Sport | 12:35 / 17.02.2025
11854
17 daqiqa o‘qiladi

Shomurodov asosiy tarkibga qaytmoqda, «MYu» autsayderga aylanmoqda. Kun o‘yinlari

«Liverpul» eng yomon o‘yinida ham g‘alaba qozondi, «MYu»dan ketgan Antoni Ispaniyada ochilmoqda. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: «MYu» qulashda davom etmoqda

«Liverpul» — «Vulverhempton» 2:1
Gollar:
Dias (15), Saloh (37, penalti) — Kunya (67).
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Konate (Kuansa, 46), Aleksander-Arnold (Bredli, 64), Mak Allister, Gravenberh, Dias (Endo, 71), Soboslai, Saloh, Jota (Nunes, 64).
«Vulverhempton» – Joze Sa, Gomesh, Agbadu (Bueno, 61), Doerti, Mateus Kunya, Sarabiya (Munetsi, 46), Ait-Nuri, Gomes (Doyl, 83), Andre, Semedu (Lima, 90+2), Gedesh (Bellgard, 46).
Ogohlantirishlar: Doerti (26), Konate (31), Agbadu (39), van Deyk (71).

«Everton»ga qarshi kechgan Mersisayd derbisidagi durangdan (2:2) keyin qizillar yana ochko yo‘qotishi mumkin edi. Holbuki Gakpo jarohat olgani tufayli yana boshlang‘ich tarkibga qaytgan Diasning sa’y-harakatlari bilan jamoa birinchi bo‘limdayoq o‘yinni hal qilib qo‘ygandek ko‘ringandi. Kolumbiyalik hujumchi avvaliga tezkor qarshi hujumda to‘pni o‘zi bilan darvozaga olib kirdi. Unga rikoshet ham yordam berdi, ammo vingerning muvaffaqiyatini tirishqoqligi uchun taqdirlash deb qabul qilish ham mumkin.

Ikkinchi golda ham shu gap. U ancha ichkaridan uzatilgan to‘p uchun kurashdi va Joze Sadan ildamroq chiqdi, darvozabon esa qanchalik harakat qilmasin, fol ishlatishdan qocha olmadi. «Bo‘rilar» raqib futbolchisi pasni qabul qilishdan oldin himoyachini turtganiga e’tibor qaratib, e’tiroz bildirishdi, ammo VAR vaziyatga aralashmadi va Saloh penaltini benuqson ijro etdi. Ikkinchi bo‘limda esa ikki vaziyatda hakamlar mehmonlar foydasiga qaror chiqarishdi. Avvaliga videotakrordan keyin Jota ishlagan penalti bekor qilindi, keyin esa Saloh navbatdagi golini urganida ofsayd holatida bo‘lgani qayd etildi.

«Vulverhempton» esa daqiqa sayin o‘yinini kuchaytirib bordi. Alisson yakkama-yakka vaziyatda qutqardi, ammo vatandoshi Mateus Kunyaning jarima maydoni tashqarisidan aylantirib yo‘llagan zarbasi qarshisida ojiz qoldi.

Natijada o‘yinning qolgan qismini mezbon jamoa muxlislari yurak hovuchlab o‘tkazishdi va oxirgi daqiqalarda «bo‘rilar» hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi. Mezbonlar esa ikkinchi bo‘lim davomida biror marta darvoza tomon zarba bera olishmadi, zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkich mehmonlar foydasiga – 0:10. Mersisaydliklar mavsumdagi eng yomon o‘yinini o‘tkazishdi, ammo navbatdagi uch ochkoni jamg‘arib, «Arsenal» bilan oradagi farqni yana yetti ochkoga yetkazib qo‘yishdi. Arne Slot APLdagi dastlabki 25 o‘yinida 60 ochko jamg‘ardi. Bu borada faqat Joze Mourinioda undan yaxshiroq natija bo‘lgan (64). Jamoani navbatdagi turlarda muhim va qiyin o‘yinlar kutmoqda – «Aston Villa», «Siti» va «Nyukasl»ga qarshi.

«Tottenhem» — «Manchester Yunayted» 1:0
Gol:
Meddison (13).
«Tottenhem» – Vikario, Spens, Devis, Danzo (Grey, 78), Porro, Meddison (Jonson, 64), Bentankur (Bissuma, 78), Bergvall (Sarr, 64), Son (Odober, 87), Tel, Kulusevski.
«Manchester Yunayted» – Onana, de Ligt, Maguayr, Mazraui, Garnacho, Zirkze, Dorgu, Kazemiro (Chido Obi, 90+1), Fernandesh, Dalot, Hoylund.
Ogohlantirishlar: Kazemiro (41), Devis (79), Dorgu (90).

Yaqin vaqtlargacha «Tottenhem» va «MYu» o‘yini turning asosiy afishasi bo‘lardi. Bu mavsumda esa bu jamoalarning o‘zaro o‘yini APL turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalar to‘qnashuvi bo‘lmoqda, bu jamoalar nafaqat turnir jadvalida, balki jarohatlar soni bo‘yicha ham raqobatlashmoqda. Xususan, «qizil iblislar» mavsumdagi eng yorqin futbolchisi Amad Dialloning ham xizmatlaridan mavsum yakuniga qadar foydalana olmaydigan bo‘ldi. Undan tashqari, so‘nggi vaqtlarda Lisandro Martines, Eriksen, Maynu va Ugarte ham safdan chiqishdi. Natijada Ruben Amorim zaxirasida tajribali futbolchilardan faqat Lindelyof bor edi, qolganlarning ro‘yxati quyidagicha: Harrison, Fiorentino, Fredrikson, Heven, Fletcher, Kone, Murhaus, Obi-Martin. Ularning eng kattasining yoshi 19 da. Bu vaqtda esa «Tottenhem»da bir necha futbolchi lazaretdan qaytdi (Vikario va Meddison – boshlang‘ich tarkibda, Udoji, Jonson va Odober – zaxira o‘rindig‘ida).

«Tottenhem» darhol to‘pni o‘z nazoratiga oldi, ammo dastlabki xavfli vaziyatni mehmonlar yaratishdi. 10-daqiqada avvaliga Hoylund yaxshi pozitsiyadan zarba berdi, ammo Vikario to‘pni qaytardi. Hujumning ikkinchi tempida «Tottenhem» darvozaboni Garnachoning ham zarbasini qaytardi, to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Dalotning zarbasini darvoza chizig‘i ustida Devis to‘xtatib qoldi.

«Tottenhem» esa o‘zining ilk imkoniyatidan foydalandi. Bergvallning zarbasidan keyin Onana to‘pni ro‘parasiga tashlab berdi va unga birinchi bo‘lib Meddison yetib keldi va ikki metr masofada hech qanday qarshilikka uchramay darvozani ishg‘ol etdi. 

Bo‘lim o‘rtalarida Garnachoda yana bir qulay imkoniyat yuzaga keldi, ammo uning kuchli zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.

Birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra mehmonlar zarbalar bo‘yicha 8:5 ko‘rinishida ustunlikka erishdi, ammo vaziyatlardan foydalanilmadi. Ikkinchi bo‘limda esa «MYu» ko‘p vaziyat yarata olmadi, yuzaga kelgan kam sonli vaziyatlarda esa hujum chizig‘i vakillariga aniqlik yetishmadi. Qolaversa, Amorim 86-daqiqagacha maydonga yangi kuchlar tashlamasligi raqibning foydasiga ishladi. Endilikda sentabrdan buyon ilk bor qatorasiga ikki o‘yinda g‘alaba qozonishni uddalagan «shporlar» 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi, mankunianlar esa 15-pog‘onaga tushib ketdi. «Yunayted» so‘nggi o‘n ikki o‘yinidan sakkiztasida mag‘lubiyatga uchragan. Bu oraliqda bundan yomonroq ko‘rsatkich faqat xavfli zonadagi «Lester» (9) va «Sauthempton» (10) tomonidan qayd etilgan.

Ispaniya: Antonida 3 o‘yin — 3 MVP

«Espanyol» — «Atletik» 1:1
Gollar:
Fernandes (62) — Sanset (77).
«Espanyol» – Garsiya, Romero, Kabrera, Kumbula, Al Hiloli, Gonsales (Kalero, 67), Losano (Eksposito, 79), Puado (Milya, 89), Kral, Karreras (Roka, 79), Fernandes (Velis, 79).
«Atletik» – Unai Simon, Berchiche, Yyeray Alvares (Paredes, 70), Vivian, Gorosabel (De Markos, 70), Prados (Vesga, 65), Xauregisar, Berenger (N.Uilyams, 65), Sanset, I.Uilyams, Sannadi (Guruseta, 78).
Ogohlantirishlar: Alvares (5), Gonsales (46).

Fevralning ilk kunida «Real»ni mag‘lub etib (1:0) sensatsiya ko‘targan «Espanyol» bu turda kuchli to‘rtlikning yana bir vakili «Atletik»dan ochko oldi. Ernesto Valverde ikkinchi bo‘limda Unai Simonning qo‘pol xatosi tufayli hisobda ortda borishiga to‘g‘ri keldi. Ispaniya milliy jamoasi posboni to‘pdan qutulishda sustkashlikka yo‘l qo‘ydi va Roberto Fernandes podkat bilan to‘pni darvozaga yo‘naltirdi.

Lekin «to‘tiqushlar» jamoasi hisobdagi ustunligini saqlab qololmadi va Niko Uilyams burchakdan oshirgan to‘pni Sanset darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi. Bu vaziyatda uning to‘xtatmay yo‘llagan zarbasi u qadar kuchli chiqmagandi, ammo to‘p mezbonlardan biriga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi. Javob goli muallifi faoliyatidagi eng sermahsul mavsumni o‘tkazmoqda. U 12 gol bilan la ligadagi eng ko‘p gol urgan havbek bo‘lib turibdi, top-5 ligalarda esa faqat ikki ampluadoshidan ortda: 14 tadan gol urgan Palmer («Chelsi») va Mbemodan («Brentford»). Ochko yo‘qotilganiga qaramay basklar jamoasi turnir jadvalidagi o‘rnini saqlab qoldi, beshinchi o‘rindagi «Vilyarreal» ham bu turda «Valensiya»ga qarshi derbida durangga imzo chekkandi (1:1). «Atletik» eng yaqin ta’qibchisidan hamon besh ochkolik farq bilan ketmoqda.

«Betis» — «Real Sosiyedad» 3:0
Gollar:
Antoni (51), Roka (64, 69). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Lo Chelso (33).
«Betis» – Adrian, Rodriges, Lorente, Bartra, Ortis (Ruibal, 75), Kardozo, Lo Chelso (Roka, 46), Rodriges (Chimi Avila, 74), Isko (Roke, 82), Antoni, Ernandes (Bakambu, 73).
«Real Sosiyedad» – Remiro, Munyos (Xavi Lopes, 46), Agerd, Subeldiya, Aramburu (Martin, 59), Serxio Gomes, Suchich (Zaxaryan, 76), Subimendi, Bekker, Oyarsabal (Marin, 59), Mendes (Elustondo, 25).
Ogohlantirishlar: Aramburu (6), Munos (31).
Chetlatish: Subeldiya (20), Bekker (75).

«MYu»da barchaga kulgi bo‘lgan Antonining ishlari Ispaniyada yurishib ketdi. U «Betis»dagi ilk o‘yinidayoq o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi, yakshanba oqshomida «Real Sosedad»da ham g‘alabaga katta hissa qo‘shdi va uchinchi o‘yinda ham eng yaxshi futbolchi uchun sovrinni qabul qilib oldi. O‘yin natijasiga mehmonlar kamchilik bo‘lib o‘ynagani ham sabab bo‘ldi. 20-daqiqada Subeldiya qizil kartochka olgach, Imanola Alguasil jamoasi tanaffusgacha 0:0 hisobini saqlab qoldi, 33-daqiqada Antoni ishlagan penaltini Lo Chelso aniq ijro etolmadi. Ammo ikkinchi bo‘limda braziliyalik vinger barchasini o‘z qo‘liga oldi va hisobni ochdi hamda Rokaga dubl rasmiylashtirishda yordam berdi. Ikkinchi bo‘limda hujumchi Bekker ham chetlatilgach, mehmonlarda o‘yinni qutqarish imkoni qolmadi.

Italiya: «Inter» skudettoni boy bermoqda

«Yuventus» — «Inter» 1:0
Gol:
Konseysau (74).
«Yuventus» – Di Gregorio, Savona (Kambiyazo, 59), Veyga, Gatti, Vea, Tyuram (Lokatelli, 77), Kopmeyners, Gonsales, Makkenni, Fransishku Konseysau (Yildiz, 81), Kolo-Muani.
«Inter» – Zommer, Bastoni (Tyuram, 62), Acherbi, Pavar, Dimarko (Zalevski, 62), Mxitaryan (Korrea, 80), Chalxono‘g‘li (Zelinski, 80), Barella, Dumfris, Torimiy (Karlos Augusto, 62), Martines.
Ogohlantirishlar: Konseysau (52), Barella (90).

«Yuventus» Derbi Italiyada g‘alaba qozondi va «Inter»ga peshqadamlikni qo‘lga olishga xalal berdi. Simone Indzagi jamoasi Turinda g‘alaba qozonganida birinchi o‘ringa chiqib olgan bo‘lardi, endi esa «Napoli»ning ketma-ket duranglaridan foydalana olmadi va ikki ochkolik farq bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.

Turinliklar safida bu safar ham qishki transferlardagi asosiy xarid Kolo Muani o‘zini ko‘rsatdi — fransiyalik hujumchi jarima maydoni chizig‘ida to‘p uchun kurashda ustun keldi va Konseysauni golli pas bilan ta’minladi. Yosh futbolchi esa sovuqqonlik bilan to‘pni Zommerning yonidan o‘tkazdi.

«Inter»ga qarshi oxirgi 6 o‘yinda ilk bor g‘alaba qozongan «Yuventus» endi «Fiorentina»ning ochko yo‘qotishidan foydalanib, o‘tgan yil oktyabridan buyon ilk bor kuchli to‘rtlikka kirib oldi. Jamoa to‘rt uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya qayd etmoqda. 

«Parma» — «Roma» 0:1
Gol:
Sule (33). 
«Parma» – Suzuki, Valeri, Leoni, Volyakko (Kamara, 66), Del Prato, Zom, Bernabe (Ondreyka, 77), Keyta (Almkvist, 46), Kancheleri (Lovik, 66), Bonni, Man (Balog, 35).
«Roma» – Svilar, Ndika, Manchini (Nelsson, 46), Chelik, Saloh-Eddin (Anxelino, 77), Kone (Pellegrini, 46), Paredes, Gurna-Duat, Salemakers (Baldanzi, 65), Shomurodov, Sule.
Ogohlantirishlar: Sule (34), Pellegrini (55), Garna-Duat (63), Balog (82), Almkvist (85). 
Chetlatish: Leoni (31).

Turnir jadvali autsayderiga qarshi o‘yinda «Roma» mag‘lubiyatsiz seriyasini (9) davom ettirdi, mavsumning birinchi qismini muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan rimliklar ichki chempionatda dekabr o‘rtalaridan buyon yutqazmayapti. O‘tgan yil noyabrida jamoaga qaytgan Klaudio Raniyeri esa o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovga ishonch bildirishda davom etmoqda. Eldor esa 31-daqiqada raqibning kamchilikda qolishiga sabab bo‘lgan hujumda qatnashdi. U jamoadoshi Suleni birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi va raqib himoyachisi argentinalik futbolchini yiqitib, qizil kartochka oldi. Belgilangan jarima zarbasi ham golga aylandi. Shomurodov 90 daqiqa davomida maydonda qoldi va jamoasi safidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. 

Germaniya: faqat «Ayntraxt»da g‘alaba

«Ayntraxt» F – «Holshtayn Kil» 3:1
Gollar:
1:0 – 18 Larsson, 2:0 – 37 Tuta, 3:0 – 60 Uzun, 3:1 – 73 Porat.
«Ayntraxt» F – Trapp, Teate, Tuta, Kollinz, Uzun (Vai, 71), Getse, Braun (Nkunku, 71), Xeylund (Daud, 50), Larsson, Kristensen, Ekitik (Baoyya, 90+1).
«Holshtayn Kil» – Dene, Komenda (Knudsen, 82), Zets, Nekich (Ivejich, 72), Remberg, Holtbi (Kelati, 59), Gigovich, Porat, Bekker (Yavorchek, 46), Arp, Harres (Matino, 59).
Ogohlantirishlar: Daud (62), Kristensen (85).

Juma kuni turning ilk o‘yinida «Leypsig» «Augsburg»ni yenga olmagandi (0:0). Shanba kuni «Bayyer» va «Bavariya» o‘yinida ham hisob ochilmagandi, shunday ekan kuchli to‘rtlikning bu turda g‘alaba qozongan yagon vakili «Ayntraxt» bo‘ldi. Lekin «Holshtayn»ga qarshi o‘yinda «burgutlar»ning eng yaxshi to‘purari Ekitikening omadi kelmadi. Birinchi bo‘limda fransuz hujumchisi penaltidan foydalana olmadi. Keyin esa qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurdi, bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda nihoyat darvozani ishg‘ol etganida, VAR vaziyatga aralashib, hujum davomidagi ofsayd holati tufayli golni bekor qildi. Lekin frankfurtliklarning boshqa futbolchilarining ishi yurishdi, so‘nggi uch turda ikkinchi golini urgan 19 yoshli Jan Uzun «Manchester Siti»ga ketgan Marmushning o‘rnini bilintirmayapti. Dino Toppmeller jamoasi beshinchi o‘rindagi «Frayburg» bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazib, uchinchi o‘rinni mustahkamladi.

Kun statistikasi

  • «Fenerbahche» Turkiya chempionatida qatorasiga 7 g‘alabaga erishdi. Joze Mourinio uchun bu 2012 yildan buyon eng yaxshi seriya, o‘shanda portugaliyalik mutaxassis la ligada «Real» boshqaruvida shunday ko‘rsatkich qayd etgandi.
  • «Liverpul» hujumchisi Saloh «Enfild»da APL o‘yinlari doirasidagi gollari sonini 101 taga yetkazdi. Bir stadiondagi aniq zarbalar soni bo‘yicha misrlik futbolchi Ueyn Runi («MYu» safida «Old Trafford»da) bilan tenglashib oldi. U ikki futbolchini — Tiyerri Anri («Arsenal» safida «Emireyts»da, 114 gol) va Serxio Agueroni («Manchester Siti» safida «Etihad»da, 106) ortda qoldirdi.
  • «Ayaks» yarimhimoyachisi Berghays Niderlandiya chempionatida 206 (115+91) samarali ball ishladi. «Feyyenoord»ning sobiq sardori Dirk Kyuytni ortda qoldirib, XXI asrda Erediviziyadagi eng foydali futbolchilar ro‘yxatida uchinchi o‘ringa chiqdi. Undan yuqorida faqat PSV faxriysi Lyuk de Yong (271) va «Ayaks»dan Turkiyaga ketgan Dushan Tadich (254) joylashgan.
  • Himoyachi Aleksander-Arnold «Liverpul» safida 250-o‘yinini o‘tkazdi. U 26 yosh-u 132 kunligida bu natijaga rekord darajadagi erta yoshda erishib, Stiven Jyerrardning 19 yil davomida saqlanib turgan natijasini yaxshiladi.

Mavzuga oid