O‘zbekiston | 21:03 / 14.02.2025
3758
5 daqiqa o‘qiladi

14 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Yoshlar bilan uchrashgan prezident, yopiq qolayotgan metan quyish shoxobchalari, Sirdaryoda o‘qituvchiga tarsaki tushirgan ona va avtomatik tayinlanadigan pensiyalar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Sirdaryoda maktabda o‘qituvchiga tarsaki tushirildi

Sirdaryo tumanidagi 1-sonli maktabda o‘quvchilar ko‘z o‘ngida bir ayol o‘qituvchiga tarsaki tushirgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘quvchilardan birining onasi bo‘lib, o‘qituvchining bo‘ynidan ushlab, uni maktabda ishlashga noloyiq hisoblab, sinfdan chiqib ketishga majbur qilgan.

Tarmoq foydalanuvchilarining da’vo qilishicha, o‘qituvchi o‘quvchilardan birini urishgan, shundan so‘ng uning onasi maktabga kelib, janjallashib, o‘qituvchiga tarsaki urgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu holat vazirlik nazoratiga olinganini ma’lum qildi. Hozirda hodisa yuzasidan maxsus ishchi guruh tekshiruv o‘tkazmoqda.

Bu voqeadan bir kun avval Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva prezident farmoniga ko‘ra «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangani ma’lum qilingan edi.

Metan yana taqchillashadi

O‘zenergoinspeksiya 9-12 fevral kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida metan shoxobchalarga gaz yetkazib berish vaqtincha qisqartirilganini ma’lum qildi. O‘zenergoinspeksiya qisqarishga “havo haroratining keskin sovib ketishi”ni sabab qilib ko‘rsatgan.

Poytaxt Toshkent shahrida so‘nggi 4 kundan buyon, vodiy viloyatlarida 2025 yilning dastlabki haftasidan buyon shoxobchalarda metan gazi sotilmayapti. Oqibatda benzin shoxobchalarida uzundan uzoq navbatlar hosil bo‘lgan, ko‘chalarda yo‘lkira narxi ko‘tarilgan.

Avvalroq, 10 fevral kuni Buxoro viloyatidan o‘tgan magistral gaz quvurida avariya ro‘y bergan edi. Energetika vazirligi shu kuni yong‘in to‘liq o‘chirilganini ma’lum qilgan edi. Biroq «O‘ztransgaz» avariya oqibatlari to‘liq bartaraf etilgani haqida hozirgacha aniq xabar berganicha yo‘q.

O‘zenergoinspeksiya axborotida “havo keskin sovib ketgan davrlarda” tabiiy gaz birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlariga yetkaziladi, gaz quvurlari va qurilmalaridagi bosim me’yor darajasiga ko‘tarilganidan so‘nggina bosqichma-bosqich shoxobchalarga ham to‘liq yetkazib berilishi belgilangani» aytilmoqda.

O‘zbekistonda pensiya avtomatik tarzda tayinlanadi

Deputatlar pensiyani proaktiv tarzda tayinlash tizimiga o‘tish bo‘yicha qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan boshlab fuqarolar pensiya yoshiga yetganda ariza topshirishi shart bo‘lmaydi, jarayon avtomatlashtiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, bu har yili 250 mingga yaqin kishining Pensiya jamg‘armasi va davlat xizmatlari markazlariga borish zaruratini bartaraf etadi. Shuningdek, fuqarolarga pensiya tayinlanishi yoki hujjatlar taqdim etish zarurligi haqida SMS-xabarnoma yuborish tartibi ham joriy etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelayotgani, 2030 yilga borib bu raqam 1 million nafarga yetishi kutilayotgani ta’kidlandi.

Shu bois, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 3 ta muhim qaror qabul qilindi.

Birinchidan, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar ajratildi. Ikkinchidan, oliygoh bitiruvchilarining bandligini ta’minlash uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs ajratildi. Uchinchi qarorga ko‘ra, Aloqabank 200 million dollar mablag‘ bilan yoshlar biznesini qo‘llab-quvvatlovchi «yoshlar banki»ga aylantiriladi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va kichik biznes egalariga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 100 mln so‘mgacha mikroqarzlar ajratiladi. Xotin-qizlar tadbirkorligi uchun bank kreditlarining kamida 30 foizi yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston va Tojikiston rasman ittifoqchi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi.

Ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilishi haqidagi kelishuv 2024 yil aprel oyida Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega rasmiy tashrifi davomida e’lon qilingan edi.

Prezident Imomali Rahmon bilan uchrashuvda bu kelishuv ikki davlat aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlangan.

Mavzuga oid