«Trampning eksperimentlari qanday yakunlanishi mavhum» – Kamoliddin Rabbimov
AQSh tashqi siyosati butunlay demontaj qilinadimi?
Trampning qarashlari va uslublari Amerikaning an’anaviy siyosiy elitasinikidan farq qiladi, u moddiy manfaatlarni ustun qo‘yib, xalqaro huquq va an’anaviy diplomatiyani ikkinchi darajaga tushirmoqda.
AQShning global yetakchiligini zaiflashtirish yoki kuchaytirish borasida ekspertlar turlicha fikrda, biroq Trampning harakatlari Yevropa, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi aniq.
«Geosiyosat» loyihasida mehmon bo‘lgan siyosatshunoslar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Tramp nima uchun AQShni global qudrat taxtidan tushiryapti?
— Kamoliddin Rabbimov: Amerikaning asoschi otalari AQShni milliy federal davlat sifatida shakllantirgan. Ya’ni Amerikaning dunyo ishlariga aralashuvi Birinchi jahon urushidan keyin, dunyo hokimiyatiga kelishi esa Ikkinchi jahon urushidan keyin, shuningdek, dunyoda to‘liq monopolistik qudratni shakllantirishi – sovet ittifoqi qulaganidan keyin yuz bergan edi.
Insoniyat paydo bo‘lgandan beri dunyoni boshqargan imperiyalar, qudratli davlatlar har doim Yevrosiyo qit’asida bo‘lgan, masalan, Napoleon, Iskandar Zulqarnayn, Amir Temur va Chingizxonlar shular jumlasidan. 1990-yillardan keyin insoniyat tarixida birinchi marta dunyoni boshqarib turgan poytaxt boshqa qit’aga, ya’ni Shimoliy Amerikaga ko‘chgan.
Donald Tramp siyosiy elita tomonidan qabul qilinmaydi. Jumladan, respublikachilar ham noilojlikdan u bilan ishlamoqda, chunki Amerikaning demokratik o‘yin qoidasiga ko‘ra, aynan u hokimiyat tepasiga keldi. Uning ikkinchi marta prezidentlikka saylanishini hech kim kutmagandi. Bu amerikaliklarning global siyosatdan charchaganini bildiradi, ular AQShning dunyo siyosatiga aralashishi va trillionlab dollar pul ajratishi natijasida ichki ishlar qolib ketyapti deb hisoblashmoqda. Shuning uchun ham Bayden hokimiyatga kelganda Amerikaning ichki infrastrukturasi uchun 2-3 trillion dollar mablag‘ ajratgan edi.
Amerikaning hozirgacha shakllangan imperiyasi uchun Trampning mazkur eksperimenti nima bilan tugashini taxmin qilish nihoyatda qiyin. Lekin bu shakllangan munosabatlarga katta zarba beradi, bu juda ham katta demontaj. Agar Amerika global o‘yinlarda yetakchilik modelidan voz kechsa, yangi model qanday bo‘lishini ham bilmaymiz. Amerika to‘liq uyga qaytadimi?
Hozirda USAID tark etayotgan hududlarda Xitoy o‘zi moliyalashtirishni taklif qilmoqda. Bu holatdan Putin ham juda xursand, uning matbuot kotibi Peskov ham Trampga nisbatan chuqur hurmat bilan murojaat qilmoqda. Donald Tramp prezidentlikka qadar biror daqiqa davlat ishlariga aralashmagan yoki armiyada xizmat qilmagan va mamlakat tarixida bunday tarzda hokimiyat tepasiga kelgan yagona davlat rahbari hisoblanadi. Shu paytgacha saylangan prezidentlar, gubernator, vazir va u yoki bu siyosatchilar bo‘lgan. Tramp esa hokimiyat tepasiga kelib aynan ular shu vaqtgacha shakllantirgan o‘yin qoidasini inkor qilyapti.
— Shuhrat Rasulov: Trampning Amerikada o‘zidan oldin saylangan prezidentlardan asosiy farqi shundaki, Tramp siyosiy o‘lchamlar bilan fikrlamaydi va ularni tushunmaydi, xalqaro huquq normalarini hisobga olmaydi va ularni ham tushunmaydi, shuningdek, u uchun eng muhim narsa moddiy manfaatlar hisoblanadi. Mana shu uchta jihat Trampni boshqa prezidentlardan farqlab turadi. To‘rt yildan keyin Amerikaning kelgusi liderlari ushbu mayoqni qayta tiklash uchun katta siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy kuch sarflashiga to‘g‘ri keladi.
Tramp hozirda ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Tramp o‘zining harakatlarini iqtisodiy islohot deb atab davlat mashinasini buzishga kirishdi. Bu islohotlar esa o‘z navbatida Amerikaga juda qimmatga tushishi mumkin.
— Kamoliddin Rabbimov: Hattoki Tramp hokimiyatdan ketgandan keyin ham uning tarafdorlari hokimiyatda qolishi ehtimoli bor. Amerika qonuniga ko‘ra, prezident bo‘ladigan shaxs faqat Amerika tuprog‘ida tug‘ilgan bo‘lishi kerak. Ilon Mask Janubiy Afrika Respublikasida tug‘ilgan va u Janubiy Afrikaga qarshi urush e’lon qildi. Uning prezident bo‘lish borasida o‘z ambitsiyalari bor va u mamlakat prezidentiga aylanish orqali Amerika qonunchiligini o‘zgartirmoqchi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp hokimiyatdan ketganidan keyin uning tarafdorlari bo‘lgan Ilon Mask, Marko Rubio va boshqalar prezidentlikka yangi nomzodlar bo‘lishi mumkin.
— Oybek Sirojov: Trampning maqsadi Amerikaning global qudratini tushirish emas, balki uni yanada kuchaytirishdir. U bu yo‘lda Amerika uchun urf bo‘lmagan qadriyatlar va uslublardan foydalanishi atrofdagilarga biroz erish tuyulyapti xolos. Agar sog‘lom raqobat haqida gapiradigan bo‘lsak, ekspertlar 2030-2035 yillarga borib, Xitoy Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘zib ketishini taxmin qilishgan edi. Tramp ma’muriyati Xitoyni cheklash uchun o‘ziga xos usullardan foydalanmoqda. Mana shunday yondashuvlarning har biri Amerikaning global qudratini ta’minlashga qaratilgan.
Ko‘plab ekspertlar ta’kidlaganidek, uning olib borayotgan siyosati qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Yana bu yerda bitta muhim jihat bor va bu Rossiya hamda Xitoy ittifoqi. Bugun Amerikaning mana shunday siyosatidan Rossiya va Xitoy ittifoq shakllantirish orqali samarali foydalana olishi yoki aksi bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, hozirda Trampning asl reja va maqsadlari barcha uchun mavhum hisoblanadi.
— Abduvali Soyibnazarov: Pentagonning yangi rahbari ta’kidlaganidek, Amerika o‘z manfaatlarini cheklash emas, balki yanada yoyish, faqat izolyatsionizmga asoslanish emas, balki yangicha yondashuv asosida Xitoy bilan Rossiya o‘rtasini sovitish, ya’ni ularni ayirish va ittifoqchi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zlagan, chunki Xitoy AQShning global yetakchiligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri. Qolaversa, BRIKSga o‘xshagan davlatlar birikmasi paydo bo‘ldi va AQSh global janubning birikib, uning ta’sir doirasini cheklashiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda.
AQSh va Yevropaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi nomutanosiblashdimi?
— Kamoliddin Rabbimov: Aslini olganda ularning pozitsiyasi oldindan bir xil bo‘lmagan, hozir esa Rossiya bilan qarama-qarshilikda Amerika va Yevropa o‘zaro kelishmovchilikka duch kelmoqda. Yevropa ittifoqida ikkita muhim davlat bor, bular Fransiya va Germaniya.
Fransiya azaldan anglo-saksonlarga ishonmagan va AQShni ham, Britaniyani ham masofada ushlash pozitsiyasida bo‘lgan va bu pozitsiyasini hozirgacha saqlab qolgan. Fransiya rahbariyati vaqti-vaqti bilan Amerikaga emas, o‘ziga ishonish lozimligini ta’kidlab, NATOning ayrim harbiy loyihalarini tark etgan yillari ham bo‘lgan.
Donald Tramp kelishi bilan bu bo‘linish yanada kuchaydi, bugun NATOda ikki qutb emas, balki 3-4 ta qutb paydo bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Kecha Tramp avval Putin bilan 1,5 soat gaplashgan, so‘ngra Zelenskiy bilan esa ancha qisqa suhbatlashgan. Hozir Zelenskiy murakkab ahvolda, chunki Tramp bilan to‘qnashishni istamaydi. Uning komandasi Ukrainani himoya qilish uchun diplomatik vositalarni qo‘llamoqda. Ta’kidlanganidek, Tramp kuchli shaxslar bilan gaplashishni ma’qul ko‘radi. Ammo keyingi kuni uning pozitsiyasi yumshay boshladi.
Mavzuga oid

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

21:10 / 10.03.2025
AQSh Zelenskiyni yiqitmoqchimi?

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

19:40 / 10.03.2025