Shavkat Mirziyoyev Kuvaytning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
Xususan, O‘zbekiston prezidenti Fouad Alghanim & Sons, Agility Logistics va Kamco Invest kabi yirik kompaniyalar rahbarlarini qabul qildi, uchrashular davomida qator kelishuvlarga erishildi.
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Kuvaytda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev Fouad Alghanim & Sons kompaniyasi rahbari Fadi Xaddadni qabul qildi.
1965 yilda tashkil etilgan xolding avtomobilsozlik, qurilish, energetika, neft-gaz, savdo, kema qurilishi, aviatsiya, telekommunikatsiya, turizm va ko‘chmas mulk sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Fouad Alghanim & Sons kompaniyasining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sog‘liqni saqlash va ta’lim obektlarini qurish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Agility Logistics kompaniyasi raisi Xenadi al-Solih bilan o‘tkazilgan uchrashuvda esa Ko‘rfaz mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini samarali yetkazib berish uchun O‘zbekistonda qo‘shma logistika markazini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihaga alohida e’tibor qaratildi.
1979 yilda tashkil etilgan transmilliy logistika kompaniyasi bu sohada dunyoning eng yirik korxonalaridan bo‘lib, 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Aviatsiya xizmatlari, sanoat omborlari, logistika parklari, xizmatlarni raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda ish olib bormoqda.
Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Action Group Holdings kompaniyasi rahbari Shayx Muborak as-Sabohni qabul qildi. Davlat rahbari Action Group Holdings kompaniyasining O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, mineral resurslarni qayta ishlash bo‘yicha rejalarini ma’qulladi.
Kamco Invest kompaniyasi rahbari Abdulloh al-Sharix bilan uchrashuvda esa xususiy kompaniyalarning korporativ faoliyati samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish hamda Qo‘shma investitsiya platformasii yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
1998 yilda tashkil etilgan Kamco Invest moliyaviy kompaniyasi aktivlarni boshqarish, investitsion banking va brokerlik sohasida xizmatlar ko‘rsatadi. BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Buyuk Britaniyada vakolatxonalari mavjud.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Al Imtiaz Investment Group kompaniyasi boshqaruvi a’zosi va ijrochi direktori Fuzi Xolid bin Essa bilan uchrashdi. Kuvayt kompaniyasining oziq-ovqat yetishtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ko‘chmas mulk obektlarini qurish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘ziga ajratilgan qarorgohda Kuwait Investment Company kompaniyasi bosh ijrochi direktori Favoz al-Ahmadni qabul qildi. Uchrashuvda ta’lim, infratuzilma, agrosanoat, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Gulf Care General Trading kompaniyasi rahbari doktor Iyad as-Solih bilan uchrashuvda esa ushbu kompaniyaning O‘zbekiston hududlarida tibbiy xizmat ko‘rsatish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Mavzuga oid

20:14 / 10.03.2025
Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni davlat tashrifi bilan Fransiyaga boradi

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025