparvar kuchlarining mavjudligiga Rossiya Federatsiyasi rozi bo‘la olmasligini tushuntirgan. O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar vakillari Ar-Riyoddagi uchrashuvda Rossiya va Ukraina energetika obektlariga hujumlarga moratoriy joriy etishni taklif qilishdi, dedi Lavrov.
Rossiya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Vashington Ar-Riyoddagi muzokaralar chog‘ida Rossiya-Amerika munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan va bu «muvaffaqiyatsiz bo‘lmagan».
AQSh Davlat departamenti Vashington va Moskva munosabatlarni normallashtirish ustida ishlashga kelishib olganini ma’lum qildi. Muzokaralar ishtirokchilari «tegishli diplomatik vakolatxonalarimiz ishini normallashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish maqsadida ikki tomonlama munosabatlarimizdagi asabiylashtiruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha maslahatlashuvlar mexanizmi»ni yaratishga qaror qilishdi, dedi AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryus.
Davlat departamenti Ukrainada mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun «bitta qo‘ng‘iroq, bitta uchrashuv yetarli emasligi»ni ta’kidladi, deb yozadi Bloomberg. «Biz harakat qilishimiz kerak va bugun oldinga muhim qadam tashladik», — dedi Temmi Bryus. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lavrov va Rubio Rossiya-Ukraina urushini hal qilish bo‘yicha muzokara guruhlarini tuzishga kelishib olgan.
Shuningdek, tomonlar «Ukrainadagi mojaroning muvaffaqiyatli yakunlanishi natijasida yuzaga keladigan o‘zaro geosiyosiy manfaatli masalalar, shuningdek, tarixiy iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlar bo‘yicha kelajakdagi hamkorlik uchun poydevor yaratish»ga kelishib olgan.
Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Rossiya va AQSh Moskva va Vashingtondagi elchixonalar xodimlari sonini oldingi holatiga qaytarish bo‘yicha ham kelishib olgan.
Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va AQSh Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha uch bosqichli tinchlik rejasini taklif qilgan: avval o‘t ochishni to‘xtatish, keyin Ukrainada saylovlar o‘tkazish, shundan so‘ng yakuniy kelishuv imzolanadi. Bu haqda Amerikaning Fox News telekanaliga Saudiya Arabistonidagi muzokaralarga yaqin bo‘lgan bir nechta xorijiy diplomatik manbalar ma’lum qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazilishini «hal qilish jarayoni muvaffaqiyatining asosiy sharti» deb hisoblamoqda. Fox News manbalari ta’kidlashicha, Ukrainada Putin shu yo‘l bilan amaldagi prezident Volodimir Zelenskiydan ko‘ra moslashuvchanroq nomzod Ukraina prezidenti bo‘lishiga intilmoqda. Tramp va Putin Zelenskiyning qayta saylanish imkoniyatini past deb hisoblamoqda.
Lavrov urushni to‘xtatish rejasi haqida xabarlarni ko‘rmaganini aytdi. «Men bu ma’lumotni ko‘rmadim. Ammo bugun men Polsha tashqi ishlar vaziri Radek Sikorskiyning Myunxenning bir burchagida AQSh vakili [Ukraina bo‘yicha] Kit Kellog bilan uchrashgani haqida gapirgan bayonotiga havola topdim. Va Kellog unga qandaydir kelishuv rejasi haqida ma’lumot bergan ekan... Ammo Sikorskiy bu rejani sharhlarkan, tafsilotlarni ochib bera olmasligini aytdi, reja odatiy emas, lekin juda qiziqarli bo‘lishi mumkin. Men bugun [AQSh davlat kotibi Marko] Rubio va [prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk] Uolsdan bu nimani anglatishini so‘radim. Ular bu feyk ekanini aytishdi», — dedi rossiyalik vazir.
Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi muzokaralarga izoh berar ekan, Ukraina Rossiyaning ultimatumlarini qabul qilmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush boshida Moskva allaqachon Kiyevga ultimatum qo‘yib, Ukraina qurolli kuchlari sonini kamaytirish va Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlarini tan olishni talab qilgan. Shuningdek, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ukrainada rossiyaparast rahbariyatni ko‘rishni xohlagan.
«Menda shunday taassurot uyg‘ondiki, hozir qandaydir muzokaralar o‘tmoqda va ular xuddi shu kayfiyatga ega, ammo bu Rossiya va AQSh vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tyapti. Ukraina haqida, yana Ukraina haqida va Ukrainasiz. Qiziq, agar biz eng og‘ir paytda ham bu ultimatumlarga rozi bo‘lmagan bo‘lsak, Ukraina endi bunga rozi bo‘ladi, degan fikr qayerdan paydo bo‘ldi ekan», — deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti 19 fevral kuni Saudiya Arabistoniga bormasligini ma’lum qildi. Ar-Riyodga tashrif gumanitar dasturni muhokama qilish va asirlarni almashish maqsadida rejalashtirilgan edi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, safar 10 martga ko‘chirilgan. Reuters manbalari Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Kiyevga borayotgani haqida xabar bergan. Ukraina rahbari, shuningdek, Kiyevda AQSh vakillarini kutayotganini ta’kidladi.
Rossiya va AQSh muzokaralari oldidan Ar-Riyodda Yevropa davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tdi. Parijda 17 fevral kuni Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Italiya yetakchilari, shuningdek, Yevrokomissiya va NATO vakillari uchrashdi. Sammitda hech qanday «majburiy qarorlar» qabul qilinmadi, dedi Polsha bosh vaziri Donald Tusk. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, o‘z navbatida, Britaniya tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi.
Muzokaralardan biroz oldin AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Yevropa davlatlarini tanqid qilgandi. U Yevropa rasmiylarini demokratik qadriyatlarga xiyonatda aybladi, ularni o‘ng qanot populistik kuchlariga qarshi kurash uchun tanqid qildi, shuningdek, Amerika demokratiyasi «Greta Tunbergning o‘n yillik so‘kishlariga chidagani» uchun yevropaliklar ham «Ilon Maskning bir necha oyiga chidashi» kerakligini aytdi.
Mavzuga oid

20:32
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

17:28
USAID’ning 83 foiz dasturi bekor qilindi

16:59
Frontdagi vaziyat: Moskva Kursk oblastidagi jiddiy yutuqlari haqida e’lon qilmoqda

13:19