Jahon | 12:18 / 18.02.2025
1316
15 daqiqa o‘qiladi

Yevropa xavfsizligi burilish nuqtasida: Parijda favqulodda sammit o‘tkazildi

17 fevral kuni Yevropa mamlakatlari yetakchilari Parijda favqulodda sammit o‘tkazib, mudofaa siyosati, Ukrainadagi urush va mojaroni tugatish bo‘yicha ehtimoliy tinchlik kelishuvlarini muhokama qildi.

Foto: AP Photo/Aurelien Morissard

Yevropaning ko‘plab nashrlari mazkur uchrashuv shoshilinch tashkil etilgani haqida yozmoqda. Bu AQSh rasmiylarining seshanba kuni Saudiya Arabistonida Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rgani bilan bog‘liq. Parijdagi sammit yakuniga ko‘ra qo‘shma bayonotlar yoki matbuot anjumanlari rejalashtirilmagandi, biroq ishtirokchilar muhokama mavzularini sammit boshlanishidan oldin e’lon qilib bo‘lgandi.

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga yordam davom etishi kerakligi va mamlakat gardaniga qandaydir shartlar yuklash nomaqbul ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropa o‘rtasida Ukraina xavfsizligi uchun javobgarlik masalasida «bo‘linish» bo‘lmasligi lozim. Xuddi shunday baho sammit yakunlari bo‘yicha Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer tomonidan ham bildirildi. U uchrashuv tugashidan oldin Twitter'da shunday yozdi: «Tinchlik kelishuvi Putinga yana qayta urush boshlash uchun tanaffus beruvchi vosita emas, balki mustahkam tinchlik kelishuvi bo‘lishi kerak».

Yevropaning bir qator davlatlari vakillari Parijdagi uchrashuvni Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasidan so‘ng tashkil etishga qaror qildi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro konferensiya Ukrainadagi urushning hal qiluvchi pallasida o‘tkazilganini ta’kidladi. Reuters agentligi yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Moskva va Kiyevni tinchlik muzokaralarini boshlashga da’vat qilayotgan bir paytda, Parij uchrashuvi Yevropa ittifoqchilarining umumiy pozitsiyasini shakllantirish uchun tashkil etilgan. Chunki, AQSh tashabbusi bilan boshlab berilgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida Yevropa mamlakatlari ishtirok etishi rejalashtirilmagan.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte avvalroq shunday degan edi: «Agar yevropaliklar gapirish huquqiga ega bo‘lishni istasa, ular o‘z ahamiyatini namoyon etishi lozim». U Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasi davomida Yevropa agar AQSh boshchiligidagi muzokaralarda ishtirok etishni xohlasa, Ukrainada tinchlikni ta’minlash bo‘yicha yaxshi takliflar berishi kerakligini ta’kidladi.

Qo‘shma mudofaa masalalari Parijdagi muhokamaning asosiy mavzulariga aylandi.

Yevropada harbiy jihatdan eng katta ta’sirga ega bo‘lgan mamlakatlar vakillari sammitda ishtirok etdi. Ular qatoriga Buyuk Britaniya (bosh vazir Kir Starmer), Germaniya (kansler Olaf Shols), Daniya (bosh vazir Mette Frederiksen), Ispaniya, Italiya, Polsha (bosh vazir Donald Tusk) va Fransiya (prezident Emmanuel Makron) kiradi. Shuningdek, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham sammitda qatnashdi. Daniya vakili esa Shimoliy Yevropa davlatlari nomidan elchi sifatida tashrif buyurdi.

Ursula fon der Lyayyen sammit arafasida bayonot berib, «Yevropa xavfsizligi xal qiluvchi bosqichga yetib keldi», deb ta’kidladi va tezkor mudofaa choralarini qabul qilish zarurligini bildirdi. Sammit yakuniga ko‘ra, u Yevropa mamlakatlarini o‘z fikrlash tarzini hamda mudofaaga tayyorgarligini tezroq o‘zgartirishga chaqirdi. Biroq, uning fikricha, hatto bu ham yetarlicha tezkor chora bo‘lmasligi mumkin.

Sammit natijalari bo‘yicha Olaf Shols shunday dedi: «Agar Yevropa davlatlari mudofaaga YaIMning 2 foizidan ko‘proq mablag‘ ajratsa, bu xarajatlar Yevropa Ittifoqi budjet cheklovlari doirasida hisobga olinmasligi lozim».

AQSh prezidenti Donald Tramp NATO doirasida Yevropadagi ittifoqchilari o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi lozimligi haqida talab qo‘ymoqda. Uning fikricha, mamlakatlar mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishi shart. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlari AQSh tomonidan taqdim etilayotgan xavfsizlik himoyasiga tayanib kelayotgan edi. Ammo bu vaziyat Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan o‘zgardi.

Tramp NATO a’zolari YaIMning 5 foizini mudofaaga sarflashi kerakligini taklif qildi. Biroq bu g‘oyani hozircha Yevropa Ittifoqi davlatlarining hammasi qo‘llab-quvvatlamagan.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte mudofaa xarajatlari YaIMning 3,7 foizigacha oshirilishi mumkinligini ta’kidladi. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich faqatgina Polshada yuqori bo‘lib, mamlakat 2024 yilda mudofaa xarajatlarini 1,88 foizdan 4,12 foizga yetkazgan.

NATOga a’zo davlatlar uchun joriy maqsadli mudofaa xarajatlari YaIMning 2 foizini tashkil etadi. 2024 yilda a’zolarning ko‘pchiligi ushbu chegaraga yetgan yoki undan oshib ketgan. NATO bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich hozir 2,71foizni tashkil etmoqda. Biroq, masalan, Buyuk Britaniya hozircha mudofaaga 2,5 foiz mablag‘ ajratmoqda, Ispaniyaniki esa 2 foiz darajasiga ham yetmagan. Rossiyaga yaqinligi sababli Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari o‘z mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirgan.

Kil jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina harbiy ehtiyojlarining 42,7 foizi AQSh, 18,3 foizini Yevropa Ittifoqi, 6,5 foizini Germaniyaning o‘zi qoplaydi va yana 5,5 foiz Buyuk Britaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yevropa mamlakatlari qo‘shinlarini birlashtirish masalasi

Parijdagi sammit kuni Yevropa mamlakatlari Ukrainaga o‘z tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish imkoniyatini muhokama qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Agar urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilsa, bu variant amalga oshirilishi mumkin. Dushanba kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimoli haqida The Telegraph nashridagi maqolasida bayon qilgan edi.

Starmer o‘z maqolasida bu masala nafaqat Parijdagi tor doirada, balki butun Yevropa miqyosida muhokama qilinishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Yevropa o‘z xavfsizligiga javobgarlikni oshirishi lozim, chunki bu borada yetarlicha vaqt yo‘qotildi. «Yevropa o‘z xavfsizligi talablariga javob berish uchun katta qadam tashlashi kerak... Biz bu haqda juda uzoq gapirdik, va prezident Tramp haq: biz nihoyat ishga kirishishimiz lozim», — deb yozdi Buyuk Britaniya bosh vaziri. U Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi vaqt talab qilishi mumkinligini e’tirof etgan holda, bu ortga qaytmas jarayonni qo‘llab-quvvatlash lozimligini qayd etdi.

Dushanba kuni kechga yaqin Starmer urushdan so‘ng tinchlikparvar kuchlarni Ukrainaga yuborish uchun AQSh xavfsizlik kafolatlari berish kerakligini aytdi. Shuningdek, hozircha Britaniya qancha harbiy kuch ajrata olishi haqida gapirishga erta ekanini bildirdi.

«Mustahkam tinchlik kelishuvi imzolanadigan bo‘lsa Yevropa o‘z rolini o‘ynashi kerak va men ham boshqa davlatlar qatorida Ukrainaga harbiy kuch jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorman, biroq buning uchun AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanish zarur. Chunki Amerikaning xavfsizlik kafolatlari Rossiyani Ukrainaga yana bir bor hujum qilishdan tiyib turuvchi yagona narsa», — dedi Starmer jurnalistlarga.

Dushanba kuni ertalab tinchlikparvar missiya Ukrainadagi tinchlik kelishuvlarining shartlaridan biriga aylansa, unda Fransiya va Polsha qo‘shinlari ham unda ishtirok etishi mumkinligi ayon bo‘ldi. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ma’lum qildi. Barro bu mavzu bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan, Buyuk Britaniya, Fransiya va Polsha qo‘shinlarini «Yevropaning uchta asosiy armiyasi» deb atadi, deb yozadi Le Monde.

Uchrashuv boshlanishidan oldin Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakat qo‘shinlari tinchlikparvar missiyada qatnashish ehtimolini tasdiqlamadi. U Varshava Ukrainaga o‘z imkoniyatlari doirasida yordam berishda davom etishini qo‘shimcha qildi. Parijdagi Yevropa yetakchilari bilan Ukraina mavzusida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, Tusk mudofaa xarajatlari Yevropa Ittifoqi budjetining haddan ziyod taqchillik tarkibiga kiritilmasligini e’lon qildi.

U, shuningdek, uchrashuv ishtirokchilarining barchasi Polsha fikriga qo‘shilganini va NATO doirasida yaqin hamkorlik zarurligini tan olganini ta’kidladi.

Yevropa davlatlari Ukrainaga ko‘proq yordam berish bilan bir qatorda, Rossiyaga qarshi o‘zini himoya qilish maqsadida ichki mudofaa xarajatlarini ham oshirishi kerak, dedi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Parijdagi uchrashuvdan so‘ng. «Afsuski, Rossiya endi butun Yevropaga tahdid solmoqda», – dedi Frederiksen xonim jurnalistlarga.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares dushanba kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida hali juda ko‘p masalalar ochiq qolganini ta’kidlab, tinchlik o‘rnatilmas ekan, hozircha hech kim Ukrainaga qo‘shin yuborish imkoniyatini muhokama qilmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tinchlikparvar kuchlar Ukrainaga joylashtirilsa ham, bu to‘qnashuv chizig‘i atrofida emas, balki boshqa hududlarda bo‘lishi mumkin.

Yevropa mamlakatlaridan tuzilgan birlashgan kontingent Ukraina hududida joylashtirilsa, bu Yevropa qurolli kuchlarini yaratish yo‘lidagi ilk qadam bo‘lishi mumkin, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya yana hujum qilsa, bunday armiya Yevropa nomidan kurash olib borishi mumkin. «Menimcha, kontingent masalasida biz juda oldinga siljidik», – dedi Zelenskiy dushanba kuni BAAga tashrifi davomida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.

YeIning Ukrainadagi tinchlik muzokaralaridagi ishtiroki atrofidagi muloqotlar

Parijdagi sammit kuni Yevropa Ittifoqi vakillarining Ukrainada tinchlik shartlarini muhokama qiladigan muzokaralarda ishtirok etishi masalasi bo‘yicha bahs davom etdi. Bu muhokamalar 18 fevralda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Rossiya va AQSh delegatsiyalari uchrashuvi fonida kechdi. Uchrashuvda AQSh va Rossiya prezidentlarining bo‘lajak muloqoti va urushni to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda Rossiya tomonidan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etmoqda. AQSh delegatsiyasi tarkibidan davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts va maxsus vakil Stiv Uitkoff o‘rin olgan.

Uchrashuv arafasida Marko Rubio CBS telekanaliga bergan intervyusida kelajakda Yevropa vakillari ham Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralariga qo‘shilishi mumkinligini inkor etmadi.

«Hozircha biz Putin va prezident Tramp o‘rtasidagi muloqotgagina egamiz, ikki tomon ham mojaroni to‘xtatishga qiziqish bildirmoqda, — dedi Rubio. — Bu masala bo‘yicha yana muzokaralar o‘tkaziladi, biz kelishuv jarayoni qanday kechishini aniqlab olishimiz kerak… Biz hali to‘liq formatdagi muzokaralarga yetib kelganimiz yo‘q, ammo bu yuz bersa, Ukraina ham muzokaralarga jalb qilinishi lozim. Chunki u to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga uchragan mamlakat hisoblanadi. Shuningdek, Yevropa davlatlari ham muzokaralarda qatnashishi kerak, chunki ular Rossiya va Putinga qarshi sanksiyalar joriy qildi va bu jarayonga katta hissa qo‘shdi. Biz hali bu bosqichga yetib kelganimiz yo‘q, ammo umid qilamanki, yetib boramiz. Chunki barchamiz bu urush tugashini istaymiz».

Rubioning fikriga ko‘ra, Yevropa va Ukraina ishtirokida muzokara jarayonini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilgan sa’y-harakatlar samarali bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu yaqin kunlarda aniqlashadi. Bu vaqtga kelib Rossiya prezidentining asli niyatlari oydinlashadi.

RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa tinchlik muzokaralariga Yevropa mamlakatlari jalb qilinishi ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, bu davlatlar nima sababdan muzokaralarda ishtirok etishi kerakligini bilmasligi va birinchi navbatda AQShning pozitsiyasini eshitishni xohlashini bildirdi.

Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali siyosatchilari Rossiyaning Ukrainadagi urushiga oid tinchlik muzokaralarida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya vakillari ishtiroki bo‘yicha ikki marta bayonot berdi.

15 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSh prezidenti maxsus vakili Kit Kellog Ukraina muzokaralarda ishtirok etishini tasdiqladi, biroq Yevropa Ittifoqi vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishi hozircha rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. U Yevropa yetakchilarining urushni tugatish bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqish niyatida ekanini ta’kidladi, chunki Ukrainaga yordam bergan davlatlarning manfaatlari ham hisobga olinishi kerak.

Bunga javoban, Yevropa Ittifoqi yetakchilari va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy muzokaralarda YeI vakillari ishtirok etishi shartligini qayd etdi. Hozircha AQSh va Rossiya vakillari o‘rtasida muzokaralarga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Kit Kellog bu uchrashuvda ishtirok etmaydi, biroq Myunxen konferensiyasida AQShning ushbu muzokaralarda Ukraina va Rossiya o‘rtasida vositachilik rolini o‘ynashini va muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishini ta’kidladi. Bu Tramp ma’muriyatining rasmiy talabidir, dedi Kellog.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Kiyev AQSh va Rossiya o‘rtasida Saudiya Arabistonida o‘tadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar haqida oldindan xabar topmaganini aytdi. «Ukraina o‘z ishtirokisiz Ukraina haqida olib boriladigan har qanday muzokaralarni samarali deb hisoblamaydi. Biz o‘zimizni chetda qoldirgan holda qabul qilingan hech qanday kelishuv yoki qarorlarni tan ololmaymiz», – dedi u. Shu bilan birga, u Saudiya Arabistonida muzokara olib borayotgan tomonlar bunday huquqqa ega ekani va agar ularning o‘zaro ikki tomonlama masalalari bo‘lsa, buni muhokama qilishlari mumkinligini ta’kidladi.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, 20 fevral kuni AQSh prezidenti maxsus vakili Kit Kellog Ukrainaga tashrif buyuradi. Uning fikricha, bu tashrif AQSh hukumatiga Ukraina uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari borasida aniq tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Tashrif davomida Kellog va Zelenskiy jangovar harakatlar ketayotgan hududlarga ham borishi kutilmoqda.

Mavzuga oid