O‘zbekiston | 20:38 / 18.02.2025
1195
7 daqiqa o‘qiladi

18 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Uzun tumanida ro‘y bergan dahshatli qotillik, jazoni ijro etish maskanlarida vafot etgan mahbuslar, 2025 yil uchun ajratilgan Haj kvotalari va bitiruvchilarni ishga joylashtirish uchun yangi dastur — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Uzundagi dahshatli qotillik

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida dahshatli qotillik jinoyati sodir etildi. 15 fevral kuni tungi soat 3 larda Noma’lum shaxslar bir oila a’zolarini shafqatsizlik bilan qatl qilib, jasadlarni yoqib yuborgan.

Voqea ustidan chiqqan qo‘shnilar avval yong‘indan xabar topib, olovni o‘chirishga harakat qilishgan, so‘ngra uy ichida jasadlarga duch kelishgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, marhumlar — mahalliy maktab o‘qituvchisi bo‘lgan ayol va uning voyaga yetmagan o‘g‘li ekani aniqlangan. Yana ikki nafar voyaga yetmagan qiz farzandlari tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga jo‘natilgan.

Taxminlarga ko‘ra, qotillik o‘tkir buyum, ehtimol, otvertka yordamida sodir etilgan. Oila boshlig‘i chet elda bo‘lgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tergovni yopiq holda olib bormoqda.

Qamoqxonalarda ikki mahkum vafot etdi

Olmaliqdagi 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan Muhammadqodir Po‘latov 15 fevral kuni vafot etgan.

Marhumning onasi Nigora Qambarova o‘g‘lida sog‘liq muammolari bo‘lmaganini, u sportchi ekanini ta’kidladi. Bezorilikda ayblanib, 3 yilga qamalgan yolg‘iz o‘g‘il shu yil avgustida manzil koloniyaga chiqishi kerak bo‘lgan.

Koloniya ma’muriyati mahkum miokard infarkti va pankreatit oqibatida vafot etganini bildirdi. Uning onasi farzandining badanida qiynoq izlari mavjudligi, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar borligini aytmoqda.

Bosh prokuratura holat yuzasidan manosabat bildirdi: Olmaliq shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan holat yuzasidan tushuntirishlar olingan va o‘lim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi 7-sonli koloniya mahkumi Mustafo Tursunboyev ham halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u binodagi devorlarni buzish vaqtida devor ustiga qulagan. 11 fevralda jarohat olgan mahkum 16 fevral kuni shifoxonada vafot etgan. Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi — mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Haj ziyorati uchun 15 mingta kvota

Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga 2025 yilgi Haj ziyorati uchun 15 mingta kvota ajratganini ma’lum qildi. Bu haqda 18 fevral kuni Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qilindi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili ham O‘zbekistonga shuncha kvota ajratilgan edi.

Saudiya Arabistonining Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a ma’lum qilishicha, Umra ziyorati uchun cheklov yo‘q, ya’ni istalgancha ziyoratchi tashrif buyurishi mumkin. Unga ko‘ra, o‘tgan yili 500 mingga yaqin o‘zbekistonlik Umra ziyoratini amalga oshirgan.

Biroq 37,5 mln aholiga ega O‘zbekiston uchun 15 ming kvota kamligi borasida savollar paydo bo‘ldi. 7,5 mln aholiga ega qo‘shni Qirg‘iziston uchun 6060 ta kvota ajratilgan. Bir necha yil avval Saudiya rasmiylari O‘zbekiston uchun 24 mingta kvota ajratilganini ma’lum qilgan edi.

Saudiya rasmiylariga ko‘ra, Haj kvotasi O‘zbekiston hukumatining mutasaddi idoralari bilan kelishuvga ko‘ra belgilangan. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistondan Haj va Umra ziyoratiga boruvchilar soni 100 baravarga oshgan.

Bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha yangi dastur

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun ishga joylashish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan «Kelajakka qadam» dasturi joriy etilmoqda.

Prezident qaroriga ko‘ra, dastur doirasida talabalarga o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirishda to‘liq qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, moliyaviy yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, bitiruvchilar va quyi kurs talabalari uchun sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkaziladi, g‘oliblar esa ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, yirik korxonalar va salohiyatli ish beruvchilarning mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

G‘oliblarga individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida moliyalashtirilgan tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi. Bu dastur orqali ishlab chiqarish obektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim muassasalarida qisqa muddatli kurslarda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekistonda Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. U Yoshlar ishlari agentligi huzurida ish olib boradi va 100 mln dollarlik fondga ega bo‘ladi.

Jamg‘armaning asosiy vazifasi 50 mingdan ortiq yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish va ularning bandligini ta’minlash hisoblanadi. Shuningdek, daryo va sohil bo‘ylarida biznes loyihalar uchun yer uchastkalari onlayn auksion orqali ajratiladi.

Jamg‘arma huzurida 10 mln dollarlik venchur fond tashkil etiladi, bu yoshlar startaplarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi. Endi yosh tadbirkorlarga 2,5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar, startap loyihalar uchun esa 2 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratilishi rejalashtirilgan.

Oxirgi 8 yilda yosh tadbirkorlar soni uch karra oshgan va bugungi kunda biznes sohasining 40 foizini yoshlar tashkil etadi. Ishsizlik keskin kamayib, mamlakatda 1 889 ta ishsizlikdan xoli mahalla paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid