Tramp Grenlandiyani egallab olish bilan tahdid solmoqda. Daniya urushga tayyormi?
Yoki grenlandiyaliklarning o‘zi Amerikaning 51-shtati bo‘lishni xohlaydimi?

Bo Amstrup / Ritzau Scanpix / AFP / Scanpix / LETA
Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishni juda istamoqda. U orolni sotib olishga tayyor va hatto harbiy bosib olish variantlarini ham istisno qilmayapti. Daniya rasmiylari taklifni bir necha bor rad etdi, shu bilan birga mudofaa xarajatlarini oshirib, Yevropa davlatlari qo‘llovini izlamoqda.
«Meduza» nashri Daniya qurolli to‘qnashuvga tayyormi va grenlandiyaliklar bu borada qanday fikrda ekanini tahlil qildi.
Tramp yana bir bor Grenlandiyani sotib olish istagini bildirdi. Rad javobi uni g‘azablantirdi. Daniya esa buning ortidan mudofaasini kuchaytirdi
«Undan qaytish mumkin emas edi. Bu sovuq dushga o‘xshardi. […] Menimcha, vaziyat jiddiy va potensial jihatdan juda xavfli», — deya sharhlagan Financial Times nashri manbasi AQSh prezidenti Donald Tramp va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen o‘rtasidagi telefon suhbati yuzasidan.
45 daqiqa davom etgan muloqot mavzusi Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish masalasi bo‘lgan. FT manbalariga ko‘ra, u «juda yomon» o‘tgan. Manbalar garchi Frederiksen harbiy bazalar va tabiiy resurslar qazib olish borasida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilgan bo‘lsa ham, Tramp «tajovuzkor» va «ziddiyat tayyor kayfiyatda» bo‘lganini aytishgan.
Daniya bosh vaziri ofisi «bu muloqot yuzasidan anonim manbalar keltirgan izohlar»ni tasdiqlamadi. Biroq, muloqotdan ko‘p o‘tmay Daniya Grenlandiya mudofaasi uchun xarajatlarni oshirishga shoshildi – Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen esa, bu qaror oxirgi voqealar bilan bog‘liq emasligini aytdi. U buni hatto «taqdirning hazili» deb atadi.
Bu Trampning Grenlandiyani sotib olishga birinchi urinishi emas. Qisqa tarix
Grenlandiyani sotib olish haqidagi dastlabki gap-so‘zlar Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2019 yil avgust oyida paydo bo‘lgan. O‘shanda u orol uchun har yili 600 million dollar to‘lashni taklif qilgan. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bu g‘oyani «absurd» deb atagan va «Grenlandiya sotiladigan narsa emas, u Daniyaniki ham emas, balki grenlandiyaliklarning o‘z mulki», deb ta’kidlagan.
Bu rad javobidan so‘ng, AQSh prezidenti Kopenhagenga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Bir necha oy o‘tib esa, Grenlandiya poytaxti Nuuk shahrida 1953 yildan beri yopiq bo‘lgan AQSh konsulligi qayta ochildi.
Shundan so‘ng, vaziyat barqarorlashgandek tuyulgandi. Frederiksen Trampning taklifi jiddiy emasligiga umid bildirgan: «Xayriyatki, davlatlar va xalqlarni sotish yoki sotib olish mumkin bo‘lgan davrlar o‘tdi. Shu hazilni ham o‘sha yerda qoldiraylik».
Biroq, oradan besh yil o‘tib, Tramp o‘z fikridan qaytmaganini va bu masalaga jiddiy yondashishini aniq ko‘rsatmoqda.
Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen tan olishicha, uzoq yillar davomida Kopenhagen mudofaa xarajatlarini qisqartirib kelgan va Grenlandiya himoyasi uchun kerakli harbiy kemalar va samolyotlarni yetarlicha sotib olmagan. Hozirda esa bu vaziyatni o‘zgartirishmoqchi.
Hukumat uchta yangi arktik patrul kemasini xarid qilish va it qo‘shilgan aravalardan foydalanadigan arktik razvedka va patrul bo‘linmalari sonini oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Arktika va Shimoliy Atlantikada kuzatuv va razvedka tizimini rivojlantirish uchun 400 million dollar ajratildi. Bu mablag‘ uzoq masofaga ucha oladigan ikkita yangi dron xaridiga ham yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, 27 yanvar kuni Kopenhagen Grenlandiya va Farer orollari bilan yangi mudofaa kelishuviga imzo chekdi va Arktikadagi harbiy mavjudlikni kuchaytirish uchun 14,6 milliard dat kroni (2,1 milliard dollar) ajratishini e’lon qildi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili Daniya o‘n yillik mudofaa xarajatlari uchun 26 milliard dollar ajratgandi (bu yiliga 2,6 milliard degani). Shuningdek, bu mablag‘ning faqat bir qismigina Arktikaga sarflanishi rejalashtirilgandi.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, bu mudofaa kuchaytirish rejasi oldindan muhokama qilingan va uni Trampning so‘zlariga javob sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Daniya o‘zini himoya qila olmaydi, Yevropa esa ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda
Mudofaa xarajatlarini oshirish — Daniya hukumati ko‘rayotgan choralardan biri xolos. Bundan tashqari, Kopenhagen tashqi ko‘mak topishga urinayotgani ham ayon. 28 yanvar kuni bosh vazir Mette Frederiksen bir kunda Yevropadagi uchta poytaxt shaharga tashrif buyurib, «kuchliroq va qat’iyroq Yevropa» haqida so‘z yuritdi hamda xavfsizlik uchun ko‘proq javobgarlikni o‘z zimmasiga olish zarurligini ta’kidladi.
Yevropa siyosatchilari Daniya bosh vazirini qo‘llab-quvvatladi. Germaniya kansleri Olaf Shols «chegaralar zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgarmaydi» va «Yevropa birlashgan holda harakat qiladi» deb ta’kidladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa «Yevropa davlatlari AQSh bilan hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tishini tushunib yetdi», deb fikr bildirgan.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham alyans a’zolari Arktika mudofaasini mustahkamlashi kerakligini tasdiqladi. Ammo eng keskin bayonot Avstriya generali va Yevropa Ittifoqi harbiy qo‘mitasi raisi Robert Briger tomonidan berildi. U Grenlandiyaga Yevroittifoq qo‘shinlarini jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etgan. Shu bilan birga, uning fikriga ko‘ra, bu kuchlar u yerda AQSh harbiylari o‘rniga emas, balki ular bilan birgalikda joylashtirilishi kerak.
3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen yana bir bor Grenlandiya «bizga tegishli va sotilmaydi» deb ta’kidladi. Shuningdek, u Yevropa davlatlarini Donald Trampning tahdidlariga qattiq javob qaytarishga chaqirdi.
Biroq, Daniya hukumati AQSh bilan ochiq mojaroga kirishishni istamayapti. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Kopenhagen o‘zining Yevroittifoq va NATOdagi ittifoqchilaridan ehtiyotkor bo‘lishni so‘ragan. Sabab aniq: Daniya Xalqaro munosabatlar instituti yetakchi tadqiqotchisi Ulrik Pram Gadning TV2 telekanaliga bildirishicha, Daniya nafaqat Grenlandiyani, balki o‘z hududini ham mustaqil himoya qila olmaydi.
Daniya va AQSh rasmiylari o‘rtasida diplomatik muloqot saqlanib qolmoqda. 24 yanvar kuni Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni tasdiqladi.
Bir hafta o‘tib, Rasmussen Rubio bergan intervyuga izoh berarkan, AQShning ayrim manfaatlari Daniya manfaatlari bilan to‘liq mos kelishini ta’kidladi. Bosh vazir Mette Frederiksen ham Arktika mudofaa va xavfsizlik nuqtayi nazaridan tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh prezidenti Donald Trampning Arktikadagi Xitoy va Rossiya tahdidlariga doir xavotirlarini jiddiy qabul qilayotganini namoyon etish taktikasini qo‘llamoqda. Uning ta’kidlashicha, agar asosiy maqsad mintaqa xavfsizligini ta’minlash bo‘lsa, buni amalga oshirishning munosib yo‘llari mavjud:
«Agar maqsad dunyoning o‘zimiz tomondagi qismi xavfsizligini ta’minlash bo‘lsa, biz bunga erishish yo‘llarini topa olamiz», — deydi Frederiksen.
Daniya Mudofaa akademiyasi mayori Steyen Kergor ham Trampning bu mavzuni ko‘tarishi Daniyaga Grenlandiyadagi harbiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun bosim o‘tkazishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Grenlandiyaliklarning o‘zi qanday fikrda?
Grenlandiya aholisi AQShning 51-shtatiga aylanish g‘oyasini rad etmoqda: so‘ralganlarning 85 foizi bu taklifga qarshi, 55 foizi esa Daniya fuqaroligini saqlab qolishni ma’qul ko‘radi. Shunga qaramay, 45 foiz respondentlar Trampning orolga qiziqishi yangi iqtisodiy imkoniyatlar olib kelishi mumkinligi, 43 foizi esa bundan xavotirda ekanini bildirgan.
Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede bu vaziyatda ehtiyotkorlikka chaqirib, AQSh bilan hamkorlikka tayyorligi, lekin Grenlandiyaning bosh maqsadi – to‘liq mustaqillikka erishish ekanini ta’kidladi. Orolning boshqa siyosiy kuchlari ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.
Biroq, ba’zi ekspertlar hukumat harakatlarini tanqid qilmoqda. Grenlandiya Munitsipalitetlar uyushmasi sobiq rahbari Marta Labansen hukumatning vaziyat haqida ochiq gapirmasligini «demokratik mamlakat uchun sharmandalik» deb atadi. Grenlandiyadagi o‘zini o‘zi boshqaruvchi organlarning sobiq rahbari Kay Kleyst bosh vazir Mute Egedaning pozitsiyasi aholi o‘rtasida «Grenlandiyani oxir-oqibat kim nazorat qiladi: AQShmi yoki Daniya?» degan savolni paydo qilayotganini aytdi.
Hukumatdagi koalitsiyani tashkil etgan «Xalq birligi» partiyasi asoschisi Akkaluk Linge bunday ehtiyotkorlikni tabiiy deb hisoblaydi. Uning fikricha, Grenlandiya tarixida birinchi marta «orolning mavjudligi masala ostida qolgan» vaziyat yuzaga kelgan.
Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede va uning koalitsiyasi Trampning bosimiga keskin javob qaytarishdan tiyilmoqda. Bunga sabab – ikki oydan so‘ng o‘tkaziladigan parlament saylovlari. Tashqi aralashuvning oldini olish uchun 3 fevral kuni hukumat parlamentga maxsus qonun loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, siyosiy partiyalarga xorijiy yoki anonim homiylardan mablag‘ olish taqiqlanadi, shuningdek, xususiy xayriya mablag‘lari 200 ming dat kroni (taxminan 27 700 dollar) bilan cheklanadi. Har bir donor esa 20 ming krondan ortiq xayriya qilolmaydi.
Ayni paytda Grenlandiya ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari aholini ortiqcha xavotirga tushmaslikka chaqirmoqda. «Bunday vaqtda asosiysi – xotirjamlikni saqlash. Chuqur nafas oling va real bo‘lmagan ssenariylarga berilib ketmang», deydi psixolog Niina Isaksen Sermitsiaq gazetasiga intervyusida. Biroq, u aynan qaysi ssenariylar real va qaysilari fantastika ekanini aniqlashtirmagan.
Mavzuga oid

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida

20:41 / 07.03.2025